Grant mablag‘laridan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 25-dekabr kuni grant mablag‘larini faol jalb etish va ulardan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yaxshilash, shu maqsadda grantlar, texnik ko‘mak va boshqa tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va jamg‘armalar bilan aloqalarni rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10-oktabrdagi “Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida bu borada yangi vertikal tizim yaratildi. Grantlarni koordinatsiya va monitoring qilish, donorlar bilan ishlash bo‘yicha Investitsiya va tashqi savdo vazirligi vakolatli organ etib belgilandi, vazirlikda yangi departament tashkil etildi.
Yig‘ilishda hozirgacha mavjud bo‘lgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, hozirda respublika bo‘yicha 667 million dollar grant hisobiga 160 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Lekin ushbu loyihalar holati, mablag‘larni o‘zlashtirish samarasini baholash, maqsadli ishlatish ustidan nazorat mexanizmi yo‘q. Grantlar hisobiga ishga tushirilgan ob’ektlar va uskunalardan, loyihalar doirasida orttirilgan tajribadan samarali foydalanilmayapti. Ilm-fan, innovatsiya, ekologiya kabi sohalarga grantlar kam jalb etilayapti.
Shu bois grant mablag‘larini faol jalb etish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha navbatdagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Har bir ustuvor soha va tarmoq bo‘yicha yangi grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligiga grantlar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini baholash bo‘yicha yangi tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga xorijdagi vakolatxonalar bilan birgalikda xalqaro donor tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2020-yilda grantlar jalb etish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqishi, bu mablag‘lar ustuvor maqsadlarga va aniq loyihalarga yo‘naltirilishi zarurligi ta’kidlandi.
Misol uchun, sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha onkologiya, bolalar xastaliklari va ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar, laboratoriyalar tashkil etish kabi ustuvor yo‘nalishlarga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, JAYKA, KOIKA kabi donorlar mablag‘larini jalb qilish mumkin.
BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondiga ham grantlar kelishini ko‘paytirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Beg‘araz yordam hisobiga xorijiy mutaxassislar va volontyorlarni jalb etish ko‘lamini kengaytirish, ular bilan doimiy muloqot olib borib, tajribasidan foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
O‘zA