“LUKOYL” kompaniyasi rahbari "Vagit Alekperov: investorlarga yaratilayotgan qulayliklar tahsinga sazovor
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 5-mart kuni Rossiyaning “LUKOYL” kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.
Uchrashuvdan soʻng Vagit Alekperov quyidagilarni soʻzlab berdi:
– Bugun Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar butun dunyo biznes hamjamiyati tomonidan ijobiy baholanmoqda. Ijtimoiy sohada ham ulkan oʻzgarishlar roʻy bermoqda.
Men bugun “Tashkent City”da bunyod etilgan noyob inshootlarda boʻldim. Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlarda ham shu kabi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston fuqarolarining nafaqat bugungi, balki ertangi kunga ishonchi ortgan. Mahalliy investitsiyalar koʻpaymoqda. Bularning barchasi xorijiy investorlar ishonchini oshiradi. Qisqa vaqtda mamlakatning biznes uchun jozibadorlik jihatidan eng ilgʻor davlatlar qatoriga olib chiqilishi tahsinga loyiq.
Prezidentga navbatdagi rejalarimiz haqida axborot berdim. Ularni qoʻllab-quvvatladilar. Oʻzbekiston Prezidenti shakllantirgan poydevor asosida yangi qonunchilik bazasi yaratilmoqda. Biz investor sifatida amalga oshirayotgan loyihalarimiz barqaror soliq qonunchiligiga tayanishidan manfaatdormiz.
Kompaniyamiz Oʻzbekistonda ijtimoiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga ham sarmoya kiritmoqda. Bolalar bogʻchalari qurilmoqda. Uchrashuvda Gazli shahri ijtimoiy infratuzilmasini takomillashtirish, geologiya-qidiruv sohasida “Oʻzbekneftgaz” bilan qoʻshma korxona tuzish masalasi muhokama qilindi.
Prezident ilm-fan, raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga katta ahamiyat bermoqda. “LUKOYL” kompaniyasi ilmiy taʼlim markazlarini tashkil etish borasida oʻziga xos tajribaga ega. Biz oliy maktablarni ilmiy loyiha institutlarimiz bilan birlashtirdik. Bunday loyiha Perm shahrida amalga oshirilgan. Prezident janoblari mutasaddilarga biz toʻplagan tajriba bilan tanishish va uni Oʻzbekistonda ham joriy etish boʻyicha topshiriq berdilar.
Suma Chakrabarti: uch yillik hamkorligimiz samarali boʻldi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 5-mart kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi ushbu moliyaviy institut delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvdan soʻng Suma Chakrabarti quyidagilarni soʻzlab berdi:
– Avvalo, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mamlakatingizda keng koʻlamda olib borilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tarafdori ekanini taʼkidlamoqchiman.
Oʻzbekiston bilan uch yillik hamkorligimizni nishonlamoqdamiz. Mamlakatingiz iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyamiz hajmi 1,1 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi. Jalb qilingan sarmoya turli sohalarda 33 loyihani amalga oshirishga qaratilgan. Birgalikda yana koʻplab qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etmoqchimiz. Oʻzbekiston, ayniqsa, xususiylashtirish sohasida yana-da jadal rivojlanishi zarur.
YETTB xususiylashtirish sohasiga yana-da koʻproq investitsiya kiritish niyatida. Bu, jumladan, korxona va banklarni xususiylashtirishga yoʻnaltiriladi. Biz tabiiy resurslar, togʻ-kon sanoati, gaz va energetika sohalarida ham qoʻshma loyihalarni amalga oshiramiz.
Ayni paytda asosiy eʼtiborni nafaqat poytaxt, balki viloyatlardagi loyihalarga qaratmoqdamiz. Andijonda vakolatxonamiz mavjud. Joriy yilda Urganch shahrida ham vakolatxona ochish niyatidamiz. Vakolatxonalarimiz mahalliy sanoatni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga har tomonlama xizmat qilmoqda. Soʻzim soʻngida, hamkorligimiz barqaror rivojlanayotganini alohida taʼkidlashni istardim.
O'zA