Oʻzbekiston Prezidenti Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 30-dekabr kuni Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev kirib kelayotgan yangi - 2020-yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, ezgu tilaklarini izhor qildilar.
Yakuniga yetayotgan yilda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda muhim natijalarga erishilgani taʼkidlandi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, sanoat va transport sohalaridagi kooperatsiya kengaymoqda, hududlararo va gumanitar aloqalar faollashdi. Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ikkinchi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki tomonlama hamkorlikka oid, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
OʻzA