Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: raqamlar emas, natija zarur
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning oxirgi ish kunida parlament palatalari rahbarlari, hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari bilan uchrashib, yil yakunlarini sarhisob qildi va 2020-yildagi muhim vazifalarni belgilab berdi.
Mamlakatimizda barcha sohalarda dadil islohotlar amalga oshirilmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlarini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, hududlarning imkoniyatlarini toʻla yuzaga chiqarib, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Tashabbus va takliflar qoʻllab-quvvatlanib, moliyaviy, tashkiliy jihatlari hal qilib berilmoqda.
Bunday keng koʻlamli ishlar natijasi har bir jabhada sezilyapti. Ilgari ilojsizdek tuyulgan masalalarga yechim topilmoqda. Eng muhimi, xalqning turmush sharoitlari yaxshilanmoqda, oddiy odamlar davlatdan, hayotdan rozi boʻlyapti.
Yurtimizdagi oʻzgarishlarni jahon hamjamiyati ham tan olmoqda. Xususan, dunyodagi eng nufuzli nashrlardan biri boʻlgan Buyuk Britaniyaning “Ekonomist” jurnali Oʻzbekistonni 2019-yilda eng jadal islohotlarni amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb eʼtirof etdi.
Shuningdek, Jahon bankining 2019-yildagi “Biznes yuritish” reytingida ham Oʻzbekiston eng ilgʻor islohotchi mamlakatlar qatoridan oʻrin oldi.
Bunday muvaffaqiyatlar 2020-yilda ham davomli boʻlishi, yanada yaxshilanishi uchun tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlarni bajarib, eng yuqori natijalarni taʼminlash lozim.
Davlatimiz rahbari bugun erishilgan natijalar hali marra emasligi, oldimizda aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini oshirish, imkoniyatlardan kengroq foydalanish uchun 2020-yil sinov yili boʻlishini taʼkidladi.
Yigʻilishda 2019-yilda yoʻl qoʻyilgan xatolardan toʻgʻri xulosa chiqarib, 2020-yilga belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish, masʼul ijrochilar va muddatlarni belgilab olish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, bevosita joylarga borib, ularning ijrosini tashkil qilish va doimiy nazoratni taʼminlash kerakligi aytib oʻtildi.
Vazirlar Mahkamasi ijro hokimiyati faoliyatini samarali tashkil etib, har bir vazirlik, davlat qoʻmitasi va boshqa idoralarning 2020-yil har choragi uchun faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlarini ishlab chiqib, ijrosini qatʼiy nazoratga olishi zarurligi qayd etildi.
Kelgusi yilda davlat korxonalarini samarali boshqarish va iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish boʻyicha jiddiy oʻzgarishlar qilish zarurligi taʼkidlandi.
Investitsiya dasturidagi infratuzilma obyektlarini qurish va ishga tushirish boʻyicha yangi tizim joriy etish, transport, ayniqsa, temir yoʻl va aviatsiya sohasida boshlangan islohotlarni jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.
Qurilish-pudrat va loyiha bozorini tartibga solish, bu bozorda erkin raqobat muhitini va zamonaviy shaharsozlik meʼyorlarini joriy etish, qurilishni arzonlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, ichimlik suvi, issiqlik taʼminoti sohasidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, inflyatsiyani pasaytirish, narx-navoni shakllantirishni toʻliq bozor munosabatlariga oʻtkazish, erkin raqobat muhitini shakllantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, isteʼmol tovarlarni, ayniqsa, oziq ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va xarajatlarni kamaytirish orqali narx-navoning keskin oshishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
Bank tizimidagi islohotlarni davom ettirish, qulay va sifatli bank xizmatlarini kengaytirish ham muhimligi taʼkidlandi.
Xalqimizda tadbirkorlik tashabbuslarini oshirish, boqimandalik kayfiyatidan xalos etish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Mamlakatimizda qulay biznes muhitini yaratish, jumladan, soliq maʼmurchiligini yanada takomillashtirish, axborot texnologiyalarini keng qoʻllash va inson omilini maksimal qisqartirish zarurligi taʼkidlandi.
Tashqi savdo va investitsiya borasidagi ishlarni samarali tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar va xorijiy kreditlarni samarali ishlatish, ularni aniq natija beradigan loyihalarga yoʻnaltirish, investorlar bilan manzilli ishlashni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, xorijiy tashriflar chogʻida erishilgan kelishuvlar va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tizimli ishlarni tashkil etib, aniq natijalarni taʼminlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Iqtisodiyotimizning eksport salohiyatini oshirish, eksportning tarkibi va geografiyasini diversifikatsiya qilish, yangi bozorlarga chiqish uchun tashqi savdoni tubdan takomillashtirish talab etiladi. Bojxona, standart, karantin kabi sohalarni isloh qilib, ularni tadbirkorga koʻmakchiga aylantirishni taqozo etadi.
Yigʻilishda taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm va boshqa ijtimoiy sohalardagi islohotlarni izchil davom ettirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Kelgusi yilda turistlar oqimini 7,5 millionga yetkazish va xizmatlar eksportini 1,5 milliard dollardan oshirish bu sohadagi eng ustuvor vazifaligi koʻrsatib oʻtildi.
Yoshlarni, ayniqsa, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, oila oldidagi masʼuliyatni anglash, psixologik tayyorgarlik va oiladagi munosabatlarni toʻgʻri oʻrnatish, oilada sogʻlom muhitni yarata olish zarur.
Agrosanoat majmuiga kiruvchi tarmoq va soha rahbarlari uchun Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi ijrosini taʼminlash kelgusi yil uchun eng ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Bunda, paxta, gʻalla, sholi klasterlariga kerakli sharoitlar yaratish, yangi tizimda yuzaga keladigan muammolarni muntazam tahlil qilib, ularni bartaraf qilish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, yigʻilishda neft-gaz, kimyo tarmoqlari, energetikani rivojlantirish, ushbu sohalarga xususiy sektor va investitsiyalarni faol jalb qilish, xomashyo qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha zarur topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda belgilangan topshiriqlarni toʻliq va sifatli amalga oshirish uchun barcha rahbarlar oʻz tizimida pastga tushib, xodimlar va resurslarni maksimal darajada safarbar qilishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Prezidentimiz tomonidan qoʻtarilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Raisi va Qonunchilik palatasi Spikeri, Bosh vazir va hukumat aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari yigʻilishda soʻzga chiqib, berilgan topshiriqlarni sifatli bajarish boʻyicha sohalarda tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyishlarini taʼkidladilar.
O'zA