Maqsadimiz – Samarqandni jahon turizm markaziga aylantirish, aholi uchun zamonaviy turmush sharoiti yaratish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 2019-yil 26-iyul kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari safarlar chogʻida tuman va shaharlarda bunyodkorlik ishlari koʻlamini kengaytirish, sanoat, turizm, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish kabi sohalarni jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratadi. Shu asosda dasturlar tuzilayapti, ularni amalga oshirish boʻyicha yoʻl xaritalari tasdiqlanib, hayotga tatbiq etilmoqda.
Xususan, joriy yilning birinchi yarmida 2019-2020 yillarda amalga oshirish belgilangan umumiy qiymati 19,6 trillion soʻmlik 987 loyihaning 572 tasi boʻyicha 2,3 trillion soʻmlik investitsiyalar oʻzlashtirilib, 300 tasi toʻliq yakuniga yetkazildi. 4 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etish doirasida 88,2 million AQSH dollari oʻzlashtirildi. Bu 2018-yilning shu davri bilan taqqoslaganda, qariyb 1,5 barobar koʻpdir.
Investitsiya dasturiga koʻra, bu yil Samarqand viloyatida 565,7 milliard soʻm mablagʻ oʻzlashtirilib, 151 obyektda qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Hozirgacha 22 maktab, 8 tibbiyot muassasasi va 12 ichimlik suv obyektida belgilangan ishlar yakunlandi.
Prezidentimiz Samarqand xalqaro aeroportida mazkur havo darvozasini rivojlantirishga oid loyiha bilan tanishdi.
1927-yilda faoliyat boshlagan aeroportda 2009-yilgacha bir necha marta qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilgan. Lekin bugun aeroportning yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini zamon talablari darajasida, deb boʻlmaydi. Bu yerdan haftasiga 37-marta xorijiy va mahalliy parvozlar amalga oshirilib, yil boshidan buyon 220 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilgan.
Keyingi yillarda yurtimizda turizmni rivojlantirish borasidagi islohotlar tufayli Samarqandga keladigan sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshdi. Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning dastlabki olti oyida viloyatga 1 million 433 ming turist tashrif buyurgan. Ularning 227 ming nafarini xorijlik sayyohlar tashkil etadi. Ushbu raqamlarni ikki yil oldingi koʻrsatkichlar bilan qiyoslaganda, turistlar oqimi toʻrt barobar oshganini koʻrish mumkin. Kelgusida sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirish, buning uchun zarur infratuzilma yaratish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar Samarqandning havo darvozasi imkoniyatlarini ham kengaytirishni taqozo etayapti.
Taqdim etilgan loyihaga koʻra, aeroportda soatiga 600 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan yangi terminal qurish, uchish-qoʻnish yoʻlagini rekonstruksiya qilish, samolyotlar turargohini kengaytirish, radiolokatsiya tizimlarini takomillashtirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari qurilish ishlarini sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirish, milliy meʼmorlik anʼanalariga rioya etish kerakligini taʼkidladi. Aeroport faoliyatida zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, rekonstruksiya ishlari amalga oshirilayotgan paytda esa Samarqandga poyezd va avtobuslar qatnovini koʻpaytirish, aholi va turistlarga muqobil qulayliklar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Aeroportni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish mamlakat iqtisodiyoti uchun juda muhim. Aksariyat davlatlar xalqlari yurtimizni koʻhna Samarqand orqali tasavvur qiladi. Shuning uchun ham Oʻzbekiston haqida gapirganda, avvalo, bu qadim shaharni tilga olamiz. Toʻgʻri, ayni paytda viloyatga turistik qatnovlar asosan “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari orqali amalga oshirilmoqda. Ammo xalqaro transport tizimida bunday imkoniyatlar yaratilmagan. Haqiqat shuki, Buyuk Ipak yoʻlini birlashtirgan shaharlar orasida Samarqandchalik qadim tarixga ega manzil yoʻq. Afsuski, shunga mos infratuzilma yaratishga avvalroq eʼtibor qaratmadik, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz aeroportning bugungi holati talab darajasida emasligini qayd etib, mutasaddilarga uning sigʻimini oshirish, kamida 20 samolyotga xizmat koʻrsatadigan zamonaviy infratuzilma tashkil etish va bu ishlarni bir yarim yillik muddatdan kechiktirmay bajarish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Islom Karimov maqbara- majmuasiga tashrif buyurib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti qabriga gul qoʻydi. Qurʼon tilovat etilib, marhumning haqqiga duo qilindi.
Nuroniylar, ulamolar bilan suhbatda Islom Karimovning xalqimiz, davlatimiz manfaati yoʻlidagi xizmatlari, insoniy fazilatlari yodga olindi.
Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Oqdaryo tumanidagi “Pure milk Oqdaryo” fermer xoʻjaligi dalasida boʻlib, mirishkorlar bilan suhbatlashdi.
1 ming 360 gektar yer maydoniga ega mazkur fermer xoʻjaligi 634 gektarda paxta, 50 gektarda gʻalla, 366 gektarda ozuqa va boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi ekinlarini parvarishlamoqda. 400 nafardan ortiq kishining bandligi taʼminlangan.
Xoʻjalik aʼzolari joriy yil gʻalladan 283 tonna hosil olib, 135 million soʻm foyda koʻrdi. Gʻalladan boʻshagan maydonlarga chorva uchun ozuqa sifatida makkajoʻxori ekilgan. 2100 boshdan ziyod yirik shoxli qoramol boqilayotgan fermer xoʻjaligi uchun bu ayni muddaodir.
Gʻoʻza maydonlarini xorij texnologiyasi asosida tomchilatib sugʻorish joriy etilgan. Bu mineral oʻgʻit va suv sarfini kamaytirish, agrotexnika ishlari samaradorligini oshirish hamda ekin parvarishi bilan bogʻliq xarajatlarni qisqartirishda muhim omil boʻlmoqda. Bugungi kunda bir tup gʻoʻzada 3-4 dona koʻsak, 7-10 dona gul, 10-12 dona shona mavjud. Xoʻjalik aʼzolari bu yil paxta hosildorligini 45 sentnerga yetkazishni rejalashtirgan.
Prezidentimiz mamlakatimizda barcha sohalar qatori qishloq xoʻjaligida ham asosiy ustuvor maqsad xalqimiz manfaati ekanini qayd etib, qaysi mahsulot koʻproq daromad keltirsa, oʻshani ekish, buning uchun urugʻchilik va nav tanlashga alohida eʼtibor berish, sohaga ilmiy yondashish zarurligini taʼkidladi. Viloyatdagi fermer xoʻjaliklari va klasterlarda tomchilatib sugʻorishni keng joriy etish, hosildorlik past maydonlarda gʻalla ekishni qisqartirib, yuqori daromad keltiradigan meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, ularni qayta ishlash uchun minitexnologiyalar yetkazib berish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Qanday qilib odamlarning daromadini oshiramiz, degan savol meni har kuni oʻylantiradi. Aslida bu savol barcha rahbarlarning tinchini buzishi kerak. Toʻgʻri foydalanishni bilsak, har bir hudud, har bir sohada keng imkoniyatlar bor. Qishloq xoʻjaligida yangi texnologiyalarni joriy qilib, hosildorlikni oshirish, xomashyoni qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish lozim. Mahsulot qayta ishlansa ham daromad koʻpayadi, ham yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Manfaatdorlik yuqori boʻlishi uchun sarflangan xarajatni qoplab, foyda koʻrishni koʻzlab, mehnat qilish kerak. Ertangi kuni bugunidan yaxshi boʻlishi uchun har bir odam oʻzi harakat qilmogʻi zarur. Hozirgi zamonda kim yutadi – intilgan yutadi, mehnat qilgan yutadi, dedi davlatimiz rahbari.
Viloyatning sayyohlik salohiyatini yanada oshirish, turistlar uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratish maqsadida Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali atrofida turistik markaz qurish rejalashtirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerga tashrif buyurib, markaz loyihasi bilan tanishdi. Unda belgilanishicha, majmua uchun 360 gektar yer ajratilib, 80 gektarida anjumanlar saroyi, mehmonxonalar va boshqa obyektlar qurilishi moʻljallangan. Mehmonxonalar 3, 4 va 5 yulduzli boʻlib, barcha toifadagi sayyohlarni qamrab oladi. Shuningdek, sayilgohlar, suzish joylari, sunʼiy orolchalar, restoranlar tashkil etiladi.
Samarqandga kelgan sayyohlar, mahalliy aholi dam olish uchun qayerga boradi? Hozircha aytarli, koʻzga koʻringan bunday joy yoʻq. Shuning uchun chet ellik sayyohlar asosan tarixiy obidalarni koʻrish va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish bilan cheklanmoqda. Vaholanki, Samarqandda turistlar dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun sharoit yaratishga imkoniyat juda katta. Hududda bu masalaga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu maskan ziyorat turizmi bilan hamohang boʻlishi, xalqimiz, chet ellik sayyohlar bu yerga kelib maroqli hordiq chiqarishi uchun har tomonlama qulay joyga aylanishi kerak. Turist Samarqandga bir-ikki kunga emas, bir necha kunga kelsin, ketish haqida oʻylamasin. Bu Samarqand iqtisodiyoti uchun yana bir oʻsish nuqtasi boʻladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yil 9-10-iyul kunlari Samarqandda MDH Turizm kengashining navbatdagi majlisi va Hamdoʻstlik mamlakatlarining birinchi turistik yarmarkasi oʻtkazildi. Mazkur tadbirlar chogʻida yurtimizga, jumladan, Samarqandga chet ellik sayyohlarni jalb etish boʻyicha xorijiy firma va kompaniyalari bilan 50 dan ortiq shartnoma imzolandi. Shuningdek, bu yil Samarqand shahri Jahon sayyohlik shaharlari federatsiyasiga (WTCF) aʼzo boʻldi. Yaqin yillarda Samarqand shahrini turistik xabga aylantirish rejalashtirilayapti.
Bu saʼy-harakatlar tufayli kelasi yillarda viloyatga sayyohlar oqimi keskin oshishi shubhasiz. Xususan, joriy yil 510 mingdan ziyod xorijlik mehmon kelishi kutilmoqda. Ikki yilda bu koʻrsatkichni 2 millionga, mamlakat boʻyicha esa 10 millionga yetkazish moʻljallangan.
Buning uchun Samarqandda sayyohlikni rivojlantirish uchun munosib sharoit zarur. Shu maqsadda 2019-2020 yillarda viloyatda turizm sohasida qiymati 220 million dollar boʻlgan 164 loyihani amalga oshirish belgilangan. Ayni paytda bu borada izchil ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimizga viloyatda koʻp qavatli uy-joylar qurish, ichimlik suvi va oqova tarmoqlarini modernizatsiya qilish, Samarqand shahrini markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlashni yaxshilash borasidagi ishlar toʻgʻrisida ham maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari avvalgi yillarda viloyatga tashrifi chogʻida koʻhna shahar aholisining uy-joyga ehtiyoji yil sayin oshib borayotgani va uni qondirish uchun Samarqand markazida, qurilish meʼyorlariga toʻgʻri kelsa-kelmasa, uy-joy quravergandan koʻra, tevarakda zamonaviy binolar barpo etish zarurligini taʼkidlagan edi.
Ana shu topshiriq asosida oʻtgan yili Samarqand tumani Qorasuv massividan shahar uchun 50 gektarga yaqin yer ajratilib, koʻp qavatli uylar, ijtimoiy soha obyektlari qurilishi boshlandi. 2018-yilning oʻzida “Oʻzshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida jami 1 ming 344 xonadondan iborat 7 qavatli 32 arzon uy barpo etildi. Bundan tashqari, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari va yosh oilalarga moʻljallangan 5 qavatli 12 turar joy qurilib, foydalanishga topshirildi.
Hududga minglab aholi koʻchib kelishini hisobga olib, taʼlim va tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, umuman, aholi ehtiyojlarini qondirish uchun nimaiki zarurat boʻlsa, barchasini shu yerning oʻzida yaratishga eʼtibor qaratildi. Bugun ushbu maskan tom maʼnoda zamonaviy shaharcha koʻrinishini olgan.
Prezidentimiz joriy yil 11-yanvar kuni viloyatga tashrifi chogʻida yangi massivda boʻlib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgan, shaharchani yanada kengaytirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Shundan kelib chiqib, qoʻshimcha ravishda 16,4 gektar maydon ajratildi va “Agromir bildings” korxonasi tomonidan 2019-yilda 18, 2020-yilda 59 koʻp qavatli uy qurilishi belgilangan. Hozir bu yerda xorijiy davlatlarning ilgʻor qurilish texnologiyalari asosida 12, 14 va 16 qavatli uylar barpo etilmoqda.
Bundan tashqari, ayni paytda Urgut va Tayloq tumanlarida ham ana shunday uylar qurilishiga kirishilgan.
Prezidentimiz yangi uylarni adolatli taqsimlash, qurilish ishlari sifatiga alohida ahamiyat berish, ichimlik suvi va oqova tarmoqlarini yaxshilash, Samarqand shahrini markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlash borasidagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbari Samarqand tumanidagi “Agromir” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boʻlib, meva-sabzavotni qayta ishlash jarayonini koʻzdan kechirdi.
Yurtimizda yetishtirilgan sarxil meva-sabzavot, poliz mahsulotlari taʼmi, sifati va foydali elementlarga boyligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun xorijda Oʻzbekistonda pishib yetilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga talab katta.
“Agromir” meva-sabzavotni qayta ishlab, ichki bozorni sharbat va shira, konsentratlar, pasta, pyure va konservalar bilan toʻldirib, eksport qilib kelmoqda.
Qariyb 450 kishi doimiy ish bilan taʼminlangan korxona yiliga 60 ming tonna sharbat va nektar, 6 ming tonnaga yaqin konsentrat ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, hozir bu yerda jami 42 turdagi mahsulot tayyorlanmoqda.
2018-yilda korxonada umumiy qiymati 160 milliard soʻmlik 53 ming tonna, joriy yilning birinchi yarmida 72 milliard soʻmlik 24 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi. Oʻtgan yili 2,1 million dollar, joriy yilda 5,5 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Ayni paytda korxonaga qarashli xoʻjaliklarda meva-sabzavotning istiqbolli navlarini yetishtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Fermer va dehqon xoʻjaliklari bilan buyurtma asosida ishlanadi.
Davlatimiz rahbari korxona sexlarida mevani qayta ishlash jarayonini, tayyor mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi.
Ishlab chiqarish va qadoqlash sexlariga Shveysariya, Italiya va Germaniyaning sharbat, pyure va pasta ishlab chiqarish boʻyicha eng zamonaviy texnologiyalari oʻrnatilgan. Bu korxona mahsulotlarining Oʻzbekiston bozorida yetakchi oʻrin egallashida qoʻl kelmoqda.
Bugungi kunda “Agromir” mahsulotlari taniqli brendlar ostida Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Tojikiston, Afgʻoniston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Chet ellik isteʼmolchilarga sharbat holidagi tayyor mahsulotlardan tashqari konsentratlar ham yetkazib berilyapti.
Tanishuv chogʻida xaridorgir, jahon bozorida talab yuqori boʻlgan eksportbop mahsulotlarni koʻpaytirish va savdo geografiyasini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanida viloyat faollari, sektorlar rahbarlari, nuroniylar, fermer va tadbirkorlar ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi.
Sizlar bilan yil boshida uchrashib, viloyatda amalga oshiriladigan loyihalar, bunyodkorlik ishlari, umuman, xalqimiz hayotini, turmush darajasini oshirish yuzasidan ulkan vazifalarni belgilab olgan edik. Oʻtgan olti oy davomida bu vazifalar nechogʻli bajarilgani barchamizga yaxshi maʼlum. Ijobiy natijalar ham, yechimini kutayotgan masalalar ham salmoqli. Bugun Samarqandga kelib, yana sizlar bilan fikrlashib olish, belgilagan rejalarimizni oʻz vaqtida hayotga tatbiq etishni shiddatli davrning oʻzi taqozo etmoqda. Zamon shunchalik tez rivojlanayaptiki, yaqin va uzoq xorijiy davlatlar, hamkor mamlakatlar iqtisodiyotini tahlil etib, oʻzimizning yoʻlimizni tanlamasak, globallashuv sharoitida jahonda oʻz oʻrnimizga ega boʻlmasak, oldimizga qoʻygan maqsadlarni amalga oshirish qiyin kechadi. Shu nuqtai nazardan, Samarqandga bu galgi safarimizdan asosiy maqsad viloyatda turizmni rivojlantirish, tadbirkorlik va qayta ishlashni kengaytirishni jadallashtirishga, yangi reja va vazifalarni belgilab olishga qaratilgan, dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev viloyatda sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda muayyan natijalarga erishilayotgan boʻlsa-da, Samarqandning iqtisodiyotini mustahkamlash, aholi bandligini taʼminlash va turmush darajasini oshirishda turizm sohasi asosiy yoʻnalish boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Afsuski, hali bu boradagi imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayapti. Shu bilan birga, bogʻdorchilik, meva-sabzavot yetishtirishda ham erishilayotgan natijalar boshqa hududlar bilan solishtirganda oqsayotgani koʻrsatib oʻtildi. Viloyatda aynan mana shu yoʻnalishga ixtisoslashgan tumanlar bor. Bu joylarda endi faqat mahsulot yetishtirib, uni xomashyo holida sotishdan koʻra, qayta ishlab, tayyor mahsulot eksport qiladigan korxonalarni koʻpaytirish, zamonaviy mini-texnologiyalardan foydalanish zarurligiga eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda meva-sabzavot yetishtirishni rivojlantirishga 400 million dollar, turizm infratuzilmasini takomillashtirishga 100 million dollar ajratilishi maʼlum qilindi.
Davlatimiz rahbari tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish borasidagi ishlarni jadallashtirish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi salohiyatini kengaytirish borasida topshiriqlar berdi.
Tuman va shaharlar oʻrtasida oʻziga xos raqobat muhitini yaratish masalalariga eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda tajriba tariqasida Kattaqoʻrgʻon tumani va shahri hamda Urgut tumani oʻzaro musobaqalashishini taʼkidladi. Bu Samarqand tajribasi sifatida keyinchalik mamlakat boʻylab ommalashtirilishi qayd etildi.
Tumanlarda amalga oshirilayotgan loyihalar, islohotlarning borishi yuzasidan sektor rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Davlatimiz rahbari Samarqand shahrida infratuzilmani takomillashtirish, sanoatni rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish borasidagi vazifalarga ham toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, Samarqandni “turistik xab”ga aylantirish zarurligini taʼkidlab, Bosh vazir oʻrinbosarlari va viloyat hokimiga shu masala yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha 23-iyulda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan tizim asosida ishlab, muhitni oʻzgartirish, tadbirkorlarga hamma sharoitni yaratib berish zarurligi qayd etildi.
Barcha saʼy-harakatlarimiz, maqsad-muddaomiz xalqimizning bugungi hayotidan rozi, ertangi kunidan koʻngli toʻq boʻlishiga qaratilgan. Buni har bir rahbar yurakdan his qilishi va zimmasidagi ulkan masʼuliyatni chuqur his etib, mehnat qilishi lozim. Shuni unutmaylikki, kechagi uslub, qotib qolgan qarashlar bilan oldimizga qoʻygan maqsadlarga erishib boʻlmaydi. Bugungi davr barchamizdan yangicha fikrlashni, zamon shiddatiga mos surʼatda ishlashni taqozo etayapti, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident hokimlar va sektorlar rahbarlariga har bir tuman iqtisodiyotini rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakuniga yetdi.