AQShda saylov muvaffaqiyatli yakunlandi
2019-yilning 22-dekabr kuni soat 20.00da (Toshkent vaqti bilan 23-dekabr ertalab soat 6.00) Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda mamlakatimizning Vashington shahridagi Elchixonasi va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi huzurida tuzilgan va 150-sonli Shayxontoxur saylov okrugiga (Toshkent sh.) biriktirilgan 12- va 33-saylov uchastkalarida ovoz berish yakunlandi.
Ushbu uchastkalar eng oxirgi bo‘lib yopildi va mamlakatimizda saylov jarayoni yakunlandi. Ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilarning 70%dan ortig‘i ovoz berishda ishtirok etdi.
Hamyurtlarimiz o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanish uchun AQShning turli burchaklaridan yetib keldilar. Xususan, bir necha ming kilometer masofaga qaramay Meriland, Virjiniya, Pensilvaniya, Shimoliy Karolina, Nyu-York, Massachusets, Tennesi va Texas kabi shtatlardan saylovda qatnashish uchun Elchixonaga keldilar.
Kuzatuvchilar ovoz berish jarayoni erkin, shaffof hamda O‘zbekiston Respublikasining saylov qonunchiligi va xalqaro standartlarga muvofiq o‘tganini qayd etdilar. Ovoz berishda qonunbuzarliklar kuzatilmadi.