Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv
2020-yilning 2-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkent shahriga amaliy tashrif bilan kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, XKP MQning Tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi Kanselyariyasi rahbari Yan Szechi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Xitoy kun tartibini muhokama qilish chog‘ida o‘zaro hurmat va ishonch ruhida har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi yana bir bor ta’kidlandi. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida infratuzilma, sanoat, madaniy-gumanitar va boshqa qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tomonlar tayyorligi ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Shu o‘rinda transport-kommunikatsiya masalalari bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risidagi takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda joriy yilda o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Xitoy Mintaqalar forumi va turli darajadagi boshqa qo‘shma tadbirlar jadvali muhokama qilindi.
Shuningdek, BMT, ShHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda Xitoy Elchi Jiang Yan ishtirok etdi.