ShHT kuzatuvchilari missiyasi ishtirokida press-brifing bo‘lib o‘tdi
2019-yilning 23-dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari missiyasi ishtirokida press-brifing bo‘lib o‘tdi.
ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari, ShHT kuzatuvchilar missiyasi rahbari Se Syaoyun saylovlarni kuzatish bo‘yicha xulosalarni bayon qildi.
Unda ShHT Tashqi ishlar vazirligi taklifiga binoan hamda Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish bo‘yicha O‘zbekistonga kelgan ShHT kuzatuvchilari delegatsiyasi o‘zining elliginchi yubiley missiyasi faoliyatini muvaffaqiyatli yakunlaganligini e’tirof etishdi.
ShHT missiyasi a’zolari O‘zbekistondagi parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarni kuzatish uchun joriy yil 16 dekabr kuni kelishgan.
Se Syaoyun missiya tarkibida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Xitoy, Pokiston, Tojikiston kabi davlatlardan 20 nafar kuzatuvchi ekspertlar borligini aytib o‘tdi.
Saylov kuniga qadar missiya kuzatuvchilari saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishgan. Delegatsiya rahbarining qayd etishicha, O‘zbekiston davlati tomonidan saylovning demokratik talablar asosida o‘tishi uchun barcha zarur shart-sharoit ta’minlab berilgan.
-“Saylovgacha bo‘lgan jarayonda xalqaro standartlarga muvofiq keladigan, saylovga oid bir necha qonunlarni yaxlitlashtirgan Saylov kodeksi qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov bilan bog‘liq barcha tashkiliy ishlar yaxshi amalga oshirilgan.
Missiya vakillari Toshkent, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Samarqand, Buxoro viloyatlaridagi turli saylov uchastkalarida bo‘lib, tayyorgarlikni ham, saylov qanday o‘tkazilganini ham bevosita kuzatishdi.
Saylovchilarning erkin ovoz berishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini, ayniqsa imkoniyati cheklangan shaxslarga ham zarur sharoitlar ta’minlangani e’tiborga loyiq. Xorijiy davlatlardagi fuqarolarga ham ovoz berish uchun maksimal qulaylik yaratilgan. Muddatidan oldin ovoz berish uchun ham zaruriy choralar ko‘rilgan.
Saylov kuni muhrlangan saylov qutilari, saylov uchastkalarida videokuzatuv yo‘lga qo‘yilganiga bevosita guvoh bo‘ldik.
Aholi saylovlarda faol ishtirok etdi. Missiya kuzatuvchilariga saylovdan oldin ham, saylov kuni ham hech qanday e’tiroz va shikoyatlar bildirilmadi.” – dedi Se Syaoyun.
ShHT kuzatuvchilari missiyasi rahbari O‘zbekistonda saylovlar shaffof, demokratik tarzda muvaffaqiyatli o‘tganini e’tirof etar ekan, xalqimizni bu yutuq bilan tabrikladi.
Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati