Yaponiya, Janubiy Koreya va BAA bilan iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 2-iyul kuni mamlakatimiz investitsion va tashqi savdo faoliyati prognoz ko‘rsatkichlarining joriy yil I yarmidagi ijrosini muhokama qilishga, shuningdek, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan ustuvor qo‘shma loyihalarning borishini hamda savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan videoanjuman tarzida yig‘ilish o‘tkazdi.
Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar, shu jumladan investitsiyalarni jalb etish va eksport bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni hamda xorijiy sheriklar bilan erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarga doir takliflar tinglandi.
Global miqyosdagi epidemiologik vaziyat va undan kelib chiqayotgan cheklovlar O‘zbekistonning investitsion va tashqi savdo faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatib, tadbirkorlar uchun moliyalashtirish, qurilish, ishlab chiqarishda zarur xomashyo va uskunalarni yetkazib berish masalalarida ma’lum to‘siqlar yaratayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarini o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Bu bilan birga, tijorat banklarini yetarli resurslar bilan ta’minlash maqsadida xalqaro moliyaviy institutlarning 1,2 milliard dollar miqdoridagi mablag‘lari jalb etildi.
Hisobot davrida umumiy qiymati 1,8 milliard dollarlik 28 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 3,8 mingta yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.
Hududlarni rivojlantirish dasturlari doirasida umumiy qiymati 9,5 trillion so‘mlik 2049 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi, bu 27 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi.
Ayni paytda, bugungi kunda qator tarmoqlarda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq xatarlar ta’siri ostida investitsiyalarni o‘zlashtirishning prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish kechikayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari 2020-yil yakuniga ko‘ra ko‘zlangan natijalarga so‘zsiz erishish maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining ko‘rsatkichlari va ro‘yxatlarini qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berdi. Yil yakuniga kelib mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 9,9 milliard dollarni, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar – 6,8 milliard, xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘lari – 3,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Iqtisodiy taraqqiyotning muhim drayverlaridan biri sifatida eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralariga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yilning 6 oyi yakunlariga ko‘ra mamlakatimiz korxonalari tomonidan 6,1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingani ta’kidlandi. Ayni paytda eksport faoliyatiga 950 ta yangi korxona jalb etildi, xorijga yangi 85 ta nomdagi mahsulot yetkazib berish o‘zlashtirildi, shuningdek, qo‘shimcha 4 ta davlat bozoriga chiqildi.
Jahondagi iqtisodiy vaziyatning beqarorligi hamda global bozordagi talab va taklifning pasayishini e’tiborga olib, joriy yilning ikkinchi yarmida eksport salohiyatini oshirish maqsadida Respublika komissiyasiga pandemiya oqibatidagi tashqi omillar mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatiga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston eksporti yil yakuniga borib 17,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Keyingi yillarda Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari muttasil oshib bormoqda, oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “yo‘l xarita”lari doirasida turli tarmoqlarda yangi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda amaldagi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda investitsion hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizda yaponiyalik sheriklar bilan hamkorlikda geologiya, kimyo va neft-kimyo, bank-moliya, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi sohalarda umumiy qiymati 5,6 milliard dollarlik 48 ta loyiha amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Xususan, “HIS” kompaniyasi bilan mehmonxona majmualarini qurish, “Isuzu” va «Itochu» kompaniyalari bilan «SamAvto» qo‘shma korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan Navoiy issiqlik elektr stansiyasida energetik bloklar barpo etish bo‘yicha va ko‘plab boshqa loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Pandemiyaga qaramay, joriy yilda ikki mamlakat hukumatlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro muloqotlar, shu jumladan zamonaviy axborot texnologiyalari orqali ancha faollashgani qayd etildi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari aniq iqtisodiy dastur va loyihalarni ilgari surish orqali O‘zbekiston-Yaponiya amaliy hamkorligini kengaytirish zarurligini alohida ta’kidladi.
Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlik ham keyingi yillarda ijobiy sur’at bilan rivojlanmoqda. Joriy yilning boshidan buyon tovar ayirboshlash qariyb 1 milliard dollarga yetdi, Janubiy Koreya kapitali ishtirokida 60 ta yangi korxona tashkil etildi, ularning umumiy soni esa 855 taga yetdi.
Joriy yilda Toshkent shahrida ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi hamda Farg‘ona shahrida O‘zbekiston-Koreya xalqaro universitetini tashkil etish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgani, ular doirasida 1 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 17-aprel kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida tamal toshi qo‘yilgan Innovatsion ilmiy ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini qurish ishlari jadal davom etmoqda. Ushbu loyiha doirasida Farmatsevtika texnika universiteti hamda dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy quvvatlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Qishloq xo‘jaligi, AKT, sog‘liqni saqlash, kimyo, yengil, elektrotexnika, farmatsevtika va zargarlik sanoati, ta’lim va innovatsiyalar kabi sohalar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Iqtisodiy taraqqiyot fondi orqali moliyaviy-texnik ko‘mak dasturlari doirasida umumiy qiymati 750 million dollardan ortiq bo‘lgan 17 ta loyiha, jumladan Kimyoviy texnologiyalar markazi, yoshi kattalar uchun klinika tashkil etish, yurtimiz tibbiyot va ta’lim muassasalarini jihozlash loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yaponiya va Janubiy Koreya bilan qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi natijasida jami 1 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Umuman, erishilgan kelishuvlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish 50 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishlab chiqarish hajmlarini 4,1 milliard dollarga, eksport hajmini esa 1,14 milliard dollarga oshirish imkonini beradi.
2019-yilda Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshirilgan oliy darajali tashrif yakunida salmoqli ikki tomonlama hujjatlar to‘plami, shu jumladan savdo-iqtisodiy va investitsion bitimlar imzolangan edi. Energetika, infratuzilma, kimyo va neft-kimyo, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq aniq loyihalar ishlab chiqilmoqda. BAA sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni 141 tani tashkil etyapti.
Amirliklar kompaniyalari bilan kelishuvlar o‘z natijasini berayotgani ta’kidlandi.
Xususan, “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatida 500 MVt quvvatiga ega shamol elektr stansiyasi qurilishiga investitsiya kiritmoqda, sarmoyalarning umumiy hajmi esa 500 million dollardan oshadi.
Abu-Dabi taraqqiyot fondi ishtirokida e’lon qilingan kapitali 1 milliard dollar bo‘lgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi ta’sis etildi. Kompaniya ilk loyihalarni moliyalashtirishni boshladi.
Shuningdek, Abu-Dabi taraqqiyot fondi Samarqand shahrining infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etmoqda.
BAAning “Mubadala” davlat investitsion kompaniyasi bilan energetika sohasida hamda uglevodorodlar qazib olishni ko‘paytirish va ularni chuqur qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiya, Koreya Respublikasi va BAA bilan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ning 2020-yil uchun belgilangan chora-tadbirlarini to‘liq va sifatli bajarish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, aniq vazifa va chora-tadbirlar belgilab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti