«O‘zsanoatqurilishbank» ilk korporativ xalqaro obligatsiyalarni chiqardi
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB o‘z resurs bazasini mustahkamlash va eksportga yo‘naltirilgan sanoat loyihalarini moliyalashtirish maqsadida ilk korporativ xalqaro obligatsiyalarni chiqardi.
18-22 noyabr kunlari Tsyurix, Frankfurt va London shaharlarida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda xalqaro investorlar tomonidan prezident boshchiligida iqtisodiyot tarmoqlarida (jumladan, bank sohasida) amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berildi.
Yirik investorlar tomonidan “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning moliyaviy holati, Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokidagi transformatsiya jarayoni hamda Bankni bosqichma-bosqich xususiylashtirishga qaratilgan strategiya ijobiy omil sifatida e'tirof etildi.
Shu sababli, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB investorlar tomonidan Hukumat kafolati ostidagi davlat banki emas, balki to‘laqonli tijorat banki sifatida qabul qilinib, Rossiyaning “Moskovskiy kreditniy bank” (5 yillik 5,3 foiz), Gruziyaning “TBC Bank” (5 yillik 5,75 foiz), Turkiyaning “Akbank” (5 yillik 6 foiz) kabi banklariga taqqoslandi.
Natijada, 25 noyabr kuni amalga oshirilgan savdolarda 150dan ortiq investorlardan 1,2 mlrd AQSh dollari miqdorida buyurtmalar kelib tushdi va xalqaro obligatsiyalar 6 foiz daromadlilik stavkasi, 5,75 foiz kupon stavkasi va 98.934 foiz dastlabki narx bilan joylashtirildi.
Mazkur foiz stavkalari MDH banklari tomonidan ilk bora chiqarilgan (debyut) xalqaro obligatsiyalar ichida eng pastlaridan biri hisoblanib, yurtimizning boshqa tijorat banklari va korxonalari uchun “benchmark” bo‘lib xizmat qiladi.
“O‘zsanoatqurilishbank” ATBning 300 mln. dollar miqdoridagi xalqaro obligatsiyalari Buyuk Britaniya (30 foiz), AQSh (16 foiz), Yevropa (40 foiz) hamda Osiyo va Yaqin Sharq (14 foiz) investorlari orasida joylashtirildi.
Xalqaro obligatsiyalarning muhim afzalliklaridan biri – korporativ emitentlar tomonidan davlat kafolatisiz yoki garov ta'minotisiz kredit jalb qilish imkoniyati hisoblanadi. Bunda investorlar mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy barqarorlik, emitentning moliyaviy holati, to‘lov qobiliyati va kredit reytingiga katta e'tibor beradilar. Shu bilan birga, emitentning investorlar bilan yuzma-yuz uchrashuvlari (roudshou) obligatsiyalar uchun buyurtmalarni shakllantirish va foiz stavkalarini belgilashda muhim rol o‘ynaydi.
Yana bir afzallik - xalqaro kapital bozorlari biror yirik xorijiy bank yoki investorga bog‘liq emasligi va shu tufayli, mamlakat iqtisodiyotini barqaror moliyalashtirish uchun resurs manbasi ekanligidan iborat. Qolaversa, xalqaro obligatsiyalar tijorat banklari va davlat korxonalarining aksiyalarini kapital bozorlarida shaffof ravishda sotish uchun (IPO) o‘ziga xos tayyorgarlik maktabini o‘taydi.
Yuqoridagi omillar inobatga olingan holda, 2020 yilda O‘zmilliybank, Ipoteka banki va Navoiy KMKning xalqaro obligatsiyalari chiqarilishi reja qilinmoqda.
Kun.uz