Dubayda hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2020 yil 6 fevral kuni O'zbekistonning Bosh konsuli Alisher Salomov Birlashgan Arab Amirliklarining Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligining Dubay ofisiga yangi tayinlangan direktor Maktum bin Butti Al Maktum bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida turli sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar mamnuniyat bilan ta'kidladilarki, yaqinda ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil mart oyida BAAga tashrifi va erishilgan kelishuvlar tufayli sezilarli darajada faollashdi. Ayni paytda tashrif davomida imzolangan hujjatlar iqtisodiy, sarmoyaviy, ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarda amalga oshirilmoqda.
Amirliklarda Prezidentning Oliy Majlisga yo'llagan murojaatida Birlashgan Arab Amirliklari O'zbekistonning muhim sheriklari qatoridan joy olgani ijobiy qabul qilindi.
Mart oyida bo'lib o'tadigan birinchi Toshkent xalqaro sarmoyaviy forumi haqida amirlik tomoniga batafsil ma'lumot berildi.
Maktum bin Butti Al Maktum O'zbekistonning sayyohlik salohiyatiga, mamlakatimizga vizasiz tashrif buyuradigan BAA fuqarolari uchun yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o'zaro manfaatli aloqalar va hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligi tasdiqlandi.