Pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 17-aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Joriy yilda xalqaro va xorijiy moliya institutlari tomonidan yo‘naltirilgan 2,7 milliard dollarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Ularning asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, amaldagi loyihalarni optimallashtirgan holda, mablag‘lar birinchi o‘rinda tibbiyot sohasiga yo‘naltirilmoqda. Xalqaro tashkilotlar bu borada mamlakatimizga ko‘maklashish va mablag‘ ajratishga tayyor ekanini bildirmoqda.
Yig‘ilishda xalqaro moliya institutlari pandemiya bilan kurash uchun sog‘liqni saqlash sohasiga ajratayotgan 277 million dollar miqdoridagi mablag‘larni tez fursatlarda va samarali o‘zlashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Islom taraqqiyot banki bilan kelishib, Toshkent viloyati Zangiota tumanida qurilayotgan shifoxona va Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin hududini zamonaviy tibbiy texnikalar bilan jihozlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga birlamchi va tibbiy yordam loyihalari doirasida Osiyo taraqqiyot banki hamda Jahon bankining 30 million dollar mablag‘i evaziga o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qiluvchi 2 ming 300 ta apparat va boshqa uskunalar sotib olish vazifasi qo‘yildi.
Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Jahon bankidan qo‘shimcha mablag‘lar jalb etib, tibbiy va ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Pandemiya sharoitida tadbirkorlik, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 700 million dollar jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu mablag‘larni, birinchi navbatda, meva-sabzavotchilik, oziq-ovqat sanoati va eksportni rag‘batlantirishga yo‘naltirish zarurligini ta’kidladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19-martdagi farmoniga ko‘ra, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilgan edi. Mazkur fonddan infratuzilma va kommunal xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha ravishda 3,6 trillion so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda shu masalaga ham alohida e’tibor qaratilib, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari uchun donor tashkilotlar bilan qo‘shimcha grant kelishuvlari imzolash muhimligi qayd etildi.
Xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilishni jadallashtirish va o‘z vaqtida o‘zlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.