Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 19-mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
– Bugungi sharoitda sanoat korxonalari, tadbirkorlar va eksportyorlar bizdan aniq va samarali choralar kutmoqda. Shu bois iqtisodiyotda hisob-kitob qilinayotgan yoʻqotishlar oʻrnini qoplash uchun zaxira yaratish va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash hukumatning asosiy vazifasi boʻlishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Prezidentimiz koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida farmon qabul qildi. Hujjatga asosan, Inqirozga qarshi jamgʻarma tuzilib, unda 10 trillion soʻm shakllantiriladi.
Yigʻilishda farmonda belgilangan dolzarb vazifalarni amalga oshirish, pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy taʼsirini yumshatish masalalari muhokama qilindi.
Koronavirus tarqalashining oldini olish, shifoxonalarni dori, himoya va diagnostika vositalari bilan taʼminlash, karantin xarajatlarini oʻz vaqtida moliyalashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Yurtimizda koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgan. Ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlab, oylik maoshiga qoʻshimcha 120 foiz ustama toʻlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Kasallanganlarni oʻz vaqtida aniqlash va profilaktikaga eʼtiborni kuchaytirish, buning uchun barcha hududiy yuqumli kasalliklar shifoxonalarini ekspress-testlar bilan taʼminlash muhimligi qayd etildi.
Hozirgi kunda 16 mingdan ortiq fuqarolar karantinga olingan. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga karantin nazoratini taʼminlash yuklatildi.
Koronavirus taʼsiri eng yuqori boʻlgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq taʼtillari va kredit qarzlari boʻyicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Masalan, mehmonxona biznesida 90 milliard soʻmlik, transport-logistika sohasida 650 milliard soʻmlik, umumiy ovqatlanish muassasalarida 180 milliard soʻmlik, tashqi savdo korxonalarida 3,6 trillion soʻmlik kreditlarni qaytarish imkoniyati pasaymoqda. Turistik firma va mehmonxonalar har bir sayyoh uchun kuniga 2-3 dollardan turizm yigʻimi toʻlab kelmoqda.
Shu bois ushbu korxonalarning kredit muddatlarini uzaytirish, turistik yigʻimlar undirishni vaqtincha toʻxtatish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, pandemiya sababli faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlarga banklar orqali foizsiz byudjet ssudalari ajratiladi. Hokimlarga iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan korxonalardan mahalliy soliqlarni undirishni 6 oygacha kechiktirish vakolati beriladi.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad soligʻi, fermerlarning suv soligʻi 50 foizga kamaytiriladi. Bunda mahalliy byudjetdagi yoʻqotishlar respublika byudjetidan qoplab beriladi.
Yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy eʼlon qilinadi va qiynalgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblash toʻxtatiladi. Bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi.
Xalqaro savdodagi vaziyatni inobatga olib, eksport-import boʻyicha kechiktirilgan qarzdorlikka jarima qoʻllamaslik, “yashil yoʻlak”lardan mahsulot oʻtkazishni koʻpaytirish, yuk tashishda yuzaga kelayotgan masalalarni operativ hal etib borish boʻyicha topshiriqlar berildi.
– Hozirgi holatda baʼzi korxonalarning soliq tushadigan bazasi kamayishi tabiiy. Lekin bu kamomad nima hisobidan qoplanishi boʻyicha mutasaddilarda kundalik tahlil va soʻrov boʻlishi shart, – dedi Prezident.
Yigʻilishda aholini ijtimoiy himoyalash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Karantinga yopilgan muassasalar xodimlari, karantindagi fuqarolar va ularga qarovchilarning huquqlarini taʼminlash, ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini kamida 10 foizga yoki 60 mingtaga oshirish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.
Karantindagi farzandlariga qarayotgan ota-onalarni ishdan boʻshatishga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. Ularga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi yuz foiz toʻlab beriladi.
Maktabgacha taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari faoliyati toʻxtab turgan davrda tarbiyalanuvchilar va boshlangʻich sinf oʻquvchilarining ota-onalariga yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga yillik mehnat taʼtilidan foydalanishning yillik rejasidan qatʼi nazar yillik mehnat taʼtili taqdim etiladi.
Iqtisodiy faollik pasaygan paytda aholi bandligi masalasi alohida eʼtibor talab etadi. Shu bois Inqirozga qarshi jamgʻarmadan Jamoat ishlari jamgʻarmasiga qoʻshimcha 200 milliard soʻm ajratiladi. Ushbu mablagʻlar odamlarni ish bilan taʼminlash, buning uchun mahallalarda qoʻshimcha infratuzilma obyektlari qurishga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga 500 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ berilib, ish oʻrinlari yaratadigan biznes subyektlarga koʻmaklashiladi.
Ushbu chora-tadbirlarni sifatli bajarish maqsadida Bosh vazir rahbarligida Inqirozga qarshi respublika komissiyasi tuzilishi belgilandi. Ushbu komissiya 22-martdan boshlab ikki oy davomida har bir tuman va shaharda koronavirusga qarshi kurashish, sanoat, xizmat koʻrsatish, savdo, transport, logistika va boshqa korxonalarni barqaror ishlatish masalalarini hal qilib boradi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasiga bozorlardagi narx-navoning oʻzgarishini kuzatib borib, mavjud zaxiradan qoʻshimcha mahsulotlarini savdoga chiqarish boʻyicha topshiriq berildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
O'zA