“Oliy Darajali Doʻstlik” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 30-sentyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 11-oktyabrda maʼqullangan
1-modda. “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni taʼsis etilsin.
2-modda. “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3-modda. “Oliy Darajali Doʻstlik” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi 176-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 11-aprelda qabul qilingan OʻRQ-473-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 221-modda; 2019-yil, № 9, 589-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 8-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari tarkibiga «Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni ham kiradi»;
2) 15-modda quyidagi mazmundagi sakkizinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni koʻkrakning oʻng tomoniga yoki orden zanjirida taqiladi»;
sakkizinchi – oʻn toʻrtinchi qismlari tegishincha toʻqqizinchi –
oʻn beshinchi qismlar deb hisoblansin;
oʻn ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Plankalardagi lentalarni taqib yurish qoidalari oliy mukofot belgisi – «Oltin Yulduz” medaliga, “Mustaqillik”, “Amir Temur”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Oliy Darajali Doʻstlik” ordenlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir koʻkrak nishonlariga nisbatan qoʻllanilmaydi».
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 11-mart
* * *
Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 11-martdagi
OʻRQ-609-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan
“Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni toʻgʻrisida
Nizom
1. “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi xalqining cheksiz hurmat va ehtirom ramzi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi bilan oʻzaro doʻstlik, har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini barqaror rivojlantirishda, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni hal etishda yuksak siyosiy iroda namoyon etgan, faol tashabbuslarni ilgari surgan va koʻp qirrali hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga yangicha ruh, chuqur va amaliy mazmun bagʻishlagan hamda Oʻzbekiston Respublikasi oldidagi alohida eʼtirof etilgan yuksak xizmatlari uchun:
xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari;
xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari;
xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari;
atoqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, taʼlim va tarbiya, sogʻliqni saqlash, maʼnaviyat, madaniyat va sport sohalarining koʻzga koʻringan ulkan namoyandalari, insonparvarlik ruhidagi ezgu ishlari bilan nom qozongan metsenatlar, biznes hamjamiyatining taniqli vakillari mukofotlanadi.
2. “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni bilan:
Oʻzbekiston Respublikasi bilan chet davlatlari oʻrtasida har tomonlama manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, oʻzaro hurmat va ishonchni kuchaytirishdagi shaxsiy hissasi;
xorijiy mamlakatlarning xalqlari bilan doʻstlik, hamjihatlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash borasida koʻrsatgan alohida xizmatlari;
umuminsoniy va milliy maʼnaviy qadriyatlarni, tarixiy merosimizni asrab-avaylash, oʻrganish va keng targʻib etish, turli xalqlar madaniyati va sanʼatini yana-da boyitishdagi faol ishtiroki;
tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirish, yirik ijtimoiy-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek innovatsion gʻoya va texnologiyalarni yaratish hamda turli sohalarga tatbiq etishda erishgan salmoqli natijalari;
ilm-fan va maʼrifat, madaniyat, sanʼat va adabiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport sohalarini, shuningdek inson kapitalini rivojlantirish borasidagi katta yutuqlari;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlar va bolalarni qoʻllab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlashdagi koʻp yillik va fidokorona mehnati;
kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizni demokratik yangilashdagi roli va ahamiyatini oshirish, jamiyat va davlat oʻrtasidagi tizimli va samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari;
ekologik muammolarni hal etish, sayyoramiz va mamlakatimizda qulay atrof-muhitni taʼminlash, inson genofondini saqlash, bioxilma-xillik va tabiiy boyliklarni asrab-avaylash, hozirgi va kelgusi avlodning ekologik xavfsizligi haqida gʻamxoʻrlik qilishga qaratilgan koʻp yillik samarali faoliyati;
xalqaro miqyosdagi ulkan jamoatchilik, gumanitar va xayriya faoliyati uchun mukofotlanadi.
3. “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar taqdirlanishi mumkin. Bunda “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun Oʻzbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti hisoblanadi.
4. “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Orden bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
5. “Oliy Darajali Doʻstlik” ordenini va mukofotlash toʻgʻrisidagi tegishli hujjatni topshirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoki uning topshirigʻiga binoan boshqa mutasaddi rahbarlar tomonidan tantanali vaziyatda amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tashabbusi bilan amalga oshiriladi.
7. “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovgʻalarini oladilar, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.
8. “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni tegishli ketma-ketlikka rioya etgan holda koʻkrakning oʻng tomoniga yoki orden zanjirida taqib yuriladi.
* * *
Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 11-martdagi
OʻRQ-609-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan
“Oliy Darajali Doʻstlik” ordenining
Tavsifi
“Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni 1 mikron qalinlikdagi 999 probali oltin bilan qoplangan 110 gramm ogʻirlikdagi 916 probali kumushdan tayyorlanadi va toʻrtta qoplamali medalyondan iborat boʻladi.
Birinchi va ikkinchi medalyonlar oʻzaro uygʻunlikda quyosh timsolidagi oʻn olti qirrali yulduzni ifodalaydi.
Diametri 63,4 millimetrli oksidlangan kumushdan tayyorlangan birinchi sakkiz qirrali yulduz qirralarining har biri uchta nurdan tashkil topgan.
Diametri 70 millimetrli ikkinchi sakkiz qirrali yulduz och xira kumushdan tayyorlangan va zarhal hoshiyali qavariq nurlardan iborat. Nurlarning ustki qismiga uzunligi 7,8 millimetrli zarhallangan shakldor barglar yotqizilgan.
Uchinchi medalyon diametri 42,1 millimetrli, zarhallangan, ikki qirrali nurlarga ega boʻlgan sakkiz qirrali yulduzni ifodalaydi hamda uning ustki qismiga sirlangan kumushdan va naqshli toshlardan tayyorlangan diametri 39,5 millimetrli toʻrt qirrali nurlarga ega boʻlgan sakkiz qirrali yulduz joylashtirilgan.
Ordenning markazida joylashgan toʻrtinchi medalyon diametri 24,6 millimetrli, koʻk rangli emal bilan qoplangan, zarhallangan aylana bilan oʻralgan va pastki chetlari 2,4 millimetr oʻlchamdagi 0,96 karatli 6 ta brilliant bilan naqshlangan doirani ifodalaydi. Medalyonning yuqori qismida zarhallangan “OLIY DARAJALI DOʻSTLIK” yozuvi tushirilgan. Harflarning balandligi 2,3 millimetr.
Medalyon markazida diametri 17,2 millimetrli zarhal doira ichida tinchlik va doʻstlik ramzi boʻlgan ochiq kaftlar hamda tumshugʻida zaytun novdasini tutib turgan kabutarning zarhallangan qavariq tasviri ifodalangan.
Orden ikkita mahkamlagichga ega:
1) gaykaga burab qotiriladigan burama mahkamlagich;
2) orden zanjiriga mustahkamlanadigan yechiladigan qisqich.
Ordenning orqa tomoniga 2 millimetrli oʻlchamdagi botiq shrift bilan mukofot raqami tushiriladi.
Uzunligi 700 millimetrli orden zanjiri 916 probali, ogʻirligi 170 gramm boʻlgan, 1 mikron qalinlikdagi 999 probali oltin bilan qoplangan kumushdan tayyorlanadi. Zanjir yirik va mayda halqalarga boʻlinadi. Diametri 45 millimetr boʻlgan yirik halqalar ordenning markaziy medalyoni tasvirini ifodalaydi, kichik halqalar 18 millimetrli sakkiz qirrali yulduzlardan iborat. Zanjir 22 ta halqalar, shu jumladan ilgakdan iborat.
Orden zanjirining markaziy halqasi koʻk rangdagi emal bilan qoplangan doiraga tushirilgan ikkita oʻzaro bogʻliq sakkizburchakni tashkil qiladi. Koʻtarilayotgan quyosh fonida Humo qushi tasvirlangan.