Aholi bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 22-aprel kuni aholi bandligini ta’minlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Koronavirus pandemiyasi sababli dunyodagi millionlab korxona va tashkilotlar o‘z faoliyatini to‘xtatgani 2 milliard 700 million ishchiga ta’sir ko‘rsatdi. Jahonda kambag‘al aholi soni qariyb 2 baravarga yoki 500 million kishiga ko‘payish xavfi yuzaga kelmoqda.
Mamlakatimizda karantin tufayli 196 mingta korxonada ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hajmi keskin kamaygan. Karantin tufayli, tabiiyki, ishsizlar soni ham oshgan.
Buni aprel oyidagi 20 kunlik soliq tushumlarida ham kuzatish mumkin. Jumladan, qator viloyatlarda 30-40 foiz, ayrim tuman va shaharlarda esa 50 foizdan ziyod tushum ta’minlanmagan.
Bunday og‘ir sharoitda davlatimiz tomonidan qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, bir oy ilgari qabul qilgan 2 ta qarorga asosan, hozirga kelib nafaqa va moddiy yordam oladigan bolali oilalar soni 595 mingdan 655 mingga, ya’ni 60 mingtaga ko‘paytirildi. Shuningdek, aholining kreditlar bo‘yicha 3 trillion 260 milliard so‘mlik to‘lovlari muddati uzaytirildi.
Karantin davrida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi va Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan 141 ming 800 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlanib, ularga 43 milliard 225 million so‘m ish haqi to‘lab berildi. Shu bilan birga, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari tomonidan 219 ming oilaga oziq-ovqat va sanitariya-gigiyena mahsulotlari tarqatildi.
Biroq, shu bilangina cheklanib qolib bo‘lmaydi. Kun sayin o‘zgarayotgan vaziyat aholi bandligini ta’minlash va muhtoj oilalarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab etmoqda.
Yig‘ilishda karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasi Samarqand va Namangan viloyatlarida amalga oshirilayotgan ishlar misolida muhokama qilindi.
Tadbirkor va fermerlar kambag‘al oilalarga tomorqada ekin ekishga yordam berishi, takroriy ekin uchun o‘z yeridan joy ajratishi, kasanachilikni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishi lozimligi ta’kidlandi. Davlat esa bunday sub’ektlarga soliqni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, muddatini kechiktirishga ruxsat beradi yoki kredit ajratadi.
Misol uchun, Samarqand viloyatida “Agromir” korxonasi rahbari bir mingta oilani qaramog‘iga olib, 600 gektarda yangi tokzorlar barpo etish ishlarini boshlagan. 500 dan ziyod kambag‘al oilani kooperativga doimiy ishga olib, yangi tokzorlar orasini ularga bo‘lib bergan va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Qirq kunda hosil olsa bo‘ladigan bodring urug‘ini tarqatib, ekish harakatlarini boshlagan. Qurilish ishlariga yana 100 ta odamni ishga olgan.
Yana bir misol: Samarqand shahridagi “Aziya metall prof” korxonasi rahbari mingta oilaga oziq-ovqat tarqatgan, 10 ga yaqin ehtiyojmand oilaga uy qurib berish, 100 nafarini ishga olish tashabbusi bilan chiqqan. Shuningdek, Namangan viloyatidagi “Art soft” klasteri ta’sischilari Namangan shahri, Pop, Mingbuloq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 3 ming nafar oilaga yordam berish tashabbusi bilan chiqdilar.
Bu boradagi tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi mas’ulligida vazirlik va hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi operativ shtab tuziladi.
Barcha tuman va shaharlarda ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholini nomma-nom aniqlab, shakllantirilgan ro‘yxatlar asosida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasidagi ishlarni manzilli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Karantindan oldin ham ishsiz bo‘lgan va kunlik daromad asosida yashab kelgan odamlarni faol mehnat orqali ish bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Xususan, qishloq xo‘jaligi kooperativlari va xonadonlarda issiqxonalar tashkil etish hisobiga 14 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. 110 ming kishini mavsumiy, 167 ming fuqaroni jamoat ishlari bilan qamrab olish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi bir necha yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi, qurilish, kimyo sanoati va mashinasozlik bo‘yicha muhim chora-tadbirlar belgilab berildi. Bu ishlar joylarda to‘g‘ri tashkil qilinsa, minglab odamlar bandligi ta’minlanadi.
Masalan, quduq qazib 26 ming gektar maydonda tashkil etiladigan bog‘, tokzor va issiqxonalarda 52 ming, ipakchilik tarmog‘ida 785 ming, qurilish va infratuzilma sohasida 75 ming yangi ish o‘rni yaratish mumkin.
Prezidentimiz belgilangan vazifalarni sifatli bajarib, odamlarni ham band, ham rozi qilish kerakligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda servis sohasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hozirgi kunda umumiy ovqatlanish tarmog‘ida 13 ming, savdoda 45 ming, xizmat ko‘rsatishda 19 ming, transportda 7 ming korxona faoliyatini to‘xtatgan yoki tushumlari keskin kamaygan.
Vaholanki, karantin sharoitida ham oziq-ovqatlar va tovarlarni yetkazib berish, ko‘chma savdo va xizmatlarni tashkil etish orqali bu korxonalarning kamida 70 foizini ishlatish mumkin.
Shu bilan birga, karantin talablariga qat’iy amal qilgan holda, to‘lovlarni qabul qilish, sug‘urta, mikrokredit xizmatlarini ham yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.
Shulardan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasiga yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati uchun sharoit yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.
O‘tgan yil sentyabrdan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi berish boshlangan bo‘lsa-da, bu hali yetarli darajada samara bermayapti.
Shu bois o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy faoliyat yuritishi uchun qulay va sodda huquqiy tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Hozirda bunday kishilarga 85 ta faoliyat turi bilan shug‘ullanishga ruxsat berilgan. Yig‘ilishda bu ro‘yxatni kengaytirish, qonunchilikda taqiqlanmagan barcha tadbirkorlik turlariga ruxsat berish kerakligi aytildi. O‘zini o‘zi band qilgan odamlar faqat xabardor qilish orqali ro‘yxatdan o‘tib ishlaydigan mexanizm joriy etiladi.
Yurtimizda hunarmandchilik yaxshi an’analarga va ulkan salohiyatga ega. Bugungi kunda 25 mingdan ziyod usta, shogirdlari bilan qo‘shib aytganda jami 80 mingga yaqin oila shu sohadan daromad topmoqda.
Yig‘ilishda masofaviy o‘quv kurslar tashkil etib, yoshlar va ayollarga hunar o‘rgatish, o‘z maktabiga ega hunarmand ustalar tajribasini televideniye orqali ommalashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
“Hunarmand” uyushmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga hunarmandchilik mahsulotlarini O‘zbekiston milliy brendi ostida xorijda sotishni ta’minlovchi onlayn platforma yaratish vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunda ko‘plab yoshlar uyida o‘tirib, internet orqali dizaynerlik, tarjimonlik, dasturlash, reklama, repetitorlik kabi xizmatlar ko‘rsatmoqda. Lekin bunday mutaxassislar, ya’ni frilanserlar uchun masofadan hisob raqami ochish, pochta, to‘lovlarni qabul qilishda qator to‘siqlar mavjud. Oqibatda ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarning xarajatlari 2-3 barobar oshib ketmoqda.
Shu bois mutasaddilarga bunday faoliyat turlari uchun imtiyoz va preferensiyalar berish, yoshlarni internetdan foydalanib, aqliy mehnat orqali daromad topishga o‘rgatish, sohani rivojlantirish uchun xorijda ommabop bo‘lgan to‘lov tizimlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Videoselektor yig‘ilishida soha mutasaddilari va hokimlar belgilangan ko‘rsatkichlarni bajarish rejalari yuzasidan axborot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti