18-dekabr kuni AQSh va Kanadada O‘zbekiston fuqarolarining muddatidan oldin ovoz berish jarayoni yakunlandi
2019-yilning 18-dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 18.00 da Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda mamlakatimizning Vashington shahridagi Elchixonasi va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi huzurida tuzilgan va 150-sonli Shayxontoxur saylov okrugiga (Toshkent sh.) biriktirilgan 12- va 33-saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish yakunlandi.
Ovoz berish 2019-yil 13-dekabrdan 18-dekabrgacha vatandoshlarimiz zich yashashaydigan Orlando (Florida shtati), Atlanta (Jorjiya shtati), Chikago (Illinoys shtati), San-Fransisko (Kaliforniya shtati), Sietl (Vashington shtati), Toronto (Kanada) shaharlari va boshqa joylarda bo‘lib o‘tdi, unda 800 dan ortiq saylovchilar qatnashdilar.
Mamlakatimizning Vashington shahridagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, AQSh va Kanadadagi hamyurtlarimizga qulay sharoit yaratish maqsadida muddatidan oldin ovoz berish bilan bir qatorda vatandoshlarni qiynayotgan dolzarb muammolar bo‘yicha tushuntirish berildi (konsullik hisobiga olish, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish, qaytish to‘g‘risidagi guvohnoma rasmiylashtirish, notarial harakatlarni amalga oshirish va hujjatlarni legalizatsiya qilish).
22-dekabr soat 8.00 dan 20.00 ga qadar AQSh va Kanadadagi mamlakatimiz fuqarolari Vashington shahridagi Elchixona va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxona huzuridagi 12 va 33-saylov uchastkalarida quyidagi manzillarda ovoz berishlari mumkin:
- 1746 Massachusetts Avenue, North West, Washington DC, 20036, USA. Tel: + 1-202-887-53-00; + 1-202-251-82-98.
- 801 Second Ave., Floor # 20 New York, NY 10017. Tel.: +1-212-754-7403; +1-347-217-4406; +1-917-539-4664; +1-917-859-0440.