O‘zbekiston TIV rahbari “Yashil Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi konferensiyasida ishtirok etdi
2020-yilning 28-yanvar kuni Berlin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Germaniyaning “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusiga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etdi.
Germaniya o‘zining yangi tashabbusini Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha Strategiyasiga qo‘shgan hissasi va Yevropa va mintaqamiz o‘rtasidagi mushtaraklikni mustahkamlash niyatlarini tasdiqlash sifatida ko‘radi. Ushbu tashabbus doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘onistonda iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan qo‘shma loyihalar va tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Forumda Germaniya, Yevropa Ittifoqi, Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari, taniqli iqlimshunos muttaxassislar, shuningdek ilmiy va jamoat doiralari, biznes va OAV vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyani ochar ekan, Germaniya Federal tashqi ishlar vaziri Hayko Maas Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqlim o‘zgarishiga ta’sirchanligi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash zarurligining jiddiy omiliga aylanayotganligini qayd etdi. “Biz Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlaymiz va uning aynan yagona mintaqa sifatida o‘z manfaatlarini kuchliroq ifoda eta olishidan manfaatdormiz”, - deya ta’kidladi Germaniya TIV rahbari.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mavjud va ehtimoliy tahdidlar, shuningdek, cheklangan suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejaydigan va ekologik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha mamlakatimizda ko‘rilayotgan choralar haqida so‘zlab berdi.
Orol dengizining ekologik falokatining salbiy oqibatlarini yumshatish masalasi, xususan, O‘zbekistonning Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish tashabbusi doirasidagi xalqaro hamkorlikning ahamiyati alohida qayd etildi.
Konferensiya yakunlariga ko‘ra Qo‘shma bayonot qabul qilindi, unda Germaniyaning “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusini amalga oshirish doirasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy tamoyillari aks ettirilgan.