Buxoro – islom olami madaniyati poytaxti
Joriy yil aprel oyida “Buxoro – 2020 islom olami madaniyati poytaxti” tadbirlari boʻlib oʻtadi.
Hozirda sharafli maqomga ega bu tadbirga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Shu jarayonning borishi bilan tanishish maqsadida Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (AYSESKO) masʼul vakili Rixiati Salih Najib boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga keldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida delegatsiya va mamlakatimiz mutasaddi tashkilotlari vakillari ishtirokida ishchi guruh uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Madaniyat vaziri oʻrinbosari Kamola Oqilova, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov va boshqalar mamlakatimizda fan, taʼlim-tarbiya, ilm-maʼrifat ravnaqiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2020-yil mamlakatimizda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinishi zamirida ham bu yoʻnalishdagi ishlarni zamon ruhiga hamohang tashkil etishdek ezgu maqsadlar koʻzlangan. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham bu borada amaliy vazifalar belgilab berilgan.
Muloqot samimiy va doʻstona ruhda kechdi. Unda 2020-yil 14-17-aprel kunlari Buxoro shahrida boʻlib oʻtadigan “Buxoro – 2020 islom olami madaniyati poytaxti” tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish masalalari yuzasidan oʻzaro fikr-mulohaza almashindi.
Madaniyat vaziri oʻrinbosari K.Oqilova tadbir doirasida yurtimiz hunarmandlari, xattotlari xorijdan tashrif buyurgan islom madaniyati olami vakillariga Sharq hunarmandligi hamda xattotlik sanʼati namunalaridan tashkil topgan koʻrgazmani namoyish qilishi, ilmiy-amaliy anjumanda Oʻzbekiston vakillari ham mavzu yoʻnalishlariga koʻra Samarqand va Buxoro shaharlarida ishtirok etishini taʼkidladi.
Shoazim Minovarovning fikricha, 14-aprel kuni oliy martabali mehmonlar uchun tadbirning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Ushbu anjumanda AYSESKO bosh direktori ham ishtirok etadi.
Rixiati Salix Najib islom dini madaniyati markazi deganda nainki dinni targʻib qiluvchi, balki islom dinining ilm-fan, madaniyat olami erishgan yutuqlari boʻyicha tajriba almashish maydoni ham tushunilishi zarurligini aytdi.
AYSESKO bosh direktori maslahatchisi Benarafa Abdel Illah Imom al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishni ham anjuman ishchi-dasturiga kiritish taklifini berdi.
OʻzA