Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi
“Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-5938-son, 18.02.2020-y.) qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, har bir mahallada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etiladi.
Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) boʻlinmalari tashkil etildi.
Jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining toʻlaqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama koʻmaklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini oʻrnatish vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Farmonga koʻra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla” oʻquv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va vazirlik tuzilmasiga oʻtkaziladi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi rahbar organlarining ushbu tashkilotlarni tugatish haqidagi qarorlari qabul qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi “Nuroniy” jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) boʻlimlarini tugatish haqidagi qarorlari qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali