Markaziy saylov komissiyasi Raisi Mirzo-Ulug‘Bek Abdusalomovning matbuot anjumanidagi nutqi
(2019-yil 23-dekabr)
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Kecha, 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatida amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida O‘zbekistonimiz o‘z taraqqiyotining yangi, demokratik bosqichiga dadil qadam qo‘ydi. Iqtisodiyotimiz rivojlanib, odamlarimizning siyosiy-huquqiy ongi, faolligi tobora yuksalib bormoqda. Davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida ochiqlik va oshkoralikni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Joriy yildagi saylovlar mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustivor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Ushbu saylovlar O‘zbekistonda barcha sohalarda, jumladan, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, jadal islohotlarning uzviy qismidir.
Bu yilgi saylovlarga tayyorgarlik ishlari bundan ikki yil avval boshlangan edi. Saylov qonunchiligi tubdan yangilanib, milliy tajribamiz va xalqaro standartlarga mos Saylov kodeksi qabul qilindi.
Saylov kodeksida saylov jarayoni ishtirokchilari, ya’ni saylovchilar, siyosiy partiyalar, saylov komissiyalari, ommaviy axorot vositalari hamda kuzatuvchilarning huquqlari va kafolatlari kengaytirildi. Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali saylov jarayonlarini boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlari ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik asosida o‘tkazildi.
Saylovlarni nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropa Kengashi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament Assambleyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar kengashi kabi o‘nta xalqaro tashkilotlardan hamda ellikka yaqin davlatlardan 825 nafar xalqaro kuzatuvchi hamda 1155 nafar mahalliy va xorijiy mamlakatlarning yirik ommaviy axborot vositalarining vakillari bevosita kuzatib borgani buning dalilidir.
Bundan tashqari, saylovlarda ishtirok etgan beshta siyosiy partiya va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 70 mingdan ziyod vakillari ham saylovlarni bevosita kuzatib bordi.
Birinchi marta saylov jarayonlari mamlakatimizning turli hududlaridagi 60ta saylov uchastkalariga tajriba-sinov tariqasida o‘rnatilgan 120 ta videokameralar orqali onlayn translatsiya qilindi. Shuningdek, minglab saylov uchastkalaridan jurnalistlar tomonidan tele va radio reportajlar muntazam uzatib turildi. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar orqali butun dunyoga namoyish qilindi.
Saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi va uning viloyatlardagi filiallarida saylov jarayonining barcha ishtirokchilari uchun media-maydon yaratildi. Ularda yuzlab matbuot anjumanlari, brifinglar, intervyular, uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rahbarlari, Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, Ichki ishlar vaziri, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirlari, hokimlar, hududlardagi saylov komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi.
Markaziy saylov komissiyasining saylov.uz va elections.uz manzillari bo‘yicha joylashgan rasmiy veb-saytiga bir oy ichida 120 mingga yaqin foydalanuvchi tashrif buyurdi. Bundan tashqari, o‘z saylov uchastkasini aniqlash xizmatidan 118,5 mingga yaqin fuqarolar ushbu xizmatdan foydlandilar.
Siyosiy partiyalarning nomzodlari haqidagi ma’lumotlarni bilish uchun 33,3 mingga yaqin fuqarolar murojaat qildi. Saylov uchastkalarning elektron haritasini ko‘rish yuzasidan 11,3 mingga yaqin fuqarolar haritadan foydalandi. Saylov uchastkalaridan video-translyatsiyasi sahifasini taxminan 8,3 mingga yaqin fuqarolar kuzatib bordi.
Bundan tashqari, veb-saytga kelib tushgan 300 tadan oshiq murojaatlar qisqa muddatlarda ko‘rib chiqildi va hal etildi. Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlardan kelib tushgan murojaatlarning 150 tasi ham ijobiy hal etildi. Ushbu murojaatlar bo‘yicha saylovchini boshqa saylov uchastkasidan olib o‘z uchastkasiga biriktirish kabi ishlar amalga oshirildi.
Hurmatli matbuot anjumani qatnashchilari!
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2019 yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturi qabul qilingani va izchillik bilan amalga oshirilgani saylovlarni qonun talablari asosida, yuksak tashkiliy darajada o‘tkazishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bu yilgi saylovlarning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri – bu saylovchilarimizning fuqarolik mas’uliyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarga daxldorlik tuyg‘usining yanada oshganligi bilan bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlarida chet el bilan birga hisoblaganda 13 963 627 nafar saylovchi ishtirok etdi va bu saylovchilar umumiy sonining 67,8 foizidan iboratdir.
150 ming saylovchi muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.
Saylovlarda birinchi marta xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratildi. Avvallari faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston fuqarolarigina saylovlarda qatnashardi. Qirqqa yaqin mamlakatda tashkil etilgan ellik beshta saylov uchastkasida 112 411 saylovchi ovoz berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 150 saylov okrugining 128 tasida deputatlar saylandi. Shu jumladan,
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan – 43 nafar,
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 35 nafar,
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – 21 nafar,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 18 nafar,
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – 11 nafar deputat saylandi.
Saylov kodeksiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini, ya’ni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod deputat etib saylangan, deb hisoblanadi.
Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 22 okruglarda nomzodlarning birontasi ham yetarli miqdorda ovoz ololmaganligi sababli mazkur okruglardan deputat saylanmadi.
Saylov kodeksining 59-moddasiga asosan, agar Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida saylov okrugi bo‘yicha ikki nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan hech biri saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berishni o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda tegishli saylov komissiyasini hamda okrug saylovchilarini xabardor etadi. Takroriy ovoz berish ikki haftalik muddatda o‘tkaziladi.
Davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘tkazilgan saylov bo‘yicha saylovga doir qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilganligi holatlari haqida xabar va ma’lumotlar tushmadi. Lekin, Markaziy saylov komissiyasiga saylovchilar va ijtimoiy tarmoqlardan saylovlarni o‘tkazish jarayoniga doir holatlar bo‘yicha bir nechta murojaatlar, ariza va shikoyatlar, shuningdek, qonun buzilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar kelib tushdi. Ularning barchasini qonunda ko‘rsatilgan muddat va tartiblarda ko‘rib chiqish va hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Jumladan, 22 dekabr kuni Toshkent shahr Olmazor tumani “314-saylov uchastkasi”da saylovchilar tomonidan bir necha saylov byulletenini saylov quttisiga tashlashga harakat qilish holati tasvirga olingan videolavha” ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Olmazor tumanidagi “314-saylov uchastkasi” O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovini o‘tkazuvchi “142-Qoraqamish” saylov okrugi tarkibiga kirishi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan zudlik bilan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovini o‘tkazuvchi
“142-Qoraqamish” okrug saylov komissiyasi tonidan o‘rganilib, natijasiga ko‘ra hujjatlar Olmazor tuman prokuraturasiga yuborildi.
Shuningdek, “142-Qoraqamish” saylov okrugi hududidagi “314-saylov uchastkasi”da o‘tkazilgan ovoz berish natijalari haqiqiy emas deb topildi. Saylov okrugi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati saylovining natijalarini chiqarishda mazkur saylov uchastkasi natijalari chiqarib tashlangan holda boshqa saylov uchastkalari bo‘yicha natijalar umumlashtirildi.
Hozirgi vaqtda Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan bayonnomalar hamda boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqmoqda.
Saylov kodeksiga muvofiq, zarur hollarda – alohida uchastka saylov komissiyalarining materiallari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yana bir bor sinchiklab ko‘rib chiqiladi. Faqat shundan so‘ng Markaziy saylov komissiyasi saylov yakunlari to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov demokratik huquqiy davlat qurish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, aholimizning hayot va turmush darajasini yanada yuksaltirish, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida xalqimiz ahillik, o‘zaro hamjihatlikda harakat qilayotganini yana bir bor namoyish etdi.
O‘tkazilgan saylovlarning dastlabki tahlillari saylov kampaniyasidagi, quyidagi bir qator kamchiliklarni ham ko‘rsatdi:
Toshkent shahrida ovoz berishda saylovchilarning boshqa viloyatlardagi saylovchilar soniga nisbatan pastligi kuzatildi. Bu esa ko‘pchilik yirik shaharlar aholisiga xos tendensiyadir.
Ba’zi saylov uchastkalarida “oilaviy ovoz berish” holatlari aniqlangani, saylov byulletenlariga saylovchilar tomonidan qo‘yilgan imzolarning o‘xshashligi, ovoz berish kuni elektr energiyasidagi uzilishlar sababli Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxti tizimidani foydalanishning imkoni cheklangani, xususan, Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi bir necha saylov uchastkalarida ushbu holat kuzatildi.
Biz bo‘lib o‘tgan saylov kampaniyasini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni tizimli o‘rganib, tegishli monitoringini yuritib va uning xulosalari yuzasidan 2020 yilning ikkinchi choragida saylovda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning kuzatuvchilari hamda ekspertlari ishtirokida xalqaro konferensiya o‘tkazishni rejalashtirdik.
Ushbu forumda o‘tgan saylov jarayonlaridagi barcha kamchilik va muammolarni atroflicha tahlil qilib, saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari belgilab olinadi.
E’tiboringiz uchun rahmat!
Markaziy saylov komissiyasining Matbuot xizmati