YXHT DIIHB missiyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarining kuzatuvlari natijalari to‘g‘risida dastlabki hisobotini e’lon qildi
2019-yil 23-dekabr YXHT rasmiy veb-sahifasida YXHT DIIHB missiyasining joriy yilning 25-noyabridan 25-dekabrigacha O‘zbekiston Respublikasi parlament saylovlarining kuzatuvlari natijalari to‘g‘risida e’lon qilingan dastlabki hisoboti e’lon qilindi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, “saylovlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yildan O‘zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarida o‘zgarishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlari doirasida o‘tkazildi”. Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida Oliy Majlisga o‘tkazilgan saylovlar modernizatsiya va demokratlashtirish jarayonidagi muhim bosqich bo‘lib, davlat rahbarining ta’rifiga ko‘ra – ortga qaytarib bo‘lmaydigan xarakterga ega ekanligi alohida qayd etilgan.
YXHT yangi qabul qilingan Saylov kodeksida ilgari YXHT DIIHB tomonidan berilgan tavsiyalar mavjud bo‘lib, ushbu tavsiyalar saylovlarning huquqiy asoslarini xalqaro standartlar va YXHT majburiyatlariga yaqinlashtirganini tan oladi.
“Markaziy saylov komissiyaning parlament saylovlarini namunaviy tarzda o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirgan sezilarli darajadagi sa’y-harakatlariga” ijobiy baho berildi. Hisobotda Markaziy saylov komissiyaning saylovlarni o‘z vaqtida va belgilangan tartibda o‘tkazishga amal qilganligi aytiladi. Saylovchilarning xabardorligini va saylov komissiyasi vakillarining savodxonligini oshirish, nogiron shaxslarga kerakli sharoitlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi e’tirof etildi. Jazoni o‘tash muassasalarida ozodlikdan mahrum qilingan, o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlikda ayblangan shaxslarga ovoz berish huquqining taqdim etilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ko‘p marotaba ovoz berishni bartaraf etuvchi va teng ovoz berish huquqini kafolatlovchi saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati tatbiq etilganligiga “ulkan yutuq” sifatida baho berildi.
1999-yildan buyon ilk marotaba DIIHB hisobotida saylovlarning yuqori ochiqlik va shaffolikda o‘tgani qayd etilmoqda. Saylov kampaniyasi hukumatning so‘z va fikr erkinligiga nisbatan oshib borayotgan hurmat sharoitida o‘tganligi ta’kidlandi. YXHT ekspertlarining fikriga ko‘ra bu “OAVga saylov jarayonlarini keng yoritish imkonini berdi”. Bundan tashqari, amalga oshirilgan islohotlar fuqarolar va siyosiy partiyalar uchun siyosiy takliflar va hukumatga nisbatan tanqid bilan chiqish imkonini berganligi YXHT tomonidan yuqori baholandi.
Hisobotda eng muhim yangilik sifatida jonli efirda debatlarning tez-tez o‘tkazilganligi ta’kidlangan. Mustaqil sharhning muhim manbai sifatida ko‘riladigan blogerlarning ta’siri ortib borayotganligi ko‘rsatib o‘tilgan. YXHT kuzatuvchilari milliy ozchilikning huquqlari buzilishi holatlari kuzatilmaganligi ta’kidlagan.
Birinchi marta “Saylov kodeksi saylov qonunchiligining buzilishiga javoban huquqiy vositalarni va partiyalarning saylov oldi tashviqoti doirasida moliyaviy resurslar sarflanganligi to‘g‘risidagi hisobotlarni bir oy ichida o‘z veb-saytlarida va OAVda e’lon qilish majburiyatini ta’minlaydigan oqilona qonunchilik bazasini yaratganligi” e’tirof etilgan.
Alohida qayd etilishicha, saylovda 820 dan ortiq xalqaro kuzatuvchilar va 135 nafar chet ellik jurnalistlar ishtirok etgan va ular uchun saylov jarayonining barcha jabhalariga teng va to‘siqsiz kirish imkoniyati yaratilgan.
YXHT hujjatida davlat va jamoat boshqaruv tizimidagi, saylov amaliyotidagi bir qator ijobiy o‘zgarishlar ham qayd etilgan.
Shu bilan birga, YXHT Missiyasining hisobotida saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan qator tavsiyalar mavjud.
Tuhmat qilish, “fuqarolarning qadr-qimmatini kamsitish” va “yolg‘on ma’lumot” tarqatish uchun jinoiy jazolarni bekor qilish taklif etiladi. Bu Missiyaning fikricha, jurnalistlar faoliyatini va fikr erkinligi huquqini sezilarli darajada cheklaydi. Shu munosabat bilan, YXHT/DIIHB O‘zbekiston Prezidentning tuhmat va haqoratlar endi qamoq jazosi bilan jazolanmasligi uchun qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga topshiriq berganligini olqishlaydi.
Bundan tashqari, YXHT/DIIHB Missiyasi ta’kidlashicha, deputatlikka nomzodlarga saylov kunidan kamida besh yil davomida mamlakatda bo‘lish talablarini belgilash eng yaxshi saylov amaliyotiga mos kelmaydi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga saylovda ovoz berish huquqini berish, shuningdek fuqarolarga mustaqil nomzod sifatida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etiladi.
YXHT Missiyasining fikriga ko‘ra, hozirgi vaqtda ayollar mamlakat jamoat va siyosiy hayotida yetarli darajada faol qatnashmayapti. Shu bilan birga, DIIHB Missiyasi Markaziy saylov komissiyasida ayollar soni 3 tadan 7 tagacha, saylov organlarida esa 49%ga oshganini ta’kidlab o‘tdi. Nomzod sifatida ko‘rsatilgan ayollar soni 41 foizdan oshganligi ham alohida ta’kidlab o‘tildi.
DIIHB Missiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 iyundagi Oliy Majlis Senatining yalpi majlisidagi nutqida ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirish muhimligi to‘g‘risidagi fikrini keltirib o‘tdi.
Qolaversa, Missiya, ovoz berish kuni saylov uchastkalarida guruh-guruh bo‘lib ovoz berish holatlari, saylovchilarni ro‘yxatga olish va ovozlarni sanab chiqish jarayonida kuzatilgan huquqbuzarliklar va yakuniy protokollarni to‘ldirishda qiyinchiliklar kuzatilganini qayd etdi. Ta’kidlash joizki, saylov kuni Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda saylov qonunchiligi buzilish holatlari uchraganini tan oldi va ushbu holat yuzasidan hozirgi vaqtda tegishli tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.
Xulosada Missiya Markaziy saylov komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligiga saylov jarayoni kuzatish uchun taklif etilgani uchun tashakkurnoma bildirgan.
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasidan ma’lum qilishlaricha, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan saylovlarda birinchi marotaba YXHT tashkilotiga a’zo bo‘lgan 37 davlatdan 316 kengaytirilgan kuzatuvchilar delegatsiyasi, shu jumladan, YXHT/DIIH byurosidan – 271 va YXHT Parlament Assambleyasidan 45 nafar kuzatuvchi qatnashdi.
Shuningdek, oldingi hisobotlardan farqli o‘laroq, ushbu hisobotda YXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasining kuzatuv natijalari ham hisobga olingan.