Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi doirasida 2020-yilda:
1) “oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha davlat siyosatini ishlab chiqish
va joriy etish” yoʻnalishida 2020-yil 1-oktabrdan boshlab aholini don mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash va narxlar keskin oʻzgarishining oldini olish maqsadida intervension xaridlar tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda:
2021-yil hosilidan boshlab don uchun davlat buyurtmasi hajmlarini bosqichma-bosqich kamaytirish, shu jumladan, boshoqli don xarid qilish va sotishda erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor mexanizmlarini joriy etish;
oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun davlat buyurtmasi tizimidan davlat zaxirasidan foydalanishga oʻtish boʻyicha mexanizmni ishlab chiqish nazarda tutiladi;
2) “qulay agrobiznes muhitini va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish” yoʻnalishida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-oktabrga qadar 2021-yil hosilidan boshlab bozor konyunkturasi tahlili va agrotexnika tadbirlarini oʻtkazish xarajatlarning prognoz hisob-kitobi asosida paxta-toʻqimachilik klasterlari uchun fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosini yetkazib berish boʻyicha shartnomalarning shartlarini aniqlashda minimal narxlarni belgilash yoʻli bilan paxta xomashyosi narxlarini shakllantirish, xarid qilish va sotishning bozor tamoyillariga oʻtishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3) “sohada davlat ishtirokini kamaytirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish” yoʻnalishida:
a) 2020-yil 1-martdan paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishda band boʻlmagan maydonlarda tuproq-iqlim sharoitlari va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda tumanlarni bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish tizimi joriy etiladi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi uch oy muddatda kreditlash va sugʻurtalash mexanizmini qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻining strategik ustuvor yoʻnalishlari hamda ehtiyojlariga mos ravishda takomillashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin.
Bunda:
kredit ajratishda “omborxona guvohnomalari”, boshqa moliyaviy vositalar va yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqidan garov taʼminoti sifatida foydalanilishi;
qishloq xoʻjaligida xatarlarni sugʻurtalashning yangi turlari joriy etilishi nazarda tutilsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020-yil 1-aprelga qadar boshoqli don va paxtani qayta ishlash, resurs taʼminoti va xizmat koʻrsatish sohalaridagi davlat ulushi mavjud korxonalarni xususiylashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
4) “tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof muhit muhofazasini taʼminlash tizimini takomillashtirish” yoʻnalishida:
a) 2020-yil 1-apreldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyatining Qibray va Toshkent tumanlarida, Fargʻona viloyatining Fargʻona va Oltiariq tumanlarida hamda Qashqadaryo viloyatining Kitob va Nishon tumanlarida:
jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun shaffof va ochiq tanlov oʻtkazish orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarga keyinchalik tanlovga qoʻyish boʻyicha tashabbus koʻrsatish huquqini taqdim etgan holda maxsus geoportal orqali yer uchastkasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish huquqi beriladi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish huquqining bozor qiymatini baholash hamda ulardan soliqqa tortishda foydalanish mexanizmi joriy etiladi.
“Davergeodezkadastr” qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari tomonidan qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun moʻljallangan zaxira yerlaridan yer uchastkalari roʻyxatini tuzish va ularni tanlovga qoʻyish;
jismoniy va yuridik shaxslarga qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini tanlov orqali berish;
jismoniy va yuridik shaxslarga maxsus geoportal orqali tanlovga qoʻyiladigan yer maydonlarini tanlash imkoniyatini yaratish;
jismoniy va yuridik shaxslarga qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijara huquqi asosida foydalanishga berish boʻyicha materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishishni elektron shaklda amalga oshirish;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini olib qoʻyishning amaldagi tartibini qayta koʻrib chiqib, yerlardan boshqa maqsadlarda foydalanilishi va ekologik vaziyatning yomonlashuvini asosiy mezonlardan biri sifatida belgilagan holda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni bekor qilishning shaffof va adolatli mexanizmlarini joriy etish;
5) “boshqaruvning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish” yoʻnalishida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning vakolat va faoliyat yoʻnalishlari funksional baholash mezonlari asosida qayta koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi 2020-yil 1-mayga qadar yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning boshqaruv tizimini funksional baholash asosida sohada davlat boshqaruvi tuzilmasini takomillashtirish boʻyicha choralarni amalga oshirsin.
Bunda:
davlat rolini davlat buyurtmasini berish, ekinlarni joylashtirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni nazorat qilish tizimidan fermer va dehqon xoʻjaliklarida mehnat unumdorligini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini taʼminlash va sifatini oshirish, atrof muhitni muhofaza qilish va xususiy sektor tomonidan koʻrsatilmaydigan boshqa maqsadlar uchun zarur boʻlgan davlat xizmatlarini koʻrsatishga yoʻnaltirish;
davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalangan holda davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha xususiy sektor bilan hamkorlikni kuchaytirish;
vertikal va gorizontal boshqaruv tizimini takomillashtirish;
kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha kasbiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish nazarda tutilsin;
6) “fermer xoʻjaliklarida mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan tarmoq dasturlarini ishlab chiqish orqali davlat xarajatlari samaradorligini oshirish va bosqichma-bosqich qayta taqsimlash” yoʻnalishida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar boʻyicha takliflar kiritsin:
a) 2020-yil 1-martga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi faoliyatini qayta koʻrib chiqish;
b) 2020-yil 1-iyulga qadar agrosanoat majmuini oʻrta muddatli dasturiy moliyalashtirish tamoyillariga oʻtkazish.
Bunda:
tarmoq dasturlarini ishlab chiqishda agrosanoat majmuiga kiruvchi vazirliklar va idoralar byudjetlarini kompleks koʻrib chiqish mexanizmini joriy etish;
davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va resurs tejamkor texnologiyalarni qoʻllash orqali irrigatsiya sohasi xarajatlarini kamaytirish hisobiga ilmiy-tadqiqot ishlariga xarajatlarni koʻpaytirish;
agrosanoat majmuida xarajatlarni diversifikatsiya qilish nazarda tutilsin;
7) “ilm-fan, taʼlim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish” yoʻnalishida 2020-yil 1-martdan boshlab agrosanoat majmuiga kiruvchi ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tajriba muassasalarining bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bazaviy moliyalashtirish shartlariga oʻtkaziladi.
2020-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan bazaviy moliyalashtirishga oʻtkaziladigan agrosanoat majmui tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Agrosanoat majmui tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining mehnatiga haq toʻlash shartlari byudjet mablagʻlari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtirilsin;
8) “tarmoq statistikasining shaffof mexanizmini yaratish” yoʻnalishida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini kiritsin:
xususiy sektorni keng jalb qilish imkoniyatlarini inobatga olgan holda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimida Agrosanoat kompleksida yagona axborot dasturi (keyingi oʻrinlarda – Yagona dastur) yuritilishi uchun masʼul tashkilot tuzish;
agrosanoat majmuiga tegishli barcha vazirlik va idoralar hamda ushbu majmuada faoliyat olib borayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning Yagona dasturda ishlash tartibi;
agrosanoat majmuiga tegishli barcha vazirlik va idoralar axborot tizimlarining Yagona dastur bilan integratsiyasini taʼminlash nazarda tutilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2020-2022 yillarda:
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi birlashmalarini mahsulotlarning sifatini tahlil va nazorat qilish boʻyicha xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy laboratoriyalar bilan jihozlash;
qishloq xoʻjaligi birlashmalarini malakali menejer, marketolog, agronom, iqtisodchi va boshqa kerakli mutaxassislar bilan taʼminlash uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar mablagʻlarini jalb etishni taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning mablagʻlari jalb etilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D.Vaxabov – mazkur qaror ijrosini sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirish, masʼul vazirlik, idora, tashkilotlar va hokimliklarning faoliyatini samarali tashkil qilish hamda muvofiqlashtirish, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish hamda aniqlangan muammo va kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishni taʼminlasin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev – Dasturni amalga oshirish boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻrilishini taʼminlasin, mazkur qarorni oʻz vaqtida amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga har tomonlama uslubiy va amaliy koʻmak bersin hamda har oy Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengashga uning bajarilishi boʻyicha batafsil maʼlumot kiritib borsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzoqov – Dasturni 2020-yilda amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, jumladan, salohiyatli xorijiy investorlarning mablagʻlari jalb etilishini taʼminlasin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosarlari:
Sh.J.Teshayev – boshoqli donning davlat xaridlarini bosqichma-bosqich bekor qilish hamda paxta xomashyosi narxlarini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy etish boʻyicha ishlarni tayyorlashni taʼminlasin;
S.S.Xodjayev – qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻini kreditlash va sugʻurtalash mexanizmlarini takomillashtirish hamda agrosanoat majmuini moliyalashtirishni oʻrta muddatli dasturiy moliyalashtirish tamoyillariga oʻtkazish boʻyicha kompleks choralar ishlab chiqish tadbirlarini amalga oshirsin;
B.M.Xoliqov – agrosanoat majmui tarkibiga kiruvchi, jumladan, bazaviy byudjet moliyalashtirishiga oʻtkazilayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari ishini sifatli tashkil etish, amalga oshirilayotgan ilmiy-texnik dasturlar va tadqiqotlar natijalarini qishloq xoʻjaligida amaliy qoʻllashni taʼminlasin;
d) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari – jismoniy va yuridik shaxslarga qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini shaffof va ochiq tanlovlar oʻtkazish orqali ajratish boʻyicha joriy etilayotgan tartibga soʻzsiz rioya qilish, boshoqli donning davlat xaridlaridan bosqichma-bosqich voz kechish boʻyicha tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 28-yanvar