Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2020-yilning 16-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan 2019-yil oktabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining majlisi doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Vazirlar turli darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvalini ko‘rib chiqdilar, ikki tomonlama uchrashuvlarning kun tartibi va tashkiliy jihatlarini batafsil ishlab chiqish uchun tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish zarurligini qayd etdilar.
Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yanada kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi tasdiqlandi, ikki tomonlama savdo hajmlarini oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlarni rivojlantirishga, jumladan ikki mamlakatning yetakchi oily ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqa o‘rnatishga qiziqish bildirildi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi hamda “O‘zbekiston – Vengriya – Yevropa ittifoqi” shaklidagi O‘zbekiston-Vengriya hamkorligini mustahkamlash masalalari bo‘yicha ham fikr almashdilar.
Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Vengriya Vengriya Tashqi istisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida diplomatik tayyorlov hamda axborot va hujjatlar bilan almashinuv sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv Memorandumi imzolandi.