“Xalqaro munosabatlar” jurnali o‘quvchilarga yetib keldi
2020-yilning boshida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan chop etiladigan “Xalqaro munosabatlar” (International Relations”, “Международные отношения”) fanlararo ilmiy-nazariy jurnalining 2-soni dunyo yuzini ko‘rdi. Ta’kidlash joizki, jurnalning ushbu soni ham mazmun jihatdan, ham dolzarblik jihatdan anchagina boy ko‘rinish oldi. Bu galgi son O‘zbekistonning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining bugungi kundagi masalalari, hamda Markaziy Osiyo mintaqasi rivojlanishidagi yangi tendensiyalarga bag‘ishlangan.
Sh.Abdullayev (t.f.d., professor, JIDU qoshidagi Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi rahbari) “O‘zbekiston Turkiy Kengashda: manfaatlar mushtarakligi, hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari” nomli maqolasida O‘zbekistonning Turkiy Kengashga a’zoligining konseptual asoslarini ko‘rib chiqqan. Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston tashqi siyosiy strategiyasining sifat jihatdan yangilanganligi yana bir tarixiy voqea bilan namoyon bo‘ldi – O‘zbekiston Turkiy Kengashning to‘la qonli a’zosiga aylandi. Muallif fikriga ko‘ra, “O‘z tarixi, tili, tamadduni nuqtai nazaridan O‘zbekiston turkiy dunyoning ajralmas qismidir. Turkiy kelib chiqishini anlab yetgan holda, O‘zbekiston, uchinchi davlatlar manfaatlariga zarar yetkazmagan holda, turkiy dunyo bilan yaqindan geoiqtisodiy va gumanitar hamkorlik qilishdan chuqur manfaatdordir”.
O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyatning liberallashuvi va milliy iqtisodiyotning tashqi investitsiyalarga talabi oshib borishi bilan, davlat investitsiyaviy siyosatini qayta ko‘rib chiqish masalasi dolzarblashib bormoqda. S.Voronin (i.f.n., Budjet-soliq masalalarini tadqiqot qilish bo‘yicha institutning katta mutaxassisi) va Sh.Shadmanov (Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti katta o‘qituvchisi) hammuallifligidagi “Xalqaro munosabatlarda investitsiyaviy siyosat: O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun imkoniyatlar va xatarlar” nomli maqola shunday muhim masalaga bag‘ishlangan.
S.Pulatova (t.f.n., JIDU dotsenti) O‘zbekiston madaniy diplomatiyasining shakllanishi va rivojlanishito‘g‘risidagi fikr yuritar ekan, mamlakatning tashqi siyosatida ushbu yo‘nalishning tobora muhim ahamiyat kasb etayotganligiga alohida to‘xtalib o‘tadi. So‘ngi paytlarda, xalqaro ilmiy diskurslarda “madaniy faktor”ning xalqaro munosabatlardagi o‘rnini qayta ko‘rib chiqish masalasi faol muhokama qilinmoqda. Bu holat, bizning fikrimizga ko‘ra, avvalambor, davlatlar o‘rtasidagi ishonch inqirozi bilan bog‘liq bo‘lib, madaniy dialog ushbu muammoni yechish uchun muhim vosita sifatida ko‘rilmoqda. Xususan, tobora ko‘lami kengayib va faollashib borayotgan O‘zbekiston madaniy diplomatiyasi mintaqaviy va xalqaro barqarorlikni ta’minlashga, halqlar o‘rtasida ishonch mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
“Xalqaro huquq muammolari” turkumida milliy va xalqaro huquqiy rivojlanishning dolzarb masalalari bo‘yicha ikkita qiziqarli maqola o‘rin olgan. G.Ismoilova (yuridik fanlar doktori, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha JIDU prorektori) yangi O‘zbekistondagi ayollar saylov huquqlarimavzusiga to‘htalib o‘tgan, xalqaro tajriba va respublikada bu sohada ro‘y bergan so‘nggi o‘zgarishlarni tahlil qilgan. N.Nodirxonova (JIDU mustaqil tadqiqotchisi) o‘z maqolasida bank va moliya sohalaridagi korrupsiyaga qarshi kurash muammolarini tahlil qilgan, xalqaro ilg‘or tajribalarni hisobga olgan holda unga qarshi kurashish samaradorligini oshirishning huquqiy mexanizmlarini taklif qilgan.
U.Xasanovning (s.f.n., JIDU “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi mudiri) ““Bir makon, bir yo‘l” Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotini o‘zgartirish jarayonida” va V.Paramonovning (s.f.n. “Markaziy Yevrosiyo” tahlil guruhi rahbari) “Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari munosabatlari: iqtisodiy o‘lchov” maqolalarida Markaziy Osiyoda dinamik ravishda o‘zgarib borayotgan geoiqtisodiy landshaft haqida so‘z boradi. Yoritilgan mavzularning turfa hilligiga qaramay, yakunda mualliflar o‘xshash xulosalarga kelishgan - O‘zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy ochilishi va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning kuchayishi tufayli Markaziy Osiyoda transchegaraviy loyihalarni amalga oshirish uchun tubdan yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.
“Xorijiy adabiyotlar daydjesti” turkumida so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo to‘g‘risida horijda chop etilgan e’tiborga molik tadqiqotlardan biri o‘rin olgan.N.Raxmatullayeva (JIDU doktoranti, Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi mutaxassisi) “Markaziy Osiyo o‘n yilligi” maqolasida Italiya xalqaro siyosiy tadqiqotlar instituti tomonidan “Markaziy Osiyoda geosiyosiy o‘yinlar” sarlavhasi ostida nashr etilgan maqolalar to‘plami tahlil qilingan. Maqolalardag‘arb ekspert va tahliliy hamjamiyati uchun har doim ham xarakterli bo‘lmagan yondashuv aks etgan. Ya’ni, Markaziy Osiyodagi xalqaro siyosiy vaziyatning rivojlanish tendensiyalarini yangicha nuqtai nazardan o‘rganishga harakat qilinadi. Xususan, mintaqa bo‘yicha taniqli mutaxassis E.T.Ambrosetti biz “Osiyo asrida” yashayotganimiz va keyingi o‘n yillik “Markaziy Osiyoning o‘n yilligi”bo‘lishimumkinligi haqida fikr yuritadi. Albatta, bunday ssenariyni amalga oshishi uchun muallif bir nechta muhim ichki va tashqi shart-sharoitlarni kerakligini keltiradi, ammo bunday masala ko‘tarilishining o‘zigina bizni Markaziy Osiyoning kelajagiga mutlaqo yangi nuqtai nazar bilan qarashga majbur qiladi.
Xalqaro munosabatlarning muhim nazariy masalalarigaquyidagi maqolalar bag‘ishlangan: G.Sultanova (i.f.n., “Xalqaro iqtisodiyot” kafedrasi katta o‘qituvchisi) “Milliy iqtisodiyotning raqobatdoshligining nazariy konsepsiyalari” va F.Sattarov (JIDU “Ijtimoiy va gumanitar fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi) “Praemonitus, praemunitus: fan va texnologiyalar globallashuvining axloqiy jihatlarini baholash”.
Jurnalning “Yosh tadqiqotchi minbari” turkumida Z.Asatullayevaning (JIDU doktoranti) “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimidagi ko‘p tomonlama rivojlanish banklari: faoliyat xususiyatlari va O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlik istiqbollari” nomli maqolasi taqdim etilgan.
Jurnalning elektron shaklini quyidagi havolani bosib yuklab olishingiz mumkin: http://uwed.uz/uz/e-journal/18.