Xorazmda yangi islohotlar yangicha ruhda amalga oshirilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 2020-yilning 12-mart kuni Xorazm viloyatiga keldi.
Davlatimiz rahbari dastlab “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan boʻyalgan trikotaj mato va tekstil mahsulotlari ishlab chiqariladigan “Develop Textile” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona faoliyati bilan tanishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi “Urgut”, “Gʻijduvon”, “Qoʻqon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2017-yil 7-avgustdagi “Erkin iqtisodiy zonalar samarali faoliyat koʻrsatishi uchun vazirliklar, idoralar va joylardagi davlat hokimiyati organlarini muvofiqlashtirishni kuchaytirish va ularning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Xorazm viloyatida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz 2017-yil 14-15-oktyabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yana-da rivojlantirish loyihalari taqdimoti bilan tanishib, hudud iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha aniq topshiriqlar bergan edi. Ayni kunda ushbu yoʻnalishda keng qamrovli amaliy ishlar jadal olib borilmoqda.
“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi uchun Hazorasp tumanining 2 ta hududidan 325 gektar boʻsh yer maydoni ajratib berilgan edi. Qurilish va infratuzilma tarmoqlari barpo etish xarajatlarini kamaytirish maqsadida EIZ korxonalarini birinchi navbatda boʻsh turgan bino va inshootlar negizida joylashtirish boʻyicha takliflar oʻrganilib, yana 7 ta hududdan 89 gektar maydon erkin iqtisodiy zona hududiga qoʻshib berildi. Natijada “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududi Bogʻot, Xiva, Urganch tumanlaridan ajratilgan maydonlar hisobiga kengayib, jami 414 gektarga yetdi.
Bugungi kunda “Hazorasp” EIZda umumiy qiymati 306,3 million dollarlik 19 loyiha boʻyicha ish olib borilmoqda. Oʻtgan davr mobaynida oʻndan ortiq loyiha toʻliq ishga tushirildi va sendvich panellar, yuvish vositalari, avtomobil radiatorlari, qurilish materiallari, tayyor trikotaj mahsulotlari, quyosh batareyalari, sterillangan bir martalik tibbiyot qoʻlqoplari va poyafzal ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, qiymati 19,5 million dollarga teng 5 ta loyiha joriy yilning birinchi yarmida ishga tushiriladi va yana 500 dan ortiq kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻladi. Tibbiyot test tayoqchalari, maishiy texnikalar uchun elektr dvigatellar, jomadonlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi. Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonada 9 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan. Mazkur loyihalar amalga oshirilishi hisobiga 1500 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi.
Erkin iqtisodiy zona hududida alohida bojxona rejimi, soliq imtiyozlarining amal qilishi hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalarni jalb qilishda muhim omil boʻlmoqda.
“Develop Textile” MCHJ shaklidagi xorijiy korxona erkin iqtisodiy zona hududidagi istiqbolli loyihalardan biri. Bugungi kunda loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq qurilish ishlari yakunlangan. Keng, yorugʻ sexlar, omborxona va boshqa qoʻshimcha xonalar barpo etilgan. Ishchilarning unumli mehnat qilishi va dam olishi uchun zarur qulayliklar yaratilgan. Xorijdan keltirilgan zamonaviy tikuvchilik dastgohlari oʻrnatilgan.
Yirik loyihani ishga tushirish uchun 13,14 million dollar mablagʻ sarflandi. Uning 4,16 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya, 8,98 million dollari tijorat bankining kredit mablagʻidir.
Davlatimiz rahbari mazkur korxonada boʻlib, mutaxassislar va tikuvchilar bilan suhbatlashdi. Ishlab chiqarish jarayoni va tayyor mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi. Prezidentimiz bu kabi zamonaviy korxonalarni koʻpaytirish orqali paxta xomashyosini qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish, endilikda faqat tayyor mahsulot eksport qilish zarurligini qayd etdi.
Loyiha ishga tushirilishi bilan 800 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi. Korxona yiliga 4 ming tonna har xil turdagi boʻyalgan choksiz tayyor trikotaj mato, 14 million dona trikotaj-tikuv mahsulotlari ishlab chiqarib, 12 million dollarlik mahsulotni Germaniya, Fransiya va Yevropaning boshqa davlatlariga eksport qilishni rejalashtirgan.
“Hazorasp” EIZ keng imkoniyatlar maydoni boʻlib, hududda ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, pirovardida aholini barqaror daromad manbai bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Bu esa milliy iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini taʼminlashga munosib hissa boʻlib qoʻshiladi.
Shu yerda Xorazm viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, tashkil etiladigan ishlab chiqarish hududlarining joylashuvi, infratuzilmani rivojlantirish, avtomobil yoʻllarini qayta qurish va rekonstruksiya qilish, ichimlik suvi taʼminoti tizimini yaxshilash, kambagʻallikni kamaytirish va boshqa loyihalar haqida ham maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari koʻp yillik loyihalar tuzishdan voz kechib, qisqa muddatli, samarali, bir yillik loyihalarni koʻpaytirish lozimligini taʼkidladi.
Shavkat Mirziyoyev Yangiariq tumanidagi “Global Food Impeks” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan zamonaviy issiqxonani koʻzdan kechirdi.
“Global Food impeks” MCHJga 23 gektar yer ajratilgan. Hozirda tumandagi 10 gektarlik va Nukus shahridagi 3 gektarlik issiqxonada pomidor va bodring yetishtirilmoqda. Yangiariqda qurilayotgan 10 gektarlik issiqxonani esa joriy yil sentyabr oyiga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu yerda qulupnay, gul va koʻchatlar yetishtiriladi.
Prezidentimiz tashrif buyurgan issiqxonada yiliga 3 ming tonnadan ziyod bodring va 2 ming tonna pomidor yetishtiriladi. Pomidorning Niderlandiyadan keltirilgan navi ekilgan. Bu nav “Yusupov” naviga oʻxshab ketadi. Gektariga 400-450 tonnagacha hosil beradi. Uzilganidan keyin 25-28 kun yaxshi saqlanadi, sarxillik xususiyatini yoʻqotmaydi.
Pomidor Rossiyaga eksport qilinmokda. Joriy yil yanvar-fevral oylarida 480 ming dollarlik pomidor shu mamlakat bozoriga yetkazib berildi. Eksport jarayoni qulaylashtirilgan. Bojxona, sanitariya va boshqa eksportga ruxsat beruvchi tashkilotlar xodimlari issiqxonaning oʻziga kelib hujjatlarni rasmiylashtirib beradi. Mahsulot Yangiariqdan Moskvagacha yuk mashinalarida 2,5-3 kunda yetkazib boriladi. Kuni kecha ilk bor Sankt-Peterburgga 10 tonna pomidor yuborildi.
Hosil gidroponika usulida yetishtiriladi, yaʼni har bir koʻchat kokos daraxti poʻstlogʻi boʻlgan maxsus oʻramga ekiladi. Tomchilatib sugʻoriladi, oʻsimlikka mineral oʻgʻit ham suv orqali beriladi.
Kokos oʻrami Shri-Lankadan, oʻgʻitlar esa Niderlandiyadan keltiriladi. Bunga tadbirkorlarimiz koʻp mablagʻ sarflaydi. “Global Food impeks” MCHJ rahbari Alisher Matkarimovning aytishicha, hosil uchun eng koʻp ishlatiladigan va juda zarur kalsiy nitrat oʻgʻitining 23-24 tonnasi yuklangan katta yuk mashinasi Yangiariqdagi issiqxonaga kirib kelishi uchun 25 ming dollar mablagʻ kerak boʻladi. Bizda ishlab chiqarilsa, bu koʻrsatkich taxminan 9-10 ming dollarga aylanishi mumkin.
Tadbirkor kokos daraxti poʻstlogʻi ozuqasi oʻrnini bosuvchi tabiiy manbani oʻzimizda ishlab chiqarish harakatida. Bu borada Urganch davlat universiteti olimlari bilan hamkorlikda ilmiy ishlar boshlangan. Shu maqsadda universitet uchun laboratoriya ham quriladi.
Hozircha issiqxonani turkiyalik agronomlar boshqarmoqda. Ular yonida Urganch davlat universiteti oʻsimlikshunoslik fakulteti 4-bosqich talabalari ish oʻrganayotir. Talabalar sinov muddati bilan ishga olingan. Hozircha ularga oyiga 2 million soʻmdan maosh toʻlanmoqda. Ikkinchi yildan iqtidoriga qarab 10 million soʻm oylik olishi vaʼda qilingan. Ishni mustaqil yurita olish darajasiga yetgach, yosh agronomlarga 40 million soʻmgacha oylik toʻlanadi. Chunki bugungi kunda issiqxona sanoatida agronom asosiy kuch hisoblanadi.
Issiqxonada 260 ish oʻrni yaratilgan boʻlib, ularning 200 nafari xotin-qizlardir. Ishchilar mehnatiga yarasha 1 million soʻmdan 4,5 million soʻmgacha oylik oladi. Shuningdek, yaxshi ishlaganlarga kunlik, haftalik pul mukofotlari beriladi. Asosiy jarayon kompyuterda boshqariladi. Ishchilar faqat hosilni terish va qadoqlash bilan shugʻullanadi.
– Qishloq xoʻjaligida ilm, yangicha dunyoqarash paydo boʻldi. Mana, ishning koʻzini bilsa, katta daromad olish mumkinligiga misol. Xorazmning yeri shoʻr. Shunday joylarda zamonaviy issiqxonalarni koʻpaytirish, 100-200 gektarga yetkazish kerak. Ham odamlarga ish joyi, ham eksport boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Issiqxona detallarini mahalliylashtirish, bozor talabidan kelib chiqib, qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shu yerda viloyatda meva-sabzavotchilik, tomorqachilik, chorvachilik, baliqchilikni rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Prezident Yangiariq tumanidagi “Xorazm pilla xolding” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Bir yil avval korxona oʻrnida 70 yillar oldin qurilgan eski pillaxona boʻlgan. Shu atrofda yashayotgan xotin-qizlarni esa ishsizlik masalasi qiynab kelardi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatda klaster usulida pilla yetishtirish tizimi yoʻlga qoʻyila boshlagani yangiariqlik xotin-qizlar hayotida ham yangi sahifa boshlab berdi.
Eski pillaxona oʻrnida zamonaviy jihozlangan, klaster usulida ishlaydigan “Xorazm pilla xolding” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyat boshladi. Korxonada loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda pillani kayta ishlaydigan 2 ta liniya ishga tushiriladi. Buning uchun tadbirkor 1,3 million dollar mablagʻ sarfladi. Korxonada pilladan xom ipak, ipak momigʻi ishlab chiqariladi, 50 dona zamonaviy dastgohda ipak gilam toʻqiladi. 2 smenada 200 doimiy, 1800 mavsumiy ishchi, asosan, xotin-kizlar mehnat qilmoqda. Korxona joriy yilda 1 million 159 ming dollarlik mahsulotni eksport qilishni rejalashtirgan. Loyiha uchun sarflangan mablagʻ 5 yilda qoplanishi kutilmoqda.
Xorazmda pillani qayta ishlash boʻyicha ilgʻor tajribalar ommalashmokda. 2019-yilda viloyatda “Xorazm ipagi”, “Khiva silk fabric”, “Urganch silworn pro” va “Xorazm pilla xolding” kabi pillani qayta ishlash korxonalari ish boshladi.
Joriy yilda viloyatda pillachilik sohasida 1649 doimiy va 4-marta pilla yetishtirish mavsumi hisobiga 55 ming 585 mavsumiy ish oʻrni yaratilishi maqsad qilingan.
“Xorazm pilla xolding” korxonasi joriy yil oxiriga qadar “Afghan Bazar Garpets” xorijiy korxonasi (Germaniya) bilan hamkorlikda ipak, jun va paxta tolasi aralashmasidan qoʻlda gilam toʻqish sexi ochishni rejalashtirgan. Bu yana 200 xotin-qizni ish bilan taʼminlash imkonini beradi. Loyiha tutzorlar tashkil qilishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni qamrab oladi. Mahsulotlar Yevropa va AQSH bozorlariga eksport qilinadi.
Prezidentimiz xotin-qizlar uchun munosib ish oʻrni yaratish omili boʻlgan bu kabi klaster usulidagi korxonalarni har bir tumanda tashkil qilish zarurligini taʼkidladi.
– Xomashyo yetishtirishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayon har bir tumanda yoʻlga qoʻyilishi kerak. Bu jarayonga asosan tadbirkorlarni jalb etish yaxshi samara beradi. Oʻzbek ipak mahsulotlariga bozor bor ekan, bu kabi klasterlarni koʻpaytiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” majmuasiga tashrif buyurib, Amir Toʻra madrasasida amalga oshirilgan restavratsiya ishlari bilan tanishdi.
Maʼlumki, Xiva jahon miqyosida tarixiy shaharlar durdonalaridan hisoblanadi. Ochiq osmon ostidagi muzey, deya eʼtirof etiladigan bu qadimiy qalʼa 1990-yili yurtimizda birinchi boʻlib YUNESKOning Jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan.
“Ichan qalʼa”da xalqimizning noyob meʼmorlik anʼanalari, ajdodlarimizning turmush tarzi, hunarmandligi, sanʼati va madaniyati oʻz holicha saqlanib qolgan. Majmuadagi 58 ta tarixiy-madaniy meros obyektidan 17 tasida turli muzeylar joylashgan.
Majmuadagi tarixiy obidalarni asl holicha saqlash maqsadida restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilmoqda. Muzey-qoʻriqxonaning shimoliy qismida, aholi istiqomat qiladigan hududda joylashgan Amir Toʻra madrasasi joriy yilda Xitoy Xalq Respublikasining 9,5 million dollarlik grant mablagʻi hisobidan qayta tiklandi. Natijada ushbu inshoot “Ichan qalʼa”dagi turistik obyektlardan biriga aylandi.
Madrasa 1872-yili barpo etilgan. Chor Rossiyasining Xorazmga hujumi tufayli obida qurilishi oxiriga yetkazilmay toʻxtab qolgan. Madrasaning old fasadi Xiva meʼmorligiga xos tarzda ikki qavatli qilib qurilgan. Bu yerda 54 ta hujra boʻlib, ichki sahn koshin bilan qoplangan. Shuningdek, 2 ta gumbazli xona, qishki va yozgi masjidlar, darsxona boʻlgan.
Davlatimiz rahbari “Ichan qalʼa”da xalqimizning bebaho madaniy merosi mujassam ekanini, Amir Toʻra madrasasi kabi noyob obidalar ajdodlarimizning tarixiy oʻziga xosligini saqlash va kelajak avlodlarga asl holicha yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.
– Tarixiy binolarni saqlash hamma davrlarda eng katta muammo boʻlib kelgan. Xiva Oʻzbekistonda tarixiy obidalarni taʼmirlovchi restavratorlar maktabi boʻlgan. Bugun ana shu maktabni qayta tiklash vaqti keldi, – dedi Prezident. – Amir Toʻra madrasasi restavratorlarni oʻqitadigan maktab boʻladi. Bu yerda ustalarga Samarqand, Fargʻona, Qoʻqon restavratsiya maktablari anʼanalari oʻqitiladi. Sayyohlar kunduzi restavratorlar ishini koʻrsa, kechki payt bu yerda tarixiy sahnalar, xon qabullari namoyish etiladi. Shunday qilsak, bu obidalarda hayot qaynaydi.
Turizm mamlakatimizda strategik sohalardan biridir. Xorazm viloyatida ham bu borada ulkan salohiyat mavjud. Undan oqilona foydalanish maqsadida 2020-2021-yillarda viloyatda turizmni rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan.
Mazkur dasturda Xorazmning turizm salohiyatini rivojlantirish strategiyasi belgilab berilgan. Unga koʻra, kelgusi ikki yilda viloyatda 64 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Turizm loyihalari viloyatning barcha tumanlarini qamrab oladi.
Jahonda kuzatilayotgan koronavirus tahdidi turizm bozoriga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Oʻzbekistonda buning oldini olish va sohani barqaror rivojlantirish uchun zarur choralar ishlab chiqildi. Davlatning institutsional koʻmagi, hukumatlararo hamkorlik, logistika, turizm salohiyati targʻiboti, ichki turizm oyligi va haftaliklari, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” loyihalari ana shunday choralar sirasiga kiradi. Shuningdek, mintaqaviy turizm loyihasi orqali koronavirus tarqalmagan qoʻshni davlatlardan sayyohlarni jalb qilish nazarda tutilgan.
Mamlakatimiz boʻylab amalga oshiriladigan bunday tadbirlar natijasida 580 ming xorijiy sayyohni jalb qilish va turizm xizmatlari eksportidan 94 million dollar daromad koʻrish rejalashtirilgan. Shuningdek, ichki turizm orqali 5 million yurtdoshimizning sayohatlarini tashkil etish va qoʻshimcha 840 milliard soʻm tushumga erishiladi.
“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturiga muvofiq, viloyatda taʼlim yoʻnalishida loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, Xorazm viloyatida Malayziyaning “Binary” universiteti filialini, Urganch davlat universitetida madaniy merosni boshqarish, gid hamrohligi va tarjimonlik yoʻnalishlarini ochish rejalashtirilgan. Buning natijasida viloyatda har yili turizm yoʻnalishida 50-60 nafar malakali kadr tayyorlanadi.
Xorazm lazgisi oʻtgan yil dekabr oyida YUNESKOning nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan edi. Bugungi kunda Yaponiya, AQSH va Yevropa davlatlarida lazgiga qiziqish ortib bormoqda. Ushbu sanʼatni yoshlarga yetkazish, xorijliklarga mahorat darslari oʻtish uchun Xorazmda lazgi akademiyasi tashkil etiladi. Bu ham xalqimizning nomoddiy madaniy merosini dunyoga targʻib etishga xizmat qiladi.
Ayni paytda viloyatda 600 dan ortiq baliqchilik fermer xoʻjaligi mavjud. Bu gastronomik turizmni rivojlantirish uchun qulay imkoniyatdir. Undan foydalanish maqsadida 71 ta koʻlda xalqaro standartlar darajasida xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish orqali sayyohlar oqimini koʻpaytirish moʻljallanmoqda.
Afsuski, bizda hozir faqat baliq ovi va gastronomik xizmatlar koʻrsatiladi. Aslida Xorazmda birgina ushbu yoʻnalishda oʻndan ortiq xizmatni yoʻlga qoʻyish mumkin. Bu yoʻnalishni rivojlantirish va kelgusida Xorazmni baliqchilik, yaʼni “Fishing culture” markaziga aylantirish koʻzda tutilgan. Hozirgi kunda Fransiya va Rossiya telekompaniyalari bilan Xorazm baliqchiligiga bagʻishlangan koʻrsatuvlar suratga olinmoqda.
Qishloqlarda yangi ish oʻrinlari yaratishda turizmning roli katta. Xorazm misolida “Turistik mahalla”, “Turistik qishloq” konsepsiyalari rivojlantiriladi. Buning uchun toʻrtta qishloq tanlab olinib, ularda saksonga yaqin mehmon uylari barpo etish, hududlarning hunarmandligi, agro va etnoturizmini koʻrsatish moʻljallanayapti.
Viloyatda tematik parklarni rivojlantirish boʻyicha ham loyihalar ishlab chiqilgan. Masalan, Xorazm zaminidan koʻplab buyuk ajdodlarimiz yetishib chiqqan. Ularning mum haykallari va foto zonalarini tashkil etish moʻljallanmoqda. Ulardan dastlabki toʻrttasi “Ichan qalʼa”da oʻrnatiladi. Yil oxirigacha oʻndan ziyod ajdodlarimizning haykallari oʻrin oladi.
Xiva tumanida “Anor”, “Anjir”, Yangiariq tumanida “Mennonit qishlogʻi” tematik parklari barpo etiladi. Natijada koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratiladi, hududlarning turizm jozibadorligi ortadi.
Davlatimiz rahbari turizm loyihalari bilan tanishar ekan, Xivada xonlar shaharchasi barpo etish, bu yerda Xorazm xonlari tarixini koʻrsatish, xalqimiz va xorijiy sayyohlarga yetkazish lozimligini taʼkidladi.
– Bizniki singari buyuk tarix yer yuzida juda kam. Jaloliddin Manguberdidek buyuk ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bobolarimiz tarixini oʻrgatadigan maskanlarni koʻpaytirsak, ham daromad keladi, ham xalqimizga tariximizni oʻrgatamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz Xiva shahridagi birorta obida eʼtiborsiz qolmasligi, amalga oshiriladigan loyihalar natijasida dunyodagi goʻzal turistik maskanlardan biriga aylanishi lozimligini taʼkidladi. Viloyatda turizmni rivojlantirish borasida mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Xiva shahridagi Prezident maktabida yaratilgan sharoit bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bilimli yoshlarni tarbiyalash uchun mustahkam poydevor qoʻyildi. Xususan, har bir hududda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilayotgani maktab taʼlimini jahon standartlari darajasida rivojlantirish, barcha sohalar uchun iqtidorli kadrlar tayyorlash, yoshlarning salohiyatini yuksaltirishga imkoniyat yaratmoqda.
Prezident maktablarining dunyoda muqobili yoʻq. Ushbu oʻquv dargohlarida taʼlim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan oʻquv rejasi va dasturlari boʻyicha ingliz tilida olib boriladi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 20-fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, qisqa muddatda Toshkent, Xiva, Namangan va Nukus shaharlarida dastlabki Prezident maktablari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Xiva shahridagi Prezident maktabi ham anʼanaviy maktablardan farqli ravishda ixcham va bilim olish uchun qulay. 2019-yil soʻnggida foydalanishga topshirilgan bilim maskani viloyat yoshlari uchun ulkan sovgʻa boʻldi.
Maktab 168 oʻrinli boʻlib, 2 qavatli oʻquv binosi, 3 qavatli yotoqxona, oshxona, xorijlik oʻqituvchilar uchun mehmonxonaga ega. Sinf xonalari eng zamonaviy oʻquv qurollari bilan jihozlangan. Sport zali, suzish havzasi qurilishiga ham innovatsion yondashilgan. Maktab kutubxonasi Kembrij, Oksford universitetlari nashriyotlari hamda Kollinz nashriyotining “STEAM” dasturi boʻyicha darslik va oʻquv qoʻllanmalari, oʻzbek va jahon adabiyoti namunalari bilan taʼminlangan. Darsliklarning elektron shakllari ham mavjud, bu oʻquvchilarga ulardan yana-da samarali foydalanish imkonini yaratadi.
2019-2020 oʻquv yilida 5-10 sinflarga jami 144 nafar oʻquvchi tanlov asosida qabul qilingan.
Prezident maktabida darslar Kembrij universiteti ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv rejasi va dasturlari asosida olib boriladi. Maktabga 9 nafar xorijlik mutaxassis hamda 21 nafar tajribali mahalliy oʻqituvchi jalb qilingan. Ular ham xalqaro taʼlim talablari asosida maxsus imtihonlar orqali tanlab olingan.
Davlatimiz rahbari virtual kimyo laboratoriyasi, musiqa xonasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.
– Mana shunday maskanlarda koʻplab iqtidorli farzandlarimiz ilm olishdek katta yoʻlga qadam qoʻydi. Bu ularning hayotidagi eng toʻgʻri va maqsadli tanlovdir. Kelgusida turli sohalarda ular erishayotgan yutuqlar, yurtimizga tegayotgan foydasini koʻrish barchamiz uchun baxt, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari shu yerda Jizzax, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida tashkil etiladigan Prezident maktablarida oʻquv jarayonlarini tashkil etish borasidagi rejalar bilan ham tanishdi.
Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
O'zA