Moturidiya taʼlimoti – jaholatga qarshi maʼrifat kurashidir
Samarqand shahrida 3-mart kuni “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi.
Oʻzbekiston – dunyo sivilizatsiyasi va islom ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ allomalar, aziz-avliyolar yurti. Ushbu haqiqatni keyingi yillarda ajdodlarimizning bebaho merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va yana-da rivojlantirish, yuksak insoniy gʻoyalar va muqaddas qadriyatlarimizni oʻzida ifoda etgan manbalarni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy taʼlim, maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarida samarali foydalanish, darslik va oʻquv qoʻllanmalar, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarda ham koʻrish mumkin.
Bu kabi amaliy ishlar Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yana-da oshirish, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim oʻrin tutadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Fanlar akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Misrdagi Al-Azhar majmuasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur xalqaro konferensiya ham ushbu yoʻnalishdagi ishlarning amaliy ifodasidir.
Ushbu xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga Misrning Al-Azhar majmuasi rahbari, ushbu davlat bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Iordaniya, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Ukraina, Shveysariya, Qirgʻiziston va Qozogʻiston kabi mamlakatlardan 70 ga yaqin ulamo, islomshunos olim, nufuzli taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari tashrif buyurdi.
Konferensiyaning yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.Qosimov, Oʻzbekiston Resupublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va boshqalar yangilanayotgan Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan va tag zamirida xalqimizni rozi qilish maqsadi mujassam boʻlgan islohotlar diniy-maʼrifiy sohada ham oʻz aksini topayotganini taʼkidladi. Bu yangilanish va oʻzgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilib, ijobiy baholanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani buning yorqin isbotidir.
Yurtimizda keyingi uch yilda ekstremistik va terroristik tuzilmalarning buzgʻunchi gʻoyalari taʼsiriga tushib qolgan 20 mingdan ziyod fuqaro maxsus hisobdan chiqarildi. Turli jinoyatlarni sodir etgan, lekin xatosini tushunib yetganlarni afv etish yuzasidan Prezidentimizning 9 ta farmoni qabul qilindi va 4 mingdan ortiq kishi jazoni oʻtash joylaridan ozod etildi. Jasliqda joylashgan jazoni oʻtash muassasasi butunlay tugatilgani ham insonparvarlik siyosatining amaliy ifodasi deyish mumkin.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Mehr” va “Mehr-2” insonparvarlik operatsiyalari doirasida Yaqin Sharq mintaqasidagi qurolli mojarolar davom etayotgan hududlardan 261 nafar Oʻzbekiston fuqarosi yurtimizga olib kelindi. Ayni paytda ularni jamiyatga integratsiyalashtirish jarayonlari davom etmoqda.
Mamlakatimizda milliy va diniy qadriyatlarni tiklash, asrab-avaylash, buyuk allomalarning boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib qilish, jamiyatda diniy bagʻrikenglikni yana-da mustahkamlash maqsadida oʻziga xos amaliy mexanizmlar – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadisshunoslik oliy maktabi, hadis, kalom, tasavvuf, aqida, fiqh ilmiy maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Asosiy maqsad, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi alloma ajdodlarimiz merosini ilmiy oʻrganishni yana-da faollashtirish, muqaddas dinimizni turli tahdidlardan himoya qilish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yoshlarni insoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdir.
Diniy allomalar bilan bogʻliq ziyoratgohlarni obodonlashtirishga katta eʼtibor qaratilayotgani xalqimizga xos azaliy anʼanalarni ifoda etadi. Jumladan, Buxoroda Yetti pir, Qarshida Abu Muin Nasafiy, Termizda Sulton Saodat va boshqa qadamjolar taʼmirlanib, ularga kelayotgan mahalliy va xorijiy mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratildi. Oʻzbekiston tarixida ilk bor xalqaro “Ziyorat turizmi” forumi hamda “Naqshbandiy turizm festivali 2019” xalqaro tadbiri tashkil etilgani quvonarli, albatta.
Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasidagi alohida oʻrni hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohaga oid islohotlarning eʼtirofi sifatida Fan, taʼlim va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti – AYSESKO tomonidan Buxoro shahri “2020-yilda islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilindi. Shu munosabat bilan mamlakatimizda qator xalqaro anjumanlar, koʻrgazmalar, taqdimotlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Oʻzbekistonda 2020-yil “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlandi. Endilikda bu borada qilinadigan ishlar koʻp asrlik ibratli anʼanalarimizni yangi bosqichga olib chiqishda dasturilamal boʻladi. Zero, ilmu maʼrifat asosiy boylikdir. Ilmga asoslangan taraqqiyot esa bugun “raqamli iqtisodiyot” bilan uzviylikni talab etmoqda.
Yalpi majlisda Misrning Al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Tayyib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Imom Abu Mansur Moturidiy diniy-maʼrifiy merosini chuqur oʻrganish, uning muqaddas dinimiz musaffoligini himoya qilish yoʻlidagi kurashi, musulmon odob-axloq qoidalarini, jumladan, moʻtadillik, kechirimlilik, hamjihatlik va oʻzaro tushunib yashashga intilishdek olijanob fazilatlarni asrab-avaylash, xalqaro jamoatchilikka yetkazishda birlashish lozimligini taʼkidladi.
“Hidoyatga boshlovchi imom” va yana qator ulugʻ sifatlar bilan tarixga kirgan, jaholatga qarshi maʼrifat vositasida kurashgan buyuk teolog Abu Mansur Moturidiyning ibratli hayoti, boy ilmiy merosini oʻrganishga bagʻishlangan xalqaro anjuman islom dinining asl qadriyatlarini asrab-avaylash hamda musulmon davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Anjumanda Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash, yurtimizdan yetishib chiqqan ulugʻ allomalar ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etishga qoʻshgan munosib hissasi uchun Misrning Al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Tayyibga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvoni berildi.
Shayx Ahmad Tayyib janoblari muqaddas Samarqand shahrining faxriy fuqarosi boʻlish yuksak sharaf ekanligini taʼkidlab, koʻrsatilgan yuksak hurmat va eʼtibor uchun Oʻzbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.
Yalpi majlis davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish, islom dini taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, ular qoldirgan bebaho merosning mazmun-mohiyati, ahamiyatini targʻib etishga bagʻishlangan videolavha namoyish etildi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Abdugʻafur Ahmedov, Eʼtiborli ulamolar kengashi bosh kotibi, professor Abdulloh Abdulgʻani Sarxan, Musulmon donishmandlari kengashi bosh kotibi Sulton Faysal Rumaysiy, Al-Azhar majmuasi rahbari maslahatchisi Abdurahmon Musa, Al-Azhar Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Nazir Muhammad Ayyadning maʼruzalari tinglandi.
Soʻzga chiqqanlar mazkur anjuman Alloh ulugʻlagan rajab oyida, tarixi buyuk yurtimizning betakror zamini, jahon madaniyati, xususan, islom dini taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan Samarqandda oʻtayotgani oʻziga xos ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladi. Moturidiylikning bashariyat sivilizatsiyasidagi oʻrni, Al-Azhar majmuasining islom merosi va ahli sunna eʼtiqodini saqlash, tinchlik va bagʻrikenglikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan faoliyati va saʼy-harakatlari xususidagi maʼruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
– 2007-yildan buyon Moturidiyning tafsir kitoblari boʻyicha ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar olib bora boshladim, – deydi Turkiya islom ilmlari akademiyasi rahbari Ahmad Saʼd Damanhuriy. – Shundan buyon faoliyatimni toʻliq shu mavzuga bagʻishladim, bu ulugʻ alloma toʻgʻrisida kengroq maʼlumot toʻplashga kirishdim. Izlanishlarim natijasida 200 betlik “Saddus-sugʻur bi siyrati alamiy Huda Abu Mansur” kitobini yozdim. Bu asar Moturidiy shaxsiga doir ayrim tushunmovchiliklarni barataraf etish, buyuk imomning ulkan xizmatlarini maʼlum maʼnoda eʼtirof etilishiga erishishga qaratilgan. Mazkur anjumanda shu va boshqa masalalar yuzasidan fikrlashib olish imkoniyati tugʻilganidan xursandman.
– Islom dinini moturidiya taʼlimotisiz tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, globallashuv jarayonlari kuchaygan hozirgi sharoitda Imom Moturidiyning bundan bir necha asrlar oldin aytgan fikrlari, muqaddas dinimiz sofligini asrash boʻyicha ilgari surgan qarashlari muhim ahamiyatga ega, – deydi Qozon shahridagi Rossiya islom universiteti rektori Rafiq Muhametshin. – Bizning universitetimizda ham bu ulugʻ imom asarlarini tarjima qilish va oʻrganishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu borada Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va boshqa diniy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlikda ishlaymiz. Umuman, azaldan Tataristondagi din sohasi vakillari, ulamolar oʻzimizdagi madrasalarda oʻqigan boʻlsa-da, keyinchalik Samarqand va Buxoro shaharlariga kelib, islom dini taʼlimotini oʻrgangan, bilimlarini oshirgan. Bu anʼana bugun ham davom etmoqda.
Jamoaviy peshin namozi va tushlikdan soʻng konferensiya oʻz ishini “Moturidiya taʼlimoti va hozirgi zamon” hamda “Zamonaviy davlat sharoitida diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish” shoʻbalarida davom ettirdi.
Shoʻba majlislarida Imom Abu Mansur Moturidiy shaxsi va aqidaviy qarashlari, moturidiylikning mafkuraviy asosi, moturidiya kalom maktabiga oid yangi manbalar, ayollar huquqlarini himoya qilishda Imom Moturidiy qarashlarining ahamiyati, kibermakondagi radikallashuv jarayonlari kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Konferensiyaning yuqori martabali mehmoni – Al-Azhar majmuasi rahbari, Misr Bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib Samarqanddagi Imom Moturidiy va Imom Buxoriy majmualarini ziyorat qildi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishdi.
Anjuman 4-mart kuni oʻz ishini davom ettiradi.
OʻzA