BMT Bosh Assambleyasida Oʻzbekiston tomonidan tayyorlangan “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” rezolyutsiyasi qabul qilindi
Nyu-Yorkda 19-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish“ maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur hujjat BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.
BMTning 2015-yil qabul qilingan 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi global kun tartibida turizmga iqtisodiyotning mamlakatlar barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshadigan asosiy tarmoqlardan biri sifatida muhim ahamiyat qaratilgan. Xususan, turizm yangi ish oʻrinlari yaratish, mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YAIM) ortishi, savdo va eksportning oʻsishiga taʼsir koʻrsatadi hamda dunyodagi madaniy xilma-xillikni saqlashga yordam beradi.
Jahon sayyohlik tashkiloti (BMT JST) maʼlumotiga koʻra, turizm sohasidan kelayotgan yillik daromad jahon eksportining qariyb 7 foizi va jahon YAIMning 10 foizini tashkil etmoqda. 400 tarmoqni qamrab olgan turizm yiliga 1,5 trillion dollardan ziyod daromad keltirayotgan soha sifatida soʻnggi yillarda dunyo miqyosida barqaror oʻsishni koʻrsatayotgan yagona tarmoqdir.
Maʼlumki, BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish“ nomli rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil aprel oyida Pekinda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan “Bir makon, bir yoʻl“ xalqaro forumi doirasidagi uchrashuvda ilgari surilgan edi.
Ushbu tashabbusni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan BMT Kotibiyati va BMT JST bilan hamkorlikda hujjat loyihasini ishlab chiqish va uning BMTga aʼzo davlatlar tomonidan tasdiqlanishi yoʻlida izchil ishlar bajarildi.
Shuni taʼkidlash joizki, hujjat loyihasi barcha zaruriy tasdiqlash tartibotlaridan oʻtdi. Jumladan, Oʻzbekiston joriy yil sentyabr oyida rezolyutsiya loyihasini BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasi ikkinchi qoʻmitasi kun tartibiga kiritdi. Mazkur qoʻmita iqtisodiy oʻsish va barqaror rivojlanish masalalarini koʻrib chiqishga ixtisoslashgan. Bundan tashqari, Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi hujjat mazmunini maromga yetkazish va takomillashtirish maqsadida oktyabr va noyabr oylari mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga aʼzo davlatlar bilan qator maslahatlashuvlar oʻtkazdi. Joriy yil 14-noyabr kuni BMTning ikkinchi qoʻmitasi oʻz majlisida konsensus asosida rezolyutsiya loyihasini qabul qildi va uni BMT Bosh Assambleyasiga koʻrib chiqish uchun tavsiya etdi.
19-dekabr kuni Oʻzbekiston rahbarining tashabbusi amalga oshdi. BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisi chogʻida BMTga aʼzo davlatlar umumiy konsensus asosida “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va jadal rivojlanish“ rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi.
Shunisi diqqatga sazovorki, Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan mazkur hujjatga Shimoliy va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qitʼalarning 50 dan ortiq mamlakati hammualliflik qildi. Bu esa xalqaro hamjamiyat tomonidan Oʻzbekiston rahbari tashabbusi dolzarb ahamiyat kasb etishi va yuksak eʼtirof etilganini namoyon etdi. Hammualliflar orasida Braziliya, Vyetnam, Indoneziya, Hindiston, Irlandiya, Isroil, Xitoy, Kanada, Norvegiya, Marokash, Janubiy Koreya, Rossiya, Singapur, Senegal, Turkiya va boshqa davlatlar bor.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan BMTning 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi global kun tartibini bajarish yoʻlida qilinayotgan saʼy-harakatlar, mintaqada barqaror turizmni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilayotgan turli xalqaro tadbirlar, shuningdek, mamlakatlarning turizm sohasiga xalqaro moliya va investitsiyalarni jalb etish boʻyicha ishlab chiqayotgan chora-tadbirlarining muhim ekani qayd etiladi.
Hujjatda belgilanishicha, Buyuk ipak yoʻlining Markaziy Osiyo hududi orqali oʻtgani, mintaqa mamlakatlarining jahon bozorlarida turizmni targʻib qilish borasidagi saʼy-harakatlari xorijlik sayyohlarning Markaziy Osiyoga boʻlgan qiziqishining yanada ortishiga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, BMTga aʼzo davlatlar rezolyutsiyada Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyotni mustahkamlashga qoʻshgan salmoqli hissasini yuksak baholagan, mintaqada iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakat va tashabbuslarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini qayd etgan.
BMT Bosh Assambleyasi tashkilotga aʼzo davlatlar, manfaatdor tomonlar va Jahon sayyohlik tashkilotiga Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan mintaqada barqaror turizmni targʻib qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlashni taklif etgan.
Hujjat BMTga aʼzo davlatlarni Markaziy Osiyoda barqaror turizmni rivojlantirishga qaratilgan yirik tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqiradi. Bu esa mintaqada sayyohlik tarmogʻi rivojiga xizmat qiladi.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ushbu rezolyutsiyaning bir ovozdan qabul qilinishi Oʻzbekiston rahbariyatining Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida turizmni rivojlantirish, ilm-fan, texnika, innovatsiya va sayyohlik sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish orqali yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanayotganini namoyish etdi, deyiladi “Dunyo” axborot agentligi xabarida.