Ta’sirchan parlament nazorati – samarali ijro hokimiyati omili
2020-yil 20-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
O‘tgan davrda parlament nazoratining yangi shakl va mexanizmlari hayotimizga kirib keldi. Jumladan, Qonunchilik palatasida hukumat a’zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish tartibi – “Hukumat soati” instituti joriy etildi. Bundan tashqari, 2019 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni quyi palata majlisida ko‘rib chiqish amaliyoti tatbiq qilindi.
– Ta’sirchan parlament orqali samarali ijro hokimiyati faoliyatini yo‘lga qo‘yishga erishamiz. Shu sababli xalq orasida munozaraga sabab bo‘layotgan muammolar yuzasidan mas’ul rahbarlarning parlament va mahalliy kengashlarga tushuntirish berish tartibini joriy qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Quyi palatada tashkil etilgan Davlat budjeti boshqarmasi budjetni shakllantirish va ijrosi ustidan samarali nazorat o‘rnatishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimiz hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan katta hajmda mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Lekin ularning to‘g‘ri va unumli ishlatilishini nazorat qilish borasida shu hududlardan saylangan deputatlarning ishtiroki deyarli sezilmayapti. Holbuki, joylarda ajratilgan mablag‘lardan noto‘g‘ri foydalanish, ularni talon-toroj qilish, korrupsiya holatlari ham uchrab turibdi.
Shu bois xalq vakillari o‘z vakolatiga asoslanib, ta’sirchan nazorat o‘rnatishi zarurligi ta’kidlandi.
– Budjetdan sarflanadigan har bir so‘m uchun Moliya vazirligi xalq vakillari oldida hisobot berishi, barcha idoralar davlat mablag‘ining aniq maqsadlar uchun ishlatilishi bo‘yicha parlamentdan hayiqib turishi lozim. Shunda tartib bo‘ladi, shunda hamma deputat bilan hisoblashadigan bo‘ladi, – dedi Prezident.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati