Muqaddas sarhadlarimizning ishonchli qalqonlari
O‘zbekistonning mudofaa sohasidagi siyosati boshqa davlatlar bilan tinch-totuv yashash va ularning ichki ishlariga aralashmaslik, suvereniteti hamda mustaqilligini hurmat qilish tamoyillariga asoslangan bo‘lib, ko‘p tomonlama o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish, fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan.
Mamlakat mudofaa qobiliyatini oshirishning asosiy omili
Keyingi yillarda Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy armiyamizning mudofaa qobiliyatini yuksaltirishga qaratilgan ulkan islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, yaqin kunlarda tashkil topganining 28 yilligi keng nishonlanadigan Qurolli Kuchlarimizda barcha darajada professional harbiy kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirildi, qo‘shinlar tayyorgarligi yuzasidan tadbirlarni rejalashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqildi. Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil qilindi, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy himoya qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida ishlar kuchaytirildi. Qurolli Kuchlarga taalluqli masalalar yuzasidan xalq bilan muloqotning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi, boshqa davlatlar bilan harbiy sohadagi hamkorlik rivojlantirildi, harbiy sohada xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha prinsipial yondashuvlarni o‘zida aks ettirgan yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi.
— Mazkur hujjat respublika qonunchilik hujjatlari va xalqaro huquq normalariga asoslanadi va unda milliy manfaatlar, dunyo hamda mintaqamizdagi harbiy-siyosiy vaziyat, zamonaviy harbiy mojarolar xususiyatlaridan kelib chiqqan, — deydi O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Pavel Ergashev. — U davlatning mudofaa sohasidagi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi va ochiqlik xususiyatiga ega. Bu esa shaffoflikni ta’minlaydi, boshqa mamlakatlar bilan samarali o‘zaro harbiy-siyosiy hamkorlik uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratadi.
Shuningdek, qo‘shinlarning harbiy tayyorgarlik dasturiga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda mashg‘ulotlar zamonaviy interfaol usullar asosida olib borilyapti. Harbiy xizmatchilar davomati darajasini takomillashtirish uchun reyting tizimi tatbik etildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad esa shaxsiy tarkibning mustaqil bilim olishini oshirish va doimiy izlanishini tashkil qilishdir. Shular bilan bir qatorda, modellashtirish va simulyatsiya usullaridan keng foydalangan holda, haqiqiy harbiy sharoitlarga maksimal darajada yaqinlashtirilgan taktik-o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Har bir taktik o‘quv va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish tartibiga tegishli bo‘lgan turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv-metodik filmlarni tayyorlash hamda ular bilan harbiy qismlar va muassasalarni ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Harbiy xizmat nufuzi oshmoqda
Muddatli harbiy xizmatni o‘tash sharoitlari ham tubdan o‘zgardi. Jumladan, Davlat test markazi bilan hamkorlikda fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tanlov asosida amalga oshirilyapti. Shunday kilib, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari yuqori bilim darajasi va yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega yoshlar hisobidan to‘ldirilayotgan mamlakatlar qatoridan joy oldi.
— Biz birinchi kundan boshlaboq yangi kelgan askarlarni mas’uliyat va vatanparvarlik fazilatlari ruhida tarbiyalayapmiz, ularning armiya sharoitlariga ko‘nikishlariga yordam bermoqdamiz, — deydi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda shartnoma asosida xizmat o‘tayotgan serjant Azat Usmanov. — Bo‘linmamizda yigitlar haqiqiy mard bo‘lib yetishishlari uchun barcha zarur imkoniyatlar mavjud. Prezidentimiz tomonidan harbiy xizmatni o‘tash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan qator farmonlar va qarorlar qabul qilindi, Vatan himoyachilariga qo‘shimcha imtiyozlar berildi. Bularning barchasi, albatta, yoshlar o‘rtasida armiyada xizmat qilishga bo‘lgan qiziqishni sezilarli ravishda oshiradi.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini uy-joy bilan ta’minlashga oid davlat dasturi amalga oshirilmoqda, ham shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar, ham muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganlar uchun yaxlit imtiyozlar tizimi yaratildi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan har bir xizmatchi bir vaqtning o‘zida oylik pullarini olyapti, o‘zini ko‘rsatgan va testlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga esa qism qo‘mondonligining tavsiyanomalari berilmoqdaki, ular respublikadagi oliy o‘quv yurtlariga imtiyoz asosda kirish imkoniyatiga ega bo‘lishyapti.
Tog‘ o‘quv markazlarida yo‘riqchi mutaxassislar ishtirokida harbiy xizmatchilarning tog‘li va tog‘oldi hududlaridagi taktik harakatlarga tayyorgarligi bo‘yicha taktik yig‘inlar o‘tkazilmoqda, har qanday ob-havo sharoitida va turli joylashuv hududlarida desant tashlashning turli ko‘rinishlari ishlab chiqilyapti. Maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil qilish va o‘tkazishga barcha qo‘shin turlari bo‘linmalari jalb etilmoqda. Bu esa ular o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va uyg‘unlikni yo‘lga qo‘yishda yordam beryapti.
Poligonlar hamisha qizg‘in
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari va Milliy gvardiyasida harbiy xizmatchilarning amaliy mashg‘ulotlari, boshqa mamlakatlarning qurolli kuchlari idoralari bilan o‘zaro hamkorlik hamda tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Trevoga!” signali bo‘yicha qo‘shinlar yuqori darajadagi harbiy tayyorgarlikka keltirildi. Asosiy amaliy harakatlar yurtimizdagi sakkizta poligonda bo‘lib o‘tdi. Ularda aviatsiyani jalb etgan holda motoo‘qchi, tank bo‘linmalari, reaktiv va stvolli artilleriyaning jangovar o‘q otish mashqlari amalga oshirildi. Qo‘qqisdan tekshirish barcha harbiy jamoalar harakatlari mustahkam jipslashganini ko‘rsatdi. Bu ham armiyamiz yuksak darajadagi ma’naviy-psixologik ruhga ega ekanligining tasdig‘idir.
Endilikda bunday tekshirishlar harbiy okruglarda tez-tez o‘tkazilyapti. Misol uchun, 2019-yil may oyida erta tongda Qurolli Kuchlar Bosh shtabidan kelib tushgan “Trevoga!” signali bo‘yicha Termiz garnizoni qo‘shinlari yuqori darajadagi harbiy tayyorgarlikka keltirildi. Harbiy xizmatchilar oldida jangovar va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini namoyish etish, batalon-taktik guruhlar harakatlaridagi mushtaraklik, qurol-yarog‘lar va harbiy texnikani boshqarishdagi mohirlikni namoyish etish vazifasi turardi. Ushbu topshiriqlarni qo‘shinlar “a’lo” bahoga bajarishdi.
Oldingi yillardagidan farqli ravishda, Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun taktik o‘quvlarni o‘tkazish muntazamlik kasb etmoqda. E’tiborlisi, ular tez-tez boshqa davlatlar armiyalari vakillari ishtirokida o‘tkazilyapti. O‘tgan yili Jizzax viloyatidagi “Forish” va Namangan viloyatidagi “G‘urumsaroy” poligonlarida “Hamkorlik — 2019” O‘zbekiston — Xitoy aksilterror o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari hamda “Harbiy hamkorlik — 2019” qo‘shma maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
— O‘zbekiston armiyasi va Milliy gvardiyasida Vatan himoyasiga qodir bo‘lgan, o‘z ishining professionallari xizmat qiladi, —deydi Xitoy Xalq Qurollangan Militsiyasi Bosh qo‘mondoni, general-polkovnik Van Nin. — O‘zbekiston poligonlarida strategik sheriklik va hamkorlikka asoslangan hamda tahdidlarga qarshi kurashish va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan bu kabi keng miqyosdagi harbiy mashg‘ulotlarning o‘tkazilishi ishtirokchi mamlakatlar harbiy xizmatchilari uchun maktab vazifasini o‘taydi.
Kuchlarni birlashtirgan qolda, xatarlar va taxdidlarga karshi kurashish
Ma’lumki, O‘zbekiston turli harbiy-siyosiy blok va alyanslarga qo‘shilmaydi, o‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Binobarin, harbiy sohadagi hamkorlik milliy armiya jangovar tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladigan tajribalar almashish, “Bu — mening Vatanim, uni ko‘z qorachig‘idek asrayman va uning uchun jonimni berishga tayyorman”, degan so‘zlar hayot shioriga aylangan harbiy kadrlar tayyorlash masalasini o‘z ichiga oladi.
So‘nggi paytlarda Mudofaa vazirligi ko‘plab davlatlar qurolli kuchlari bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. MDH mamlakatlari, AQSh, Pokiston va boshqa delegatsiyalar yurtimizga tashrif buyurdi, Qurolli Kuchlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, harbiy kadrlar tayyorlash uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi, sohada jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikka baho berishdi.
Umuman olganda, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining kuch-qudrat bo‘yicha jahon reytingida to‘qqiz pog‘ona yuqorilagani armiyamizda olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganining yaqqol isbotidir. Shunga mos ravishda Vatanimiz himoyachilari qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari va dunyo mamlakatlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan nufuzli xalqaro turnirlarda ham bilim va mahorati, barqarorligi, ruhiyati, kuchi, jipsligini yorqin namoyon etib kelyapti. Ular Buyuk Britaniya mezbonlik qilib keladigan “Kembriya patruli” tanlovida ikki karra birinchi o‘rinni egalladi, Xalqaro armiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Birinchi marta 2017-yilda “ArMI” musobaqalarida qatnashgan vakillarimiz ikki yil ichida raqiblariga qarshi jiddiy raqobat tug‘dirish hamda Jizzax viloyatidagi “Forish” poligonida harbiy-tibbiy estafetani yuqori tashkilotchilik darajasida o‘tkazishga qodir ekanliklarini ko‘rsata olishdi.
Ilk ishtirokda yaxshi ko‘rsatkich
Xalqaro armiya o‘yinlarida eng tomoshabop va mashhuri, shubhasiz, tank biatloni hisoblanadi. 2018-yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi unda kuzatuvchi davlat sifatida qatnashgan bo‘lsa, 2019-yilda bellashuvning to‘la huquqli ishtirokchisiga aylandi. Debyut natijasi esa birinchi divizionga chiqish imkoniyatini taqdim etdi.
Gap shundaki, O‘zbekiston tankchilari tank biatloni ikkinchi divizionning final bosqichida muvaffaqiyatli qatnashib, birinchi o‘rin hamda “ArMI — 2020” xalqaro tanlovining birinchi divizion yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Harbiy mashina ekipaji bu borada qiyin yo‘nalishni 2 soat 7 daqiqayu 22 soniyada bosib o‘tib, 13 ta nishonni yo‘q qildi.
Qolaversa, muhandis-sapyorlar ham Rossiyaning Tyumen oblasti poligonida uchinchi o‘rinni egallab, muvaffaqiyat qozondi. Mamlakatimiz qo‘shin razvedkachilari esa ilk bor Elburs cho‘qqisini zabt etishdi. Harbiy alpinistlarimiz asosiy lagerdan balandligi 4130 metrli tog‘ cho‘qqisigacha 4 soatu 25 daqiqada yetib oldi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Jizzax viloyatidagi “Forish” tog‘-dala o‘quv poligonida birinchi marta Xalqaro armiya o‘yinlarining harbiy shifokorlik faoliyati ustalari o‘rtasida tanlov o‘tkazildi. Ushbu musobaqada 11 davlatdan 200 ga yaqin eng yaxshi harbiy-tibbiyot mutaxassislari hozir bo‘ldi. Ular 12 kun davomida professional mahorati va harbiy ko‘nikmalarini namoyish etdi. O‘zbekiston vakillari eng yaxshi jamoa, deya e’tirof etildi.
Armiyamiz jangovar salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, xalqaro terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashish, Vatanimizning muqaddas sarhadlari himoyasi uchun ishonchli qalqon yaratish borasida yurtimiz Qurolli Kuchlarida islohotlar va o‘zgarishlar davom ettirilmoqda, xalqaro aloqalar mustahkamlanyapti, hamkorlikdagi taktik-o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilayotir. Ulardan biri 2019-yilning dekabr oyida Sharqiy harbiy okrug “G‘urumsaroy” poligonida Rossiya Federatsiyasi harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda tashkil qilindi.
Navbatda yangi tadbirlar turibdi. Ular harbiy xizmatchilar uchun toblanish, mardlik, qat’iyat maktabiga aylanadi, eng muhimi, Vatanga bo‘lgan chin muhabbatni yanada mustahkamlaydi.
“Xalq so‘zi” gazetasi