Oʻzbekistonda gematologiya va transfuziologiya xizmatlari rivojlantiriladi
“Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori (PQ–4592-son, 10.02.2020-y.) qabul qilindi.
Qaror bilan Oʻzbekistonda gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dasturga muvofiq, tibbiyot muassasalarining laboratoriyalarini reagentlar bilan taʼminlanganlik darajasi 7,5 barobarga oshiriladi.
Shuningdek, respublika va hududiy tibbiyot muassasalarining gematologik kasalliklarini davolash uchun zarur boʻlgan dori vositalari bilan taʼminlanganlik darajasi 2020-yilda 6 barobarga va keyingi yillarda bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
Dasturga muvofiq gematologiya xizmatini rivojlantirish uchun 546,5 mlrd soʻm va 70,7 mln AQSH dollari ajratiladi.
Qaror bilan Gematologiya va transfuziologiya xizmatlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Unga koʻra, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab va keyingi besh oʻquv yili davomida “Gematologiya va transfuziologiya” mutaxassisligi yoʻnalishi boʻyicha magistratura va klinik ordinaturada kadrlar davlat grantlari asosida tayyorlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali