Hamma holatlarga yagona raqam
Favqulodda vaziyatli holatlarda qoʻngʻiroq qilinadigan yagona qisqa raqam tizimini yaratish taklifi bildirildi. Bu “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga joylashtirilgan petitsiyada keltirib oʻtilgan.
Innovatsiyalar va AKT yoʻnalishidagi murojaatda qayd etilishicha, Toshkent shahri aholisiga qulayliklar yaratish maqsadida “Aqlli shahar” (Umnыy gorod) konsepsiyasiga qoʻshimcha tarzda turli favqulodda vaziyatli holatlarda qoʻngʻiroq qilinadigan telefon raqamlarini (101, 102, 103, 104) yagona raqamga birlashtirish lozim.
Qayd etilishicha, oʻzini yoʻqotib qoʻyishi natijasida raqamlarda adashish yoki tegishli raqamni yoddan chiqarib, bir necha tashkilotlarga qoʻngʻiroq qilishi va vaqt yoʻqotishiga sabab boʻlmoqda.
Yagona raqamga qoʻngʻiroqni amalga oshirish uch tilda soʻzlay oladigan operator xizmatidan foydalanishni taʼminlab, operatorning fuqarodan avariya tafsilotlarini aniq oʻrganishi, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda buyurtma qabul qilish jarayonida qoʻngʻiroq qiluvchining joyini tez aniqlashi avariya joyigacha boʻlgan qisqa yoʻnalishni tanlashini taʼminlaydi.
Fuqaro bilan suhbatlashgandan soʻng operator oʻt oʻchirish xizmatiga, yongʻinda jabrlanuvchilar boʻlsa, tez yordam xizmatiga oʻzi qoʻngʻiroqni amalga oshiradi hamda oʻrganilgan marshrut va qolgan maʼlumotlarni taqdim qiladi. Shuningdek, operator ijrochini nazorat qiladi va hisobotini olib, monitoringini yuritishi ham mumkin.
Shu sababli, Toshkent shahar aholisi uchun favqulodda vaziyatli holatlarda qoʻngʻiroq qilinadigan yagona qisqa raqam tizimini yaratishni taklif qilingan.
Murojaat ostida qoldirilgan izohlarda qisqa raqam respublika miqyosida ishga tushirilishi lozimligi taʼkidlangan. Shuningdek ITU standartlariga koʻra, favqulodda holatlar uchun yagona qisqa raqam “112” yoki “911” boʻlishi kerakligi ham qayd etilgan.
O’zA