Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kuzatuvchilar missiyasi o‘z xulosalarini ma’lum qildi
Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kuzatuvchilar missiyasi ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda MDH ijrochi kotibi Sergey Lebedev missiyaning saylovlarni kuzatish borasida xulosalarini e’lon qildi.
Sergey Lebedev MDH kuzatuvchilari 182 nafarni tashkil etganligini, ular O‘zbekistonning barcha hududlarida, 2076 ta saylov uchastkalarida kuzatuvlarni olib borganligini aytib o‘tdi.
Ekspert O‘zbekistonda Saylov kodeksi qabul qilinganini, Oliy Majlisga nomzod bo‘lganlarning barchasi munosib nomzodlar ekanini va tashkilotchilik yuqori saviyada bo‘lganligini e’tirof etdi. 22 dekabrda o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlariga saylovlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligiga muvofiq, ko‘ppartiyaviylik asosida erkin, oshkora, raqobatbardosh va demokratik saylovlarning umume’tirof etilgan tamoyillariga ko‘ra o‘tganligini qayd etdi.
Markaziy saylov komissiyasining Matbuot xizmati