Atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi
2020-yilning 6-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev atrof-muhitni asrash va chiqindilarni boshqarish tartibini takomillashtirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi hamda 2019-2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasi ijrosi qoniqarsiz deb topildi.
Xususan, atrof-muhitga salbiy taʼsirlar saqlanib qolmoqda. Atmosferaga katta miqdorda ifloslantiruvchi moddalar chiqarilmoqda. Fauna va floraga xavf ortib boryapti.
Maishiy chiqindi hajmi yiliga 7 million tonnadan ziyod boʻlib, uning atigi 19 foizi qayta ishlanmoqda. Bu borada xususiy sektor ulushi past. Sanitar tozalash xizmatlari hamma mahallalarda ham mavjud emas. Qurilishlar va sanoat rivoji natijasida chiqindilar hajmi ortmoqda.
Yigʻilishda aholiga sanitar xizmat koʻrsatish qamrovini 2021-yilda 100 foizga yetkazish, 221 ta chiqindi poligonini sanitariya-ekologiya talabiga muvofiqlashtirish zarurligi belgilandi.
Qurilish vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga joriy yilda Toshkent, Samarqand va Andijon viloyatlarida, keyinchalik boshqa hududlarda ham qurilish chiqindisi poligonlari hamda chiqindini qayta ishlash loyihalarini ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish, Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlaganlik uchun jazoni kuchaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Maʼlumki, Prezidentimiz farmoniga muvofiq, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy qilingan edi. Lekin joylardagi rahbarlarning eʼtiborsizligi oqibatida ayrim hollarda oʻsimlik dunyosiga zarar yetkazildi. Bosh prokuraturaga ushbu masala boʻyicha hokimlar faoliyatini qatʼiy nazoratga olib, javobgarlik muqarrarligini taʼminlash topshirildi.
Ishlab chiqarish jarayonida ekologik normalarga rioya etish masalalari ham tahlil qilindi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi laboratoriyalarida jihozlarning 65 foizi eskirgani koʻrsatib oʻtildi. Havoga ifloslantiruvchi moddalar chiqarish hajmining 60 foizi yoqilgʻi-energetika, 20 foizi togʻ-kon va metallurgiya sohasiga toʻgʻri kelmoqda.
Shu bois tabiatni muhofaza qiluvchi texnologiyalarni qoʻllagan sanoat korxonalarini ragʻbatlantirish, chang-gaz tozalash uskunalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Sohada kadrlar siyosati keskin tanqid qilindi. Jumladan, malakali mutaxassislar, ilmiy-tadqiqot ishlari yetishmasligi, birorta oliy oʻquv yurtida ekologiya boʻyicha maxsus fakultet yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi. Tadqiqotlarga grantlar ajratish, xorijda ilmiy xodimlar malakasini oshirish, sohaga innovatsion texnologiya va gʻoyalarni jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
O'zA