Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Soʻnggi yillarda xalqimizning salomatligi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish, maʼnaviy va jismoniy barkamol avlodni shakllantirish, millionlar oʻyini boʻlgan va mamlakatimizda alohida oʻrin tutadigan sportning futbol turiga aholini, ayniqsa, yoshlarni keng jalb etish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatimizda yuqori iqtidorga ega boʻlgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish (seleksiya) tizimi va futbol infratuzilmasini yanada rivojlantirish, futbol boʻyicha sport maktablari faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tizimini yaxshilash, oʻtkazilayotgan musobaqalar saviyasini yuksaltirish kabi masalalar dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolmoqda.
Oʻzbekistonda futbolni aholi oʻrtasida eng ommaviy sport turiga aylantirish, yuqori iqtidorga ega boʻlgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish, mamlakat futbolini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro talab va standartlar asosida futbol boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, futbol klublari faoliyatini rivojlantirish, terma jamoalar uchun oʻquv-mashq jarayonini samarali tashkil etish, mamlakatimizda futbol boʻyicha yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, oʻsmirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari oʻrtasida jahon va qitʼa birinchiliklarini oʻtkazish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining quyidagilarni Oʻzbekiston Respublikasida professional futbolni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
bolalar va oʻsmirlarning futbol bilan shugʻullanishga qiziqishini oshirish, havaskor futbolni ommaviylashtirish, bu borada umumtaʼlim maktablari, boshqa taʼlim muassasalari, mahalla va tashkilotlarda futbol boʻyicha musobaqalarni muntazam ravishda tashkil etish;
yuqori iqtidorga ega boʻlgan yosh futbolchilarni tanlash va saralab olish (seleksiya) tizimini tubdan takomillashtirish, ularni bosqichma-bosqich professional tayyorgarlikdan oʻtkazib borish orqali futboli rivojlanayotgan davlatlarning yetakchi klublariga “futbolchilar eksporti”ni amalga oshirish tizimini yoʻlga qoʻyish;
futbol sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish va ularni ragʻbatlantirish, futbol sohasini bozor mexanizmlari asosida boshqarish, futbol klublarini xususiy sektorga oʻtkazish hamda ular orasida sogʻlom sport raqobati muhitini yaratish;
futbol musobaqalari tomoshabopligini oshirish hamda futbolni rivojlantirishning yangi tizimini samarali yoʻlga qoʻyish orqali “oʻzbek futboli” maktabini yaratish;
futbol sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlab olish va rivojlantirishga ilgʻor ilmiy-metodik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
futbol sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, futbol infratuzilmasini moddiy-texnik jihatdan yanada yaxshilash hamda xalqaro talablarga moslashtirish.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekistonda professional futbolni rivojlantirish sxemasi
1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekistonda futbolni 2030-yilgacha rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekistonda futbolni 2030-yilgacha rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasini 2019-2020 yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xarita” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, vazirlik va idoralar rahbarlarining “Yoʻl xarita”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarligi koʻrsatib oʻtilsin.
3. Oʻzbekistonda futbolni 2030-yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq (keyingi oʻrinlarda – Maqsadli koʻrsatkichlar) tasdiqlansin va unda shu jumladan quyidagilar nazarda tutilsin:
umumiy aholiga nisbatan futbol bilan muntazam shugʻullanuvchilar sonini kamida 5 foizgacha yetkazish orqali respublikada futbolning ommaviyligini taʼminlash;
Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasining milliy terma jamoalar reytingida Oʻzbekiston milliy terma jamoasining kuchli 50 talikka kirishiga erishish;
xususiy futbol maktablari va xususiy professional futbol maktablari sonini bosqichma-bosqich oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasida Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasi va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tasnifiga kiruvchi chempionatlar va rasmiy xalqaro turnirlarni tashkil qilish va oʻtkazish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish, belgilangan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali bajarish uchun masʼul boʻlgan vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining:
professional futbol klublari qoshidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan bolalar-oʻsmirlar futbol maktablari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi futbol mahorat maktablari (keyingi oʻrinlarda – futbol mahorat maktablari) hamda bolalar va oʻsmirlar sport maktablarini tashkil etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda aholi sonidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha futbol mahorat maktablarini tashkil etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyalarini futbol mahorat maktablari etib qayta tashkil etish va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufiga oʻtkazish;
ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari negizida olimpiya zaxiralari kollejlarini hamda ularga ajratilgan qabul kvotasi doirasida futbol boʻlimlarini tashkil etish va ularda futbol boʻyicha mutaxassislarni (sportchilardan tashqari) tayyorlash;
futbol mahorat maktablarining rahbarlari, trenerlari va boshqa xodimlariga olimpiya zaxiralari kollejlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlarini qoʻllash;
futbol mahorat maktablarini tegishlicha hududiy professional futbol klublariga biriktirish;
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab tegishli taʼlim muassasalarida futbol klublari, sport taʼlim muassasalari uchun sport shifokori, sport psixologi, sport farmakologi, sport huquqshunosi va sport diyetologi yoʻnalishlari boʻyicha malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil qilish;
zamonaviy ilmiy yutuqlar va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda trener, seleksioner (skaut), tahlilchi, hakam, marketolog va futbol menejeri yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali futbol mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida mahalliy hamda xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilish orqali Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazini tashkil etish;
xalqaro tajribadan kelib chiqib, Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasi, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi talablariga muvofiq, 2021-yilgi futbol mavsumidan boshlab Superliga jamoalari oʻrtasidagi uchrashuvlarda adolat va shaffoflikni taʼminlash maqsadida VAR (Video Assistant Referee, video yordamchi hakam) tizimini joriy etish;
xalqaro talablardan kelib chiqib, salohiyati yuqori futbolchilarni professional darajada tayyorlash, ular xorijiy davlatlarning nufuzli futbol klublarida professional faoliyat olib borishini taʼminlash, shuningdek, futbolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida futbol boʻyicha agentlar (vositachilar)ning faoliyatini tartibga solish va ularni akkreditatsiyadan oʻtkazish vakolatini Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga yuklash;
2021-yil 1-yanvardan boshlab xalqaro tajribadan kelib chiqib, sport sohasini, ayniqsa, futbolni yanada rivojlantirish, uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish;
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Respublika bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyasining tuzilmasiga qoʻshimcha ikkita seleksioner shtat birligini kiritish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar shaxslar tomonidan bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishni buzish, shuningdek, totalizator oʻynash, oʻyinga yoki uning natijasiga taʼsir oʻtkazish maqsadida kelishilgan oʻyinlar oʻtkazish, ularda ishtirok etish yuzasidan javobgarlikni belgilash boʻyicha Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari va sport taʼlim muassasalarida futbol boʻyicha oʻquv, oʻquv-mashq, tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarni saralab olish (seleksiya) hamda ularda musobaqalarni oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan belgilanadi va muvofiqlashtirib boriladi;
futbol mahorat maktablari direktorlari va sport boʻyicha direktor oʻrinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
6. 2020-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi futbol mahorat maktablarini tashkil etish, ularda qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish jadvali 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2020-yil va kelgusi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan futbol mahorat maktablarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun markazlashgan kapital quyilmalar limitlari ajratilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi futbol mahorat maktablarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
a) umumtaʼlim maktablari oʻrtasida:
har bir tuman (shahar)da doimiy ravishda yiliga kamida ikki marotaba “Maktablar futbol ligasi” musobaqalari oʻtkazib boriladi;
“Maktablar futbol ligasi” musobaqalari tuman (shahar) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga hamda Oʻzbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
Bunda “Maktablar futbol ligasi” musobaqalarini oʻtkazish natijalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar tuman (shahar) bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining futbol boʻlinmalari hamda xususiy futbol maktablariga saralab olinadi (seleksiya);
b) tuman (shahar) bolalar-oʻsmirlar sport maktablari futbol boʻlinmalari va xususiy futbol maktablari oʻrtasida:
yosh toifasidan kelib chiqib belgilangan meʼyorlar asosida tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda respublika miqyosida “Sport maktablari futbol ligasi” musobaqalari oʻtkazib boriladi;
“Sport maktablari futbol ligasi” musobaqalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
Bunda “Sport maktablari futbol ligasi” musobaqalarini oʻtkazish natijalari boʻyicha futbol mahorat maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalariga futbolchilar saralab olinadi (seleksiya);
v) futbol mahorat maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalari oʻrtasida:
yosh toifasidan kelib chiqib belgilangan meʼyorlar asosida “Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalari oʻtkazib boriladi;
“Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalarini oʻtkazish natijalari boʻyicha hududiy professional futbol klublariga futbolchilar saralab olinadi (seleksiya);
“Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
Bunda futbol mahorat maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalari futbolchilari respublika hamda xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ishtirok etadi;
g) Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Respublika bolalar
va oʻsmirlar futbol akademiyasida futbol boʻyicha turli yosh toifasidagi terma jamoalar tayyorgarlik koʻradilar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat korxonalari va tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan professional futbol klublari ustav fondlaridagi davlat va davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari ulushlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazish orqali xususiy investorlarga sotish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkaziladigan professional futbol klublari ustav fondidagi davlat va davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining ulushlari roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qayd etilsinki:
professional futbol klublari ustav fondidagi davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari ulushlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushi va xoʻjalik jamiyatlarining ulushlarini balans qiymatida kamaytirish hisobiga beriladi;
mazkur Farmonning 6-ilovasida koʻzda tutilgan professional futbol klublarining ustav fondidagi davlat ulushlari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasining qaroriga asosan belgilangan tartibda sotiladi.
10. Professional futbol klublariga davlat korxonalari va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan ajratilayotgan moliyaviy mablagʻlarning samarali foydalanilishi ustidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan monitoring oʻtkazish amaliyoti joriy qilinsin.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi:
monitoring natijalari yuzasidan davlat korxonalari va tashkilotlariga, shuningdek, yuqori turuvchi organlarga taklif va tavsiyalar kiritib borsin;
professional futbol klublaridagi sportchi va boshqa mutaxassislarni ragʻbatlantirish tizimi shaffofligini taʼminlash maqsadida ikki oy muddatda yagona tartibni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyati tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha daromadlari hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Toshkent viloyati hokimligi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining 2020-2021 yillarda:
Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani, Yangibozor qoʻrgʻoni hududida futbol boʻyicha milliy terma jamoalar uchun oʻquv-mashgʻulot markazini tashkil etish;
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida funksional diagnostika, sportchilarni sogʻlomlashtirish va reabilitatsiyasi uchun zamonaviy sport tibbiy markazini tashkil qilish va zarur tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining markazlashgan kapital quyilmalar limitlari doirasida futbol boʻyicha milliy terma jamoalar uchun oʻquv-mashgʻulot markazini qurish ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Moliya vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin va ularda shu jumladan quyidagilarni:
bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilishini;
bukmekerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan, Internet tarmogʻi provayderlarida xizmatlar koʻrsatilishini tartibga solishni;
bukmekerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari daromadlarining bir qismini sport turlari, shu jumladan, futbolni rivojlantirish uchun yoʻnaltirishni;
bukmekerlik faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish mexanizmlari joriy etilishini nazarda tutsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi futbol mahorat maktablari faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, ularni futboli rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlash xarajatlari uchun zarur mablagʻlarni 2020-yilda Davlat byudjetining “Madaniyat va sport” sohasiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida ajratsin va 2021-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2020-yil 1-fevralga qadar tegishli hududlarda stadion va futbol maydonlarini xatlovdan oʻtkazsin va xatlov natijasi boʻyicha egasi nomaʼlum stadion va futbol maydonlari qonunchilikda belgilangan tartibda joylardagi tuman (shahar) bolalar-oʻsmirlar sport maktablariga oʻtkazilishini taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi A.A.Azizov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 4-dekabr