Demokratik islohotlar yoʻli – biz uchun yakkayu yagona va eng toʻgʻri yoʻldir
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasida “Demokratik islohotlar yoʻli – biz uchun yakkayu yagona va eng toʻgʻri yoʻldir” deb taʼkidladi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan nufuzli anjumanda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari, ijro hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari, ilmiy va diplomatik doiralar, xalqaro tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Prezident Murojaatnomasi: dunyo tajribasi va milliy amaliyot
Davlat boshligʻining parlamentga Murojaatnomasi – dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir.
Birinchidan, Murojaatnomada Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yoʻnalishlar boʻyicha nuqtayi nazari bayon qilinadi.
Ikkinchidan, Murojaatnoma siyosiy, iqtisodiy, gʻoyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflarni ham oʻzida aks ettiradi.
Uchinchidan, Prezidentning parlamentga Murojaatnomasi jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari boʻlinishi prinsipini taʼminlashga qaratilgan muhim huquqiy institutdir.
Jahon parlamentarizmi amaliyotiga koʻra, bunday murojaatnomalarda, bir tomondan, Prezident yakuniga yetgan yilda davlat hokimiyati organlari erishgan yutuq va natijalar haqida hisobot beradi. Ikkinchi tomondan esa, mamlakat rahbari yangi kirib kelayotgan yilda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar, yaʼni amaliyot dasturini taqdim etadi.
Dunyo miqyosida olib qaralganda, davlat boshligʻi tomonidan parlamentga Murojaatnoma taqdim etilishi tarixi olis XIII asrga borib taqaladi. Shu tariqa 800-yildan ortiq tarixga ega ushbu davlat-huquq anʼanasiga Buyuk Britaniya Qiroli (Qirolichasi)ning parlament huzurida shohona nutq soʻzlashi – “Kingʻs/Queenʻs speech” tantanasi ilk namuna vazifasini oʻtagan.
Shundan beri Buyuk Britaniya parlamentining har galgi yangi sessiyasi Qirol yoki Qirolichaning ana shunday “shohona nutqi” bilan boshlanishi huquqiy odatga aylangan. Bunday nutq, odatda, parlamentning yaqin kelajakdagi qonun ijodkorligi faoliyati yuzasidan Hukumat tavsiya etgan dastur hisoblanadi. Bu dasturning parlament tomonidan tasdiqlanishi amaldagi Hukumatga ishonch votumi bildirilgani bilan tengdir.
Amerika Qoʻshma Shtatlarida ham Prezidentning Kongress huzurida har yili Murojaatnoma bilan chiqishi anʼanasi mavjud. Bu anʼanaga 1790-yili, yaʼni bundan 217-yil ilgari AQSHning birinchi Prezidenti Jorj Vashington oʻzining Nyu-Yorkda, parlament minbaridan soʻzlagan batafsil nutqi bilan asos solgan.
Shu oʻrinda Qoʻshma Shtatlarda bu huquqiy anʼanaga zid holatlar yuz berganini ham aytib oʻtish lozim. Gap shundaki, 1801-yilda oʻsha paytdagi AQSH Prezidenti Tomas Jefferson demokratik respublikaga bunday “monarxcha udumlar” mos kelmaydi, deya hisoblagan va oʻz Murojaatnomasini Kongressga maktub shaklida yoʻllagan.
Maktub shaklidagi Murojaatnoma yoʻllash anʼanasi yuz yildan ziyod davom etgach, 1913-yilda Prezident Vudro Vilson tashabbusi asosida Kongressga Murojaatnoma bilan nutq soʻzlash amaliyoti qayta tiklangan. Albatta, XX asrning ikkinchi yarmiga qadar ham AQSHda ayrim Prezidentlar Kongressga oʻz Murojaatlarini baʼzan yozma ravishda yuborib turgan. Jimmi Karter ayni shunday yoʻl tutgan oxirgi Prezident hisoblanadi.
Oʻsha davrda AQSHda bu Murojaatnomalar “Prezidentning Kongressga yillik murojaati”, degan nom bilan yuritilgan. Franklin Ruzvelt 1935-yili joriy etgan oʻzgartirishlar asosida AQSH Prezidentining Kongress huzurida soʻzlaydigan har yilgi nutqi endilikda “Mamlakatdagi holat toʻgʻrisida” (State of the Union Adress), deb nomlanadi.
AQSH Prezidentining Kongressga har yilgi Murojaatnomasi quyidagi oʻziga xos jihatlarga ega.
Birinchisi. Prezident, odatda, qachon parlament huzurida Murojaatnoma bilan nutq soʻzlaydi?
Bu boradagi AQSH amaliyotiga koʻra, dastavval, Qoʻshma Shtatlar Prezidenti Kongress huzurida dekabr oyida Murojaatnoma bilan chiqish qilgan. Ammo, 1933-yili AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan 20-qoʻshimcha asosida Kongressning har yilgi ish boshlash davri mart oyidan yanvarga koʻchirilgani munosabati bilan mazkur muhim rasmiy tadbir yanvar yoki fevral oyida oʻtkaziladigan boʻlgan.
Hozirgi kunda AQSH Prezidenti, qoidaga koʻra, har yili yanvar oyining oxirgi seshanbasida – yangi saylangan Prezident esa fevral oyining yakunida – Kongress huzurida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Ayni chogʻda, aniq belgilangan reglamentning mavjud emasligi tufayli bu muddat oʻzgarib ham turadi. Masalan, AQSH Prezidentining 2008-yildagi Murojaatnomasi yanvarning oxirgi dushanbasida taqdim etilgan edi.
Ikkinchisi. Davlat rahbari aynan qayerda Murojaatnoma bilan nutq soʻzlaydi?
Buyuk Britaniya tajribasiga qaraganda, Qirolichaning nutqi Hukmdor tomonidan mamlakat parlamenti binosida, yangi sessiyaning rasmiy ochilish marosimida oʻqib eshittiriladi. AQSHda ham bu rasmiy tadbir parlamentning Vakillar palatasi binosida boʻlib oʻtadi. Bunda Prezident odatda Spikerning minbaridan turib nutq soʻzlaydi.
Uchinchisi. Prezident kimlarning oldida Murojaatnomasini taqdim etadi?
AQSHda Prezident parlament palatalarining qoʻshma majlisida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Bu tadbirda Vakillar palatasining 435 nafar deputati va yuqori palataning 100 nafar senatori ishtirok etadi. Prezident Murojaatnomasining parlament palatalari qoʻshma majlisida tinglanishi – ushbu rasmiy davlat-huquqiy tadbirining mamlakat hayotida gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
Prezident Murojaatnomasi taqdim etiladigan qoʻshma majlisda, shuningdek, AQSH Oliy sudi sudyalari, vazirlar, Shtab boshliqlari birlashgan qoʻmitasining aʼzolari hozir boʻladi.
Toʻrtinchisi. Prezident Murojaatnomasini ommaviy axborot vositalarida yoritish borasida qanday tajriba toʻplangan?
Bu savolga javob berish uchun yana AQSH amaliyotiga tayanamiz. Prezident Jon Kuoijning 1923-yilgi Murojaatnomasi jahonda ilk bor radio toʻlqinlari yordamida tarqatilgan shunday muhim hujjatdir. Garri Trumenning 1947-yilgi nutqi esa birinchi marta televizorda namoyish etilgan Prezident Murojaatnomasi hisoblanadi.
Oʻz navbatida, 1965-yili AQSH Prezidenti Lindon Jonson kunning kechki qismida Murojaatnoma bilan Kongressda nutq soʻzlagan. Hozirgi vaqtgacha kuchda boʻlgan bu amaliyotdan koʻzlangan maqsad, albatta, Prezident Murojaatnomasi mazmunidan imkon qadar koʻproq kishilarni ommaviy axborot vositalari orqali bevosita xabardor qilishdan iborat. Bill Klintonning 1997-yilda Kongressda soʻzlagan nutqi ilk marotaba Internet tarmogʻi orqali eʼlon qilingan Murojaatnomadir.
Bugungi kunda AQSH Prezidentining Murojaatnomasi televideniye orqali toʻgʻridan-toʻgʻri olib koʻrsatiladi va Oq uy maʼmuriyatining maxsus saytida (http: //www.whitehouse.gov) onlayn rejimida uzatiladi. Shu bilan birga, Murojaatnomaning toʻliq matni ham oʻsha saytda eʼlon qilinadi.
AQSHning bu sohadagi huquqiy amaliyotidan koʻproq misollar keltirayotganimizning sababi shundaki, Qoʻshma Shtatlar ayni yoʻnalishda katta ijobiy tajriba toʻplagan. Binobarin, Amerika Konstitutsiyasi Prezidentga ham, Kongressga ham bir-birini hisobga olmagan holda oʻta muhim qarorlarni qabul qilishiga va mamlakatni boshqarishiga yoʻl bermaydi. Bunda ularning oʻzaro kelishuv, hamkorlik va hamjihatlik, yaʼni konstitutsiyaviy “oʻzaro bir-birini tiyib turish” prinsipi asosida ish olib borishi talab etiladi.
AQSH Konstitutsiyasining II moddasi, 3-boʻlimiga muvofiq, Prezident vaqti-vaqti bilan ittifoq ahvoli toʻgʻrisida Kongressga hisobot berib turadi hamda oʻzi zarur va maqsadga muvofiq deb hisoblagan chora-tadbirlarni koʻrib chiqish uchun Senatga taqdim etadi. Amerikaliklarning bu davlat-huquqiy tajribasi keyingi davrda boshqa davlatlarda ham keng ommalashmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti har yili Federal Majlis huzurida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Bu haqda soʻz borganda, sobiq sovet ittifoqi siyosiy hayotida, SSSR Prezidenti lavozimi taʼsis etilguniga qadar, parlamentga Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti umuman mavjud boʻlmaganini qayd etish lozim.
Bunday holat, hoynahoy, sovetlar siyosiy-huquqiy amaliyoti hokimiyat vakolatlarining boʻlinishi nazariyasini tan olmaganligi bilan bogʻliq. SSSR Prezidenti instituti joriy etilgach, Konstitutsiyaga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan boʻlishiga qaramay, ushbu lavozimni qisqa fursat egallab turgan M.Gorbachyov ayni normalarni amaliyotda toʻlaqonli qoʻllab ulgurmagan.
Rossiyada davlat boshligʻining qonun chiqaruvchi oliy organga Murojaatnoma bilan chiqishiga doir norma ilk bor 1991-yil 24-aprelda qabul qilingan “RSFSR Prezidenti toʻgʻrisida”gi qonunda (5-moddaning 3-bandi) oʻz aksini topgan boʻlsa-da, 1993-yili amaldagi Rossiya Konstitutsiyasi kuchga kirganidan keyin mazkur amaliyot har yilgi anʼana tusini oldi. Rossiya Prezidenti B.Yelsin Federal Majlisga birinchi Murojaatnomasini 1994-yil 24-fevralda taqdim etgan.
Hozirgi vaqtda davlat boshligʻining parlamentga Murojaatnoma taqdim etishi instituti bir paytlar sobiq ittifoq tarkibida boʻlgan va bugun mustaqil taraqqiyot yoʻlidan borayotgan qator mamlakatlarda amal qilmoqda. Belarus, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston shular sirasiga kiradi. Ushbu davlatlar safiga endi Oʻzbekiston ham qoʻshildi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston taraqqiyotining eng muhim ustuvor vazifalari toʻgʻrisidagi uchinchi Murojaatnomasini taqdim etgan nufuzli majlis Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining 4 ta teleradiokanali, 5 ta telekanali hamda 12 ta hududiy teleradiokompaniya, shuningdek, 5 ta nodavlat telekanal hamda Prezidentning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, internetdagi tegishli saytlar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilindi. Aholining barcha qatlamlarini qamrab olish maqsadida Murojaatnoma surdo tarjima bilan, shuningdek, rus va ingliz tilidagi tarjimalari bilan efirga uzatildi.
Bularning barchasi Oʻzbekistonda qisqa muddat – atigi 3 yil ichida davlat boshligʻining parlamentga Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti eng ilgʻor xalqaro tajribalarga xos va mos ravishda yoʻlga qoʻyilganidan dalolatdir.
Uchinchi Murojaatnomaning alohida xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasining quyidagi oʻziga xos xususiyatlarini koʻrsatish mumkin.
Birinchi xususiyati: ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy voqeaning avvalgilaridan farqli jihati shundaki, mamlakatimiz rahbari bu galgi Murojaatnomani milliy parlamentning yangilangan tarkibiga taqdim etdi. Qoʻshma majlisda oldingi chaqiriq deputatlari ham qatnashdi.
Ikkinchi xususiyati: Murojaatnomada dastavval 2019-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga boʻlib oʻtgan saylovlar haqida soʻz bordi.
Prezidentimiz mamlakat tarixida ilk bor qabul qilingan Saylov kodeksi asosida, “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtgan bu muhim siyosiy tadbir jarayonlarini xolis, haqqoniy baholab, fuqarolik jamiyati qurish yoʻlida bergan tavsiyalari uchun xalqaro kuzatuvchilarga butun xalqimiz nomidan minnatdorlik bildirdi. Nufuzli xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalaridan keyingi saylovlarda albatta foydalanamiz, dedi davlatimiz rahbari.
Uchinchi xususiyati: Murojaatnomada 2019-yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” yakunlari sarhisob qilindi. Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha keyingi uch yil davomida amalga oshirilgan asosiy ishlar haqida ham atroflicha soʻz yuritildi.
Bunga qadar birinchi Murojaatnomada 2017-yil – “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, Ikkinchi Murojaatnomada esa 2018-yil – “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” yakunlari chuqur tahlil qilingan.
Toʻrtinchi xususiyati: mamlakatimizni 2020-yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalish va vazifalar belgilab olindi.
Bungacha Murojaatnomada Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosan yaqin bir yillik eng muhim vazifalarini belgilash amaliyoti qoʻllanilgan.
Shunday qilib, dunyo tajribasi bilan qiyoslaganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnoma taqdim etishi timsolidagi mazkur siyosiy-huquqiy tadbir bu boradagi eng ilgʻor xorijiy amaliyotga nafaqat mos va mutanosib, balki namuna boʻladigan yaxshi anʼanaga aylandi, deyishga barcha asoslarimiz bor.
Xalqaro eʼtirof-2019: Oʻzbekiston – Yil mamlakati
Murojaatnomada qayd etilganidek, oʻtgan yili mamlakat hayotining barcha sohalarida ijobiy natijalar qoʻlga kiritildi. Investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi.
Ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018-yilga nisbatan – 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar oʻsdi. Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.
Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi va jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi.
Energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yoʻl qurilishi, qishloq va suv xoʻjaligi, ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti hamda boshqa qator tarmoqlarda chuqur tarkibiy islohotlar boshlandi. Sanoatning 12 ta yetakchi tarmogʻida modernizatsiyalash va raqobatdoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilmoqda. Natijada oʻtgan yili iqtisodiy oʻsish 5,6 foizni tashkil etdi.
Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport – 28 foizga koʻpaydi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz 2019-yil davomida 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga yetdi.
Qishloq xoʻjaligida fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish borasidagi oʻrganish va izlanishlar davom etmoqda. Sohaga ilgʻor texnologiyalar va klaster tizimi joriy etilmoqda.
Tadbirkorlikni keng rivojlantirish va bu soha uchun yangi sharoitlar yaratishga, barcha imkoniyatlar safarbar etilayapti. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida oʻz biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion soʻm kreditlar ajratildi.
Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobar kamaytirildi. Natijada rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 ming nafarga koʻpaydi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan oʻtgan yili soliq toʻlovchilar ixtiyorida 2 trillion soʻm qoldi. Joriy yilda bu raqam 11 trillion soʻmni tashkil etishi kutilmoqda.
Bir yilda tadbirkorlar ixtiyorida shuncha mablagʻ qolishi, albatta ularga oʻz bizneslarini rivojlantirish uchun juda katta qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi. Islohotlarimiz natijasida oʻtgan yili 93 mingta yoki 2018-yilga nisbatan qariyb 2 barobar koʻp yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.
Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida Oʻzbekiston 7 pogʻona koʻtarilib, biznesni roʻyxatga olish koʻrsatkichi boʻyicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-oʻrinni egalladi va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldi.
Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida oʻtgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2016-yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar koʻp demakdir.
Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani toʻliq toʻlash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar koʻpaytirildi.
Sogʻliqni saqlash sohasida davlat muassasalari bilan bir qatorda, xususiy tibbiyot yoʻnalishi ham jadal rivojlanmoqda. Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga koʻpaytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli oʻtgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 ta qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 ta mahallada keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bunga 6,1 trillion soʻm yoki 2018-yilga nisbatan 1,5 trillion soʻm koʻp mablagʻ sarflandi.
Qishloq joylarida 17 ming 100 ta, shaharlarda 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016-yilga nisbatan salkam 3 barobar koʻp arzon va shinam uylar qurildi. Kam taʼminlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, shu jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard soʻmdan ziyod boshlangʻich badal toʻlab berildi.
Amalga oshirayotgan islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda. Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali Oʻzbekistonni 2019-yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb eʼtirof etdi.
2020-yil – “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”
Keyingi yillarda mamlakatimiz taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlarini isloh qilishga kirishildi. Xususan, 2019-yilda mutlaqo yangicha mazmun va shaklda 4 ta Prezident maktabi, 3 ta ijod maktabi ish boshladi.
Oliy taʼlimni rivojlantirish uchun oʻtgan yili 19 ta yangi oliy oʻquv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitet filiallari ochildi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Oliy taʼlim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016-yilga nisbatan ikki barobar koʻp talaba oʻqishga qabul qilindi.
Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi. Ilm-maʼrifat va yuksak maʼrifat kerak. Sharq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”.
Taʼlimda qilgan xatolarimizni toʻgʻrilash vaqti keldi, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev. Shu sababli, hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.
Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.
Oʻzbekiston “Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi” boʻyicha 2019-yilda 8 pogʻonaga koʻtarilgan boʻlsa-da, hali bu borada judayam ortdamiz. Aksariyat vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalardan mutlaqo yiroq ekani ham ochiq va achchiq haqiqatdir.
Albatta, “raqamli iqtisodiyot”ni shakllantirish kerakli infratuzilma, koʻp mablagʻ va mehnat resurslarini talab etishini yaxshi bilamiz. Biroq, qanchalik qiyin boʻlmasin, bu ishga bugun kirishmasak, ertaga juda kech boʻladi.
Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, balki ortiqcha xarajatlarni ham kamaytiradi. Shu bilan birga, eng ogʻir illat – korrupsiya balosini yoʻqotishda ham u samarali vositadir.
Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir soʻz bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkin.
Prezidentimiz taklifiga muvofiq, yurtimizda 2020-yilga “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berildi. Bundan koʻzlangan maqsad mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak maʼnaviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga koʻtarishdir.
Davlatimiz rahbari taʼlim sifatini xalqaro talablar darajasiga koʻtarish maqsadida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilishini qayd etdi.
Respublikamizda 348 ta tayanch maktabi belgilanishi, 6000 dan ziyod oʻqituvchining xalqaro miqyosda malaka oshirishi taʼminlanishi aytib oʻtildi. Shuningdek, mamlakatimizda 340 ta kasb-hunar maktablari, 200 dan ortiq ixtisoslashgan umumtaʼlim maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi tizimni rivojlantirishga bevosita xizmat qiladi.
Murojaatnomada oliy taʼlim tizimida ham kelajakda katta oʻzgarishlar roʻy berishiga eʼtibor qaratildi. Mamlakatimizda yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish 2020-yilda 25 foizga, yaqin kelajakda esa 50-60 foizga oshiriladi.
Pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega boʻlgan, oʻz ishida aniq natijalarga erishgan oʻqituvchilarga, yuqori maosh toʻlash tizimi joriy etiladi. Maktab oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, oʻquv yuklamalari va fanlarni qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur.
2021-yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik koʻrish uchun 348 ta tayanch maktabni belgilab, 6 mingdan ortiq oʻqituvchilarning malakasi oshiriladi. Joriy oʻquv yilidan boshlab mutlaqo yangi professional taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi.
Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida Milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi. Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasblar boʻyicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
Oliy maʼlumot olaman, oʻz ustimda ishlab, ilmli boʻlaman, degan, yuragida oʻti bor joʻshqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart. Eng muhimi, oliy taʼlimga qamrab olish toʻlov-kontrakt masalasiga bogʻliq boʻlib qolishi kerak emas, deya alohida taʼkidladi Prezidentimiz.
Taʼlim sohasida grantlar ikki barobarga koʻpaytiriladi. Qizlar uchun alohida grantlar ajratiladi. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi ushbu grantlar asosida oʻqishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqadi. Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari optimallashtiriladi.
Davlatimiz rahbarining taʼkidlashicha, asosiy eʼtiborni oʻqishga kirish jarayonini soddalashtirishga, oliy oʻquv yurtlarida chinakam bilim va tarbiya olishga qaratmoq zarur. Misol uchun, ona tili boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish lozim. Bu fandan yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnomalar olsa, oʻqishga kirayotgan paytda ona tili boʻyicha qayta sinovdan oʻtishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi.
Oliy taʼlim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi. Taʼlim yoʻnalishlari va oʻqitiladigan fanlar qayta koʻrib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlar soni ikki barobar qisqartiriladi.
Tahlil qilganimizda oliy taʼlimda mutaxassislikka aloqador boʻlmagan fanlar 30 foizni tashkil qiladi. Bu esa yoshlarning ortiqcha vaqtini oladi. Oliy taʼlimda oʻquv jarayonlarini kredit modul tizimiga oʻtkazish talab etiladi. Joriy yildan pedagogik taʼlimning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati 3 yil qilib belgilanadi, dedi Prezident.
Maʼlumki, bugungi kunda Oʻzbekistonda 13 ming 500 maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda. Davlatimiz rahbari 2019-yil Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimga bolalar qamrovini 2018-yildagi 38 foizdan 52 foizga yetgani, birgina oʻtgan yilda 5 ming 522 ta davlat, xususiy va oilaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etilganini eʼtirof etdi. 2020-yilda bu koʻrsatkichni 60 foizga yetkazish, buning uchun 2 trillion soʻmga yaqin mablagʻ ajratilishi taʼkidlandi.
Joriy yildan boshlab tarixda ilk bor 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlash tizimi joriy etiladi. Bunga byudjetdan 130 milliard soʻm ajratiladi.
Bu jarayonda xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi. 2020-yilda byudjetdan ajratiladigan 1,7 trillion soʻm mablagʻ hisobidan 36 ta yangi maktab quriladi, 216 tasi kapital taʼmirlanadi, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkaziladi.
Oliy taʼlim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi, taʼlim yoʻnalishlari va oʻqitiladigan fanlar qayta koʻrib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi. Oliy taʼlimda oʻquv jarayonini kredit-modul tizimiga oʻtkazish talab etiladi.
Joriy yildan pedagogik taʼlimning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha, oʻqish muddati 3 yil qilib belgilanadi. Bu ishlarni boshqa yoʻnalishlarda ham davom ettiramiz. Oliy oʻquv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Joriy yilda ularning 10 tasi oʻzini oʻzi moliyaviy taʼminlashga oʻtadi.
Bundan tashqari, kamida 5 ta oliy taʼlim dargohini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy taʼlim dargohlari bilan hamkorlikda, ularni transformatsiya qilishni boshlaymiz. Mamlakatimiz uchun ilm-fan sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni aniq belgilab olishimiz kerak.
Hech bir davlat ilm-fanning barcha sohalarini biryoʻla taraqqiy ettira olmaydi. Shuning uchun, biz ham har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yoʻnalishini rivojlantirish tarafdorimiz.
Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yoʻnalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni faollashtirib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi. Shuningdek, ilm-fan sohasida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablagʻlarini ajratish mexanizmini, tubdan qayta koʻrib chiqish kerak.
Ilm-fan yutuqlarining elektron platformasi, mahalliy va xorijiy ilmiy ishlanmalar bazasini shakllantirish lozim. Har bir oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot dargohi nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi shart.
Joriy yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-oʻqituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuboriladi. Kelgusida, grantlar miqdorini 2 barobar koʻpaytirish va tadqiqot yoʻnalishlari koʻlamini kengaytirish lozim.
Bu yil “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish boʻyicha tub burilish qilishimiz kerak. Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport, geologiya, kadastr, sogʻliqni saqlash, taʼlim, arxiv sohalarini toʻliq raqamlashtirish lozim.
Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini, amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalarni tanqidiy qayta koʻrib chiqib, barcha tashkiliy va institutsional masalalarni kompleks hal etish zarur.
Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan “AyTi-park” barpo etilmoqda. U hozirdanoq, oʻzining dastlabki natijalarini bera boshladi. Bunday “AyTi-park”lar – Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham tashkil etiladi.
Zero, elektronlashuv zamonaviy dunyoda, jahon iqtisodiyotida muhim oʻrin tutayotgan muhim jarayondir. Bunda ilmiy izlanishlarni kuchaytirish, xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq. Ilm-fanga eʼtibor esa yurtimizda tub burilish qilishimizga imkon beradi. 2020-yilda transport, geologiya, taʼlim, arxiv kabi sohalar toʻliq raqamlashtiriladi.
Soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida, xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlandi. Shuningdek, taʼlimning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga toʻliq javob beradigan, axborot texnologiyalari joriy etilishi shart.
Oʻtgan yili barcha shahar va tuman markazlarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanganini hisobga olib, yaqin 2 yilda barcha qishloq va mahallalarni ana shunday tezkor internet bilan taʼminlashimiz kerak. Hozirgacha 7 mingdan ortiq sogʻliqni saqlash, maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi internetga ulangan boʻlsa, keyingi 2 yilda yana 12 mingta muassasa tezkor internetga ulanadi.
“Yosh bolalarni koʻrib havasingiz keladi, ularga bugun biz sharoit yaratmasak, boshqa davlat yaratib beradi. Ular albatta boshqa davlatga ketib boshlagan va buni toʻxtatishimiz kerak va bilimli yoshlarimizga sharoitlar yaratishimiz shart. Soha uchun xorijiy hamkorlarimiz bilan birga bir million, bir ming emas, shuni alohida aytaman, bir million dasturchi tayyorlanadi. 3-4 yilda katta natija boʻladi. Ular sohalarga kiradi. Istaymizmi yoʻqmi, islohotlarni tezlashtirishga turtki boʻladi”, dedi davlatimiz rahbari.
Buning uchun tashabbuskor boʻlib maydonga chiqadigan yangi avlod kadrlarni tarbiyalash zarur. Strategik fikr yuritadigan malakali kadrlar kerak. Shuning uchun bogʻchadan boshlab taʼlimning barcha boʻgʻinlarida taʼlim sifatini oshirish darkor.
Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz aʼzolarining saviyasini oshirish lozim. Zero, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, bizga ilm-maʼrifat va yuksak maʼnaviyat kerak. Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va, albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi.
Saylovlar Oʻzbekistonning xalqaro imijini koʻtardi
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, saylovlar xalqimiz uchun sinov va xalqaro hamjamiyat oldida katta siyosiy imtihon boʻldi. Bu fikrning tasdigʻi sifatida hayotiy bir misol keltirmoqchimiz.
Gap shundaki, oʻzining 25 yillik faoliyati davomida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tomonidan YEXHTga aʼzo 50 dan ortiq davlatda qariyb 400-marta Prezident, parlament va mahalliy organlar saylovlarining monitoringi oʻtkazilgan.
Oʻzbekistonda keyingi 20 yil mobaynida YEXHT tomonidan 8 marotaba saylovlar monitoringi amalga oshirilgan. Shundan 3 tasi Prezident saylovi va 5 tasi parlament saylovlariga taalluqlidir.
Eng muhimi, yaqinda boʻlib oʻtgan mamlakatimiz parlamenti saylovlarida ilk bor YEXHTning toʻlaqonli missiyasi tomonidan kuzatuv amalga oshirildi va MDHga aʼzo davlatlarda oʻtkazilgan saylovlar ichida eng yuqori baholandi. Boshqacha aytganda, ushbu saylovlar dunyoga yangi Oʻzbekistonni namoyon etdi.
Yangi Saylov kodeksi asosida boʻlib oʻtgan ushbu saylovlar biz uchun katta siyosiy imtihon boʻldi. Mamlakat ichida: xalqimiz islohotlarimizga oʻz munosabatini bildirdi. Xalqaro miqyosda jahon hamjamiyati yangi Oʻzbekistonga yuqori ijobiy baho berdi.
Saylovlar Oʻzbekistonning xalqaro imijini koʻtardi. Jahon aro doʻstu hamkorlarimiz oldida obroʻ-eʼtiborimiz yanada yuksaldi.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqimiz bu sinovdan yorugʻ yuz bilan oʻtdi. Saylov natijalari, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning orzu-intilishlarini ifoda etib, ular uchun yangi imkoniyatlar ochib berishga qaratilgani bilan biz uchun juda muhimdir.
Saylovlarning oʻziga xos xususiyatlaridan biri – gender masalasi bilan bogʻliq. Yaʼni, ilk marotaba Oʻzbekiston parlamentida ayollar soni boʻyicha BMT tavsiyalari (kamida 30 foiz) toʻliq bajarildi.
Qonunchilik palatasiga 32 foiz ayol-deputatlar saylangani, oʻz navbatida, dunyodagi 190 parlament ichida Oʻzbekiston parlamentining 37-oʻringa koʻtarilishini taʼminladi. Bundan atigi besh yil ilgari, 2014-yilda bu koʻrsatkich boʻyicha mamlakatimiz 128-oʻrinda edi.
Yoshlar masalasi, chindan ham, yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Qonunchilik palatasiga 30 yoshgacha boʻlgan 9 nafar deputat (6 foiz) saylangani ham buning yorqin tasdigʻidir. Shunday qilib, bugun parlamentimiz quyi palatasi tarkibining 6 fozini yoshlar tashkil etmoqda. Jahon miqyosida bu koʻrsatkich atigi 2 foizga yetadi, xolos.
Birgina shu raqamlarning oʻzi ham yurtimiz ayollari jamiyatda oʻzlarining haqiqiy oʻrnini egallab borayotganidan dalolat beradi. Binobarin, xotin-qizlar va yoshlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini har tomonlama taʼminlash Oʻzbekiston Prezidenti olib borayotgan adolatli siyosatning ustuvor yoʻnalishlaridandir.
Murojaatnomada taʼkidlanishicha, 2020-yilda 5,5 ming xotin-qizning kichik biznes loyihalariga 100 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit beriladi. Buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratiladi. Bundan tashqari, 1 ming 576 xotin-qizga yangi uy-joyga ega boʻlishi uchun byudjet hisobidan boshlangʻich badal toʻlab beriladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa oʻquv kurslarida oʻqitish tashkil etiladi, dedi davlatimiz rahbari.
Murojaatnomada, shuningdek, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash boʻyicha yagona koʻrsatkichlar ishlab chiqish, yoshlar siyosatini baholashning milliy indeksini joriy etish kerakligi qayd etildi.
Bularning barchasi, oʻz navbatida, joriy yilda xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar yangi pogʻonaga koʻtarilganini yana bir bor tasdiqlaydi.
“Har bir inson Oʻzbekistonda adolat hukm surayotganiga toʻla ishonch hosil qilishi kerak”
Maʼlumki, 2019-yil sentyabrda BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan yurtimizda rasmiy tashrif bilan boʻldi. Oʻshanda Diyego Garsiya-Sayan dastlabki tavsiyalarini berdi.
Ushbu tavsiyalar sudyalarni saylash va tayinlash; sudyalarning lavozimida ishlab qolishini kafolatlash; sudyalarni professional asosda tayyorlash; sud raislarini tayinlash tartibi va ularning vakolatlari koʻlamini qayta koʻrib chiqish; sudyalarga intizomiy chora koʻrish tartib-taomillarini mukammallashtirish; Oliy sud kengashi aʼzolarini saylash va tayinlash tizimini takomillashtirish; prokuratura tizimi vakolatlarini qisqartirish; advokatlar sonini oshirish va yosh huquqshunoslarni ushbu kasbga qiziqtirish uchun targʻibot ishlarini kuchaytirish istiqbollari bilan bogʻliq.
Murojaatnomada sudlar tomonidan oʻtgan 3 yilda 1 ming 989 nafar, 2019-yilning oʻzida 859 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilganiga doir raqamlar bayon etildi. Shuningdek, 2019-yilda 3 ming 81 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan boʻlsa, 2 ming 623 nafar fuqaroga asossiz qoʻyilgan moddalar, ayblovdan chiqarilgan va oʻzgartirilgan.
Endi sud orqali insonlarning huq́uqi tiklanganini eʼtirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha boʻlgan tergov jarayonida, inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham koʻndalang qoʻyadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi, dedi davlatimiz rahbari. Eski tuzumdan qolgan va hanuz davom etayotgan sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaq́irib olib, oʻrganish amaliyotini cheklash lozim.
Endi faqat ish yuzasidan shikoyat kelib tushgan holdagina, prokuror sud qarorini olib oʻrganishi mumkin. Sud raislari tomonidan sudyalarning faoliyatini baholash va ularga nisbatan intizomiy ish qoʻzgʻatish boʻyicha vakolatlarni qayta koʻrib chiqish kerak.
Davlat idoralari mansabdorlari shuni chuqur anglab olsinlar: sudlar mustaqilligini taʼminlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida boʻladi. Sud ostonasiga qadam qoʻygan har bir inson, Oʻzbekistonda adolat hukm surayotganiga toʻla ishonch hosil qilishi kerak, dedi Prezidentimiz.
Fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini taʼminlash borasida navbatdagi muhim qadam qoʻyish zarurligini hayotning oʻzi taqozo etmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin Oʻzbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega boʻla olmayotgan, minglab yurtdoshlarimizning ana shu muammosini qonuniy hal qilish boʻyicha, tashkiliy-huquqiy choralarni koʻrish vaqti keldi.
Xususan, 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi darkor. Prezidentimizning taʼkidlashicha, bu orqali 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bogʻliq, uzoq yillardan buyon yechilmay kelayotgan muammolari hal etiladi.
Oʻzbekistonning 3 yilda – 30 ta xalqaro tashabbusi
Prezidentimiz parlamentning xalqaro aloqalarini rivojlantirish istiqbollari xususida atroflicha toʻxtaldi. Avvalo, parlamentimiz Oʻzbekiston Prezidentining xalqaro tashabbuslarini amalga oshirishda faol ishtirok etishi kerak.
Davlatimiz rahbari soʻnggi uch yilda turli nufuzli xalqaro tashkilotlarda qariyb 30 ta tashabbus bilan chiqdi. Jumladan, Prezidentimiz BMT darajasida ilgari surgan 7 ta tashabbus boʻyicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyalari qabul qilindi.
SHHT doirasida Oʻzbekiston Prezidentining 8 ta xalqaro tashabbusi amalga oshirildi. Xuddi shunday 10 dan ziyod muhim tashabbuslar YUNESKO, MDH, IHT, TURKSOY, Markaziy Osiyo mintaqasi miqyosida ilgari surildi.
Davlat rahbari taʼkidlaganidek, biz Oʻzbekiston tashqi siyosatini faollashtirish yuzasidan boshlagan keng koʻlamli ishlarni, milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq, pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosat kursini davom ettiramiz. Olis va yaqindagi barcha davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini, uzoq muddatli va koʻp qirrali sheriklikni yanada kuchaytiramiz.
Bu borada Murojaatnomada quyidagi ustuvor jihatlarga eʼtibor qaratildi.
Birinchidan, Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan barcha sohalarda oʻzaro doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur.
Ikkinchidan, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa Ittifoqi va Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.
Uchinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy kengash va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida, koʻp tomonlama hamkorlikni jadallashtirishni davom ettirishimiz zarur.
Orol muammosini hal etishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan tuzilgan Orol dengizi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondiga katta ishonch bilan qaraymiz.
Toʻrtinchidan, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida faoliyatimiz samarasini yanada oshirishimiz zarur. Oʻzbekistonning 2020-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raislik qilishi biz uchun tarixiy ahamiyatga ega.
Biz Hamdoʻstlikda savdo-iqtisodiy va transport-tranzit sohalarida hamkorlikni kengaytirish, tashkilot tomonidan qabul qilingan qarorlarning amaliy natijadorligini oshirish va aʼzo davlatlar oʻrtasida gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash uchun barcha salohiyat va imkoniyatlarni ishga solamiz, dedi davlatimiz rahbari.
Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan munosabatlarni rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qoladi. Bundan tashqari, joriy yilda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi va Osiyo mamlakatlari bilan oliy darajadagi ikki va koʻp tomonlama tadbirlar oʻtkazilishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasi minbaridan ilgari surilgan muhim xalqaro tashabbus – BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ishlab chiqish jarayonlarida parlamentimiz ham faol boʻlishi kerak. Bu yangi xalqaro huquqiy hujjatning qabul qilinishi globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni amalga oshirishga xizmat qilishi bilan juda muhimdir.
Joriy yilda tashkil etiladigan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi ham aynan yoshlar huquqlariga bagʻishlanishi bejiz emas. Maʼlumki, 2018-yili qadimiy va navqiron Samarqandimizda Inson huquqlari boʻyicha ilk Osiyo forumi tashkil etilganligi xalqaro jamoatchilik tomonidan yuqori baholandi.
Oʻzbekiston BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga ilk bora saylanish uchun nomzodini koʻrsatgan. Joriy yilning kuzida boʻladigan ushbu saylovda yorugʻ yuz bilan kutilgan natijaga erishishimiz ham qarz, ham farzdir. Davlatimiz rahbari bu borada barcha choralarni koʻrish uchun zarur topshiriqlar berdi.
Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyani qabul qilishni ham tezlashtirish kerakligiga eʼtibor qaratildi.
Parlament – xalq irodasining haqiqiy koʻzgusi
Prezidentimiz parlamentga Murojaatnoma taqdim etishidan oldin yangi saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislarida, shuningdek, har ikki palataning ilk qoʻshma yigʻilishida ishtirok etdi hamda nutq soʻzladi. Bu jarayonlarda parlament palatalarining rahbariyati tasdiqlandi, qoʻmitalar va komissiyalar tuzildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yangi Oʻzbekistonning yangi saylovlar asosida saylangan yangi parlamenti tarkibini ana shu ulugʻvor gʻoyani amalda namoyon etishga chaqirdi. “El-yurtimiz sizlarga haqli ravishda katta umid va ishonch bilan qaramoqda”, deb taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Bu haqda soʻz borganda, Prezidentimiz parlament aʼzolari bilan keyingi uch yil ichida 11-marta uchrashganini alohida taʼkidlash lozim. Davlat rahbari bu muloqotlarda har gal parlament va siyosiy partiyalar rolini oshirishga, davlat boshqaruvini tubdan isloh qilishga, jamiyatda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlashga, inson huquqlarini himoya qilishga ustuvor ahamiyat bermoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari bilan navbatdagi uchashuvi bu borada yangi, tarixan yuksak bosqichga asos soldi. Davlat rahbari davlat va jamiyat hayotining turli sohalaridagi koʻplab dolzarb muammolarni koʻtardi. Mavjud kamchiliklarni ochiq va achchiq tanqid qildi, istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Davlat rahbari tomonidan “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar – yangi parlament” degan ustuvor gʻoya dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qoʻyildi.
Yangi Oʻzbekistonda vaziyat tubdan oʻzgargan bugungi davrda, yaʼni yangilangan Oʻzbekiston sharoitida yangi parlament qanday boʻlishi kerak?
Avvalo, yangi saylangan, oʻzgargan deputatlarni odamlar sezishi lozim. Yangi parlamentning yangicha faoliyatini xalq sezsin va munosib baholasin.
Bu, oʻz navbatida, yangi parlamentdan oʻrin olgan siyosiy partiyalar va ularning vakillari saylovoldi dasturlari va vaʼdalarini nechogʻlik bajarishlariga bogʻliq. Sodda qilib aytganda, yangi parlament aholining talab va ehtiyojlariga javob berishi lozim.
Aholi esa endilikda siyosiy mudroqlikdan uygʻondi va bu oʻziga xos siyosiy uygʻonish boʻldi. Keyingi bir necha yil ichida odamlarning siyosiy saviyasi oʻsdi, dunyoqarashi oʻzgarmoqda.
Shunday ekan, ongli ravishda faoliyat yuritadigan deputatlar yangi parlamentning yuzini koʻrsata bilishlari kerak. Deputatlik maʼsuliyati degani ham shu, aslida.
Yangidan shakllangan parlamentimiz aʼzolarining aksariyatini ilk bor deputat boʻlib saylangan shijoatli insonlar, oʻz ishining ustalari tashkil etadi. Lekin ularning barchasi bugundanoq qonun yozishga qodir, deb aytolmaymiz.
Albatta, ushbu hamkasblarimizdan har biri oʻz sohasining yuksak iqtidorli mutaxassisi ekaniga shubha yoʻq. Ammo juda qisqa muddatlarda ular oʻzlarining qonun ijodkorligi, qonun texnikasi va parlamentning boshqa faoliyatiga taalluqli sohalardagi bilim va koʻnikmalarini oshirib ulgurishlari taqozo etiladi.
Shu maʼnoda, Prezidentimiz tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlarning malakasini doimiy oshirib borish yuzasidan yangicha tizim – deputatlik oʻquvlarini joriy etish taklif qilingani ayni muddaodir.
Bizning muammolarimizni hech kim tashqaridan kelib hal qilib bermaydi. Deputatlar befarq boʻlmasliklari kerak. Yangi parlamentning samarali faoliyati deputatlarning saviyasi va professionalligiga bogʻliq. Islohotlar natijasiga deputatlar ham maʼsul va javobgardir. Deputatlik – bu buyuk maʼsuliyat va javobgarlikdir.
Oddiy odamlarning ovozini olib, saylangan deputat shu oddiy odamlarning dardu tashvishi bilan yashashi shart. Odamlarni qanday qilib rozi qilish mumkin? Albatta, xalq bilan qancha koʻp uchrashilsa, muloqot qilinsa, shuncha kam xato qilamiz va koʻp natijaga erishamiz.
Murojaatnomada bayon etilganidek, Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga oʻtgan yilda bir milliondan ziyod murojaat tushgan. Ana shu murojaatlar odamlarni qanday muammo va tashvishlar qiynayotgani haqida xulosa chiqarishga imkon bermoqda.
Prezidentimiz bundan buyon murojaatlar tahilili asosida amaliy ishlar olib borilishini qayd etdi. Bu kabi vazifalarni bajarish barcha davlat organlari, ayniqsa senator va deputatlar zimmasiga alohida masʼuliyat yuklaydi.
Yangi parlament – xalqparvar parlament boʻlishi kerak. Xalq vakillari faoliyat olib boradigan parlament – aslida, Xalq uyidir.
Hozirgi kunda parlament qonunchilik faoliyati zamon talablariga toʻla javob beradi deya olmaymiz. Ishlab chiqayotgan qonunlarimiz aniq bir sohadagi ayrim vazifalarnigina hal qilishga xizmat qiladi. Ular hali kompleks xarakterga ega yoki kodifikatsiyalashgan emas. Bu borada qiladigan ishlarimiz talay.
Qonun ijodkorligimiz hozirgi islohotlar shiddati va surʼatlaridan ancha ortda qolmoqda. Vaholanki, qonun ijodkorligi islohotlardan sal boʻlsa ham ilgariroq yurishi kerak.
Bu borada biz hali islohotlardan ilgarilash u yoqda tursin, jamiyat va davlat hayotidagi tub oʻzgarishlarning qonuniy asoslarini hayot, zamonamiz va bugungi kun talablaridan kelib chiqib taʼminlab borishga ham toʻla erishganimiz yoʻq.
Ayniqsa, yaqinda boʻlib oʻtgan saylovlar oldimizda parlamentarizmni va koʻppartiyaviy tizimni yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, xalqimizning huquqiy ongi va tafakkurini, huquqiy bilim va koʻnikmalarini oshirish borasida hali talaygina vazifalar turganini koʻrsatdi. NNT va siyosiy partiyalarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi qonun hujjatlarini ham kodifikatsiyalash lozim.
Murojaatnomada alohida taʼkidlanganidek, yangi Parlament va Hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi – Oʻzbekistonda yashayotgan koʻp millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat boʻlishi shart.
“Shu munosabat bilan deputatlarimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchiman. Saylovoldi uchrashuvlarida aholi tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalarni hal etish boʻyicha, aniq dastur va “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish hamda uni mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda toʻliq amalga oshirish zarur”, dedi Prezidentimiz.
“Parlament diplomatiyasi” – muhim imkoniyatdir
Yangi parlament Oʻzbekistonning xalqaro obroʻsini oshirishga oʻz hissasini qoʻshishi darkor. Ayniqsa, “Demokratiya indeksi”, “Qonun ustuvorligi indeksi”, “Korrupsiyani nazorat qilish indeksi”da yangi Oʻzbekiston oʻzining namuna boʻlgulik sifatlarini namoyon etishi zarur.
Keyingi davrda Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi mavqeini oshirish boʻyicha Prezidentimizning 12 ta farmon va qarorlari qabul qilindi. Mazkur hujjatlar bu borada muayyan ijobiy oʻzgarishlarga erishishimiz uchun mustahkam huquqiy asos vazifasini oʻtamoqda.
Xususan, mamlakatimiz “Biznes yuritish indeksi”da 100 pogʻonadan koʻproq yuqoriladi va hozir 69-oʻrinda turibdi. Shuningdek, Oʻzbekiston keyingi davrda “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 26 pogʻonaga, “Logistika samaradorligi indeksi”da esa 19 pogʻonaga koʻtarildi.
Yaqin orada “Soʻz erkinligi va hisobdorlik indeksi”, “Jahon matbuoti erkinligi indeksi” kabi xalqaro reytinglarda koʻrsatkichlarimizni butunlay yangilashimiz taqozo etiladi.
Binobarin, Oʻzbekistonning halqaro iqtisodiy va ijtimoiy reytinglar, siyosiy muhitni aniqlashga oid indekslardagi oʻrnini yaxshilab borishda – bu “duing biznes” boʻladimi, investitsiya muhitiga oid boʻladimi, inson huquqlari yoki matbuot va soʻz erkinligi sohasidami, “innovatsion rivojlnishga tayyorlik”ga tegishli boʻladimi va hokazo – ushbu jarayonlarda nafaqat ijro xokimiyati, balki vakillik hokimiyatining ham ahamiyati yuksakdir.
Parlamentning tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy siyosat borasidagi faoliyatini, uning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash, nufuzli xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekistonning milliy manfatlarini himoya qilish kabi vazifalarini samarali amalga oshirish talab etiladi.
Xususan, mintaqamizda yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash, iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar sohalarga investitsiyalar jalb etish kabi yoʻnalishlarda Oʻzbekiston bilan xorijiy mamlakatlar oʻrtasidagi parlamentlararo ikki tomonlama hamkorlik guruhlari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi parlamentlararo tuzilmalardagi ishtirokimizdan samarali foydalanish bugungi kunning dolzarb talablaridandir.
Biz qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil va xalqaro hamkorlik boʻyicha faoliyatimizda ushbu masalalarga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur.
Keyingi davrda Oliy Majlis Prezidentimiz tashqi siyosiy yoʻlining faol ishtirokchisiga aylangani, shubhasiz, mamlakatimizda parlament diplomatiyasi rivojlana boshlaganini koʻrsatadi. Zero, Oʻzbekiston parlamenti endilikda parlamentlararo xalqaro tashkilotlarda ishtirok etmoqda. Ikki tomonlama deputatlik guruhlari koʻpayib, 28 taga yetdi va ular izchil faollashdi.
Ayni chogʻda, Prezidentimiz parlamentning nafaqat islohotlarni taʼminlash uchun zarur qonuniy asoslarni yaratib berish, balki mamlakat manfaatlarini har tomonlama himoya qilish va ilgari surish borasidagi faoliyatini ham tubdan qayta koʻrib chiqish zaruriyatiga eʼtiborni qaratdi. Haqiqatan ham, hali biz “parlament diplomatiyasi”, “xalqona yoki partiyaviy diplomatiya” imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanmadik.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kelgusi faoliyati boʻyicha bildirgan fikrlariga toʻxtalish maqsadga muvofiqdir.
Birinchidan, Konstitutsiyaga muvofiq, Qonunchilik palatasining eng muhim vakolatlaridan biri – bu xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya yoki denonsatsiya qilish hisoblanadi. Shu bilan birga, Prezidentimiz uqtirganidek, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining Hukumat tomonidan izchil bajarilishini nazorat qilish ham quyi palataning asosiy vazifasi boʻlishi kerak.
Ikkinchidan, Qonunchilik palatasi bundan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish boʻyicha vazirlar hisobotlarini eshitishni yoʻlga qoʻyishi lozim.
Uchinchidan, Inson huquqlarini himoya qilishda Qonunchilik palatasi rolini oshirish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish, “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va ijro etish ham quyi palataning diqqat markazida boʻlishi kerak.
Toʻrtinchidan, bugungi kunda jahon parlamentarizmida ilgʻor tajriba boʻlmish, yaʼni nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash amaliyoti xalqaro darajada eʼtirof etilmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbari qayd etganidek, ushbu nomdagi Parlament komissiyasi faoliyati izchil muvofiqlashtirib borilishi muhim.
Beshinchidan, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilgan. Bu institut qonun loyihalarini tayyorlashda, ularni muhokama qilishda, qabul qilingan qonunlar mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda parlament aʼzolariga haqiqiy yordamchi boʻlishi lozim.
Oltinchidan, qonun ijodkorligi faoliyatiga ilmiy-innovatsion omilni keng joriy etish ham bundan keyin quyi palataning muhim vazifasi boʻlib qolishi kerak.
Bugungi kunda Oʻzbekistonimiz oʻz taraqqiyot yoʻlidan jadal ilgarilab bormoqda. Oʻtgan uch yil davomida amalga oshirgan islohotlarimiz dastlabki samaralarini bera boshladi. Jahon hamjamiyatida Oʻzbekistonga qiziqish va eʼtibor, mamlakatimizning kuch va imkoniyatlariga, uning kelajagiga boʻlgan ishonch tobora ortib bormoqda.
Bu, oʻz navbatida, taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqish, koʻzlagan maqsadlarimizga yetish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Shunday ekan, bagʻrikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ishonchiga sazovor boʻlgan har birimiz oʻz joyimizda bu yuksak ishonchni amaliy ishlar bilan oqlashimiz kerak. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Bu bizning nafaqat fuqarolik, balki, eng avvalo, ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdir”.
Xulosa qilib aytganda, davlat boshligʻining parlamentga Murojaatnomasi – dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir.
Murojaatnomada, birinchidan, Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yoʻnalishlar boʻyicha nuqtayi nazari bayon qilindi;
ikkinchidan, siyosiy, iqtisodiy, gʻoyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflar ilgari surildi;
uchinchidan, u jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari boʻlinishi prinsipini taʼminlashga qaratilgan muhim huquqiy institut sifatida namoyon boʻldi.
Oʻzbekiston Prezidenti Oliy Majlisga Murojaatnomasini keng jamoatchilikka havola qildi. Agar ushbu muhim siyosiy-huquqiy tadbir televideniye kanallari va internet tarmogʻi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etilganini hisobga olsak, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasi nafaqat milliy parlament aʼzolariga, balki butun Oʻzbekiston xalqiga bevosita murojaat sifatida yanada ahamiyatlidir.
Akmal SAIDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari