Turizm va sportni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 28-yanvar kuni turizmni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Bugungi kunda jahon turizm bozori hajmi qariyb 9 trillion dollarni tashkil etmoqda. Dunyoda ish bilan band aholining har oʻninchisi ushbu sohada faoliyat yuritmoqda.
Tahlillarga koʻra, turistlar havo transportida uchish vaqti 5 soatgacha boʻlgan oʻlkalarga eng koʻp sayohat qiladi. Mamlakatimiz atrofida bunday masofada 60 ga yaqin davlat, 3 milliard aholi bor. Yiliga ularning qariyb 360 millioni xorijga sayohat qiladi. Bu ulkan turizm bozori degani.
Oʻtgan yili yurtimizga 6,7 million nafar sayyoh kelgan. Diyorimiz 10 dan ortiq nufuzli xalqaro nashrlarda eng jozibali turistik maskan sifatida eʼtirof etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan haftada oʻzining Oliy Majlisga Murojaatnomasida turizmni iqtisodiyotning strategik tarmogʻiga aylantirish ustuvor vazifa ekanini taʼkidladi.
Joriy yilda xorijdan keladigan sayyohlar sonini 7,5 millionga, 2022-yilda 10 millionga va 2025-yilda 12 millionga yetkazish rejalashtirilgan. Bu orqali turizm xizmatlari eksporti joriy yilda 1,5 milliard dollar, keyingi 5 yilda 3 milliard dollargacha oshiriladi.
Davlatimiz rahbarining saʼy-harakatlari, xususan, 2018-yil 7-fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tufayli va yurtimiz aholisining farovonligi oshgani sayin ichki turizm ham kengayib bormoqda. Biroq, yigʻilishda taʼkidlanganidek, jahon standartlariga mos mehmonxonalar, malakali gidlar yetishmaydi.
Shu bois mehmonxonalarni joriy yilda 1 ming 700 taga, kelgusi 5 yilda 3 mingtagacha koʻpaytirish kerak. Oilaviy mehmon uylarini ham 2 mingtaga yetkazish zarur.
Bular orqali turizm sohasida yiliga kamida 30 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilingan.
Tanqidiy tahlil ruhida oʻtgan yigʻilishda ushbu natijalarga erishish uchun amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Sayyohlikning anʼanaviy turlari qamrovini kengaytirish bilan birga yangi koʻrinishlarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Kardiologiya, urologiya, stomatologiya, oftalmologiya kabi yurtimiz yuqori salohiyatga ega boʻlgan tibbiyot yoʻnalishlarida turizmni rivojlantirish, sogʻlomlashtirish va dam olish maskanlariga strategik investorlarni jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berildi. MDH davlatlari kasaba uyushmalari bilan yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyib, sayyohlar sonini keskin oshirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Madaniyat vazirligiga turizm marshrutiga kiritilgan obyektlar sonini joriy yilda 800 taga, 2025-yilda esa 2,5 mingtaga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Qishki turizmni rivojlantirish boʻyicha 2020-2025-yillarga moʻljallangan investitsiya loyihalarini ishlab chiqib, amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Samolyot va poyezdlarimizda xizmat koʻrsatish sifati pastligi, chiptalar narxi esa qimmatligi yoʻlovchilarning asosli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Oqibatda koʻpchilik xorijiy tashuvchilar xizmatini tanlamoqda. Temir yoʻl va avia yoʻnalishlarimiz keng qamrovli va raqobatbardosh emasligi koʻrsatib oʻtildi.
Transport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga Oʻzbekistonning 4 aeroportida joriy etilgan “ochiq osmon” rejimidan toʻliq foydalanish, yangi avia yoʻnalishlar ochish, tezyurar poyezdlar sonini koʻpaytirish, chiptalar narxini arzonlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yoʻlboʻyi turizm infratuzilmasini rivojlantirish, “turizm qishlogʻi”, “turizm ovuli” va “turizm mahallasi” loyihalarini amalga oshirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Oʻtgan yili xorijiy kinokompaniyalar tomonidan mamlakatimizda 1,6 million dollarlik 6 ta badiiy film suratga olindi. Shunda xarajatlarning bir qismini Oʻzbekiston tomonidan qoplash tizimi yoʻlga qoʻyilsa, bu madaniyat turizmi rivojiga katta turtki berishi bilan birga oʻlkamizning xalqaro maydonda targʻibotiga ham hissa qoʻshadi.
“Oʻzbekkino” milliy agentligiga xorijiy kinokompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizda suratga olish mexanizmlarini joriy etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Turizm sohasida kadrlar masalasiga eʼtibor qaratilar ekan, 20 ta oliy taʼlim muassasasida hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga biriktirilgan 3 ta texnikum va 9 ta kollejda ishchi kasblar tayyorlash tizimini joriy etish boʻyicha hali koʻp muammolar oʻz yechimini topmagani koʻrsatib oʻtildi. Oʻquv jarayonida ilgʻor tajribalarni joriy etish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni sohaning kelgusi rivojiga asos yaratdi.
Farmonda barcha tuman va shaharlarni kamida 3 ta sport turiga ixtisoslashtirish orqali katta sportga sifatli zaxira shakllantirish tizimini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari belgilandi.
Bu yil 269 ta futbol, voleybol, basketbol va badminton maydonlari, 178 ta boks, kurash, fitnes va gimnastika sport zallari, 32 ta tennis korti qurish vazifasi qoʻyilib, uning moliyaviy manbalari hal qilib berildi.
Yigʻilishda mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga har bir tuman kesimida tashabbuskorlarni aniqlab, Qurilish vazirligi bilan birgalikda arzon va energiya tejamkor sport inshootlari qurish boʻyicha namunali loyihalarni tayyorlash topshirildi.
Sport va jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanadigan aholining umumiy sonini joriy yilda 18 foizga, 2025-yilda esa 30 foizga yetkazish, shuningdek, 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning kamida 30 foizini ommaviy sportga jalb qilish kerakligi taʼkidlandi.
Mamlakatimizda jahon hamda qitʼa chempionatlari va boshqa nufuzli xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish orqali sport turizmini rivojlantirish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Milliy sport turlari, xususan, kurashni yanada rivojlantirish, uni Olimpiya oʻyinlari dasturlariga kiritish muhimligi qayd etildi.
Yigʻilishda joriy yilda Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
OʻzA