O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasida strategik sherikchilikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma Bayonot
Yaponiya Bosh vaziri Abe Sindzo taklifiga binoan 2019-yil 17-20-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Abe Sindzo (keyingi o‘rinlarda - Tomonlar) 1992-yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilgan kundan boshlab ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari barqaror rivojlanib borayotganini yuqori baholadilar. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi unutilmas va muhim yilda – Reyv davrining birinchi yilida tashkil etilganligidan foydalanib, «O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasida strategik sherikchilikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma Bayonot» va avvalgi bayonotlar asosida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida birgalikdagi sa’y-harakatlarini amalga oshirishga kelishib oldilar.
I. Ikki tomonlama munosabatlar
1. Tomonlar turli sohalarda, shu jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning kengaytirilganini hamda ikki tomonlama muloqot va almashinuv faollashganini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.
2. Tomonlar siyosiy muloqot, xususan, yuqori mansabdor shaxslarning tashriflari ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini qayd etdilar. Ikki tomonlama aloqalarni muhokama etish hamda o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashish maqsadida ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazishni davom ettirish niyatida ekanliklari ta’kidlandi. Shu bois, Tomonlar Yaponiyaga amalga oshirilgan mazkur tashrif chog‘ida «Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2020-2023-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturi» imzolanganligini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.
3. Tomonlar ikki davlat parlament vakillarining o‘zaro tashriflar bilan faol almashinuvini yuqori baholab, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Yaponiya Parlamenti» parlamentlararo guruhi va Yaponiya Parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasining ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va rivojlantirishdagi ahamiyati va rolini alohida ta’kidladilar, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdilar.
4. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar o‘z salohiyatini yanada kengroq namoyish etishi lozimligini ta’kidladilar. Tomonlar, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishini o‘tkazish chog‘ida ikki mamlakat hukumatlari vakillarining uchrashuvini tashkil etib, ikki davlat mutasaddi idoralari o‘rtasida iqtisodiy sohadagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar. Yaponiya tomoni O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiyotni liberallashtirish va diversifikatsiyalashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholab, O‘zbekistonda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash muhimligini ta’kidladi. Bundan tashqari, tomonlar «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya Hukumati o‘rtasida bojxona ishlarida hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi Bitim» hamda yangilangan «O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasida ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risidagi Konvensiya»ning imzolanishini olqishladilar.
5. Tomonlar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida muvaffaqiyatli hamkorlikka misollar mavjudligini ta’kidlab, elektroenergetika sohasi, sog‘liqni saqlash, magistral telekommunikatsiya tarmoqlari, kimyo va to‘qimachilik sanoatlari, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, yapon texnologiyalari bo‘yicha issiqxonalar qurilishi, avtobuslar va yuk mashinalarini ishlab chiqarish, avtomobillar savdosi va foydali qazilmalar konlarini qidirish sohalari bilan bog‘liq loyihalarni ilgari surishga yanada ko‘maklashish niyatida ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, ushbu loyihalarning amalga oshirilishi yapon kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirishga qo‘shimcha turtki bo‘lishiga umid bildirildi. Tomonlar Yaponiya xalqaro hamkorlik banki («JYeYBIK») va Yaponiya eksport va investitsion sug‘urtalash agentligining («NYeKSI») O‘zbekistonda yapon kompaniyalari ishtirokida ustuvor investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishdagi muhim o‘rnini ta’kidladilar.
6. Tomonlar 2019-yilning may oyida Toshkentda o‘tkazilgan Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya konferensiyasining uchinchi yig‘ilishi natijalari O‘zbekiston infratuzilmasini Yaponiyada mavjud bo‘lgan yangi texnologiyalarni joriy etish orqali yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishiga umid bildirdilar. Tomonlar, shuningdek, ushbu yig‘ilishda «shahar infratuzilmasi» sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolanganini hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan Yaponiya Yer, infratuzilma, transport va turizm vazirligi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik davom etayotganligini olqishladilar.
Tomonlar «Yuqori sifatli infratuzilmaga investitsiya kiritish bo‘yicha G20 tamoyillari»ga asoslangan holda, ochiqlik, shaffoflik, iqtisodiy samaradorlik va qarz oluvchi davlatlarning qarz majburiyatini bajarish barqarorligi kabi elementlarni o‘z ichiga olgan xalqaro standartlarga muvofiq yuqori sifatli infratuzilmaga investitsiya kiritish muhimligini tasdiqladilar.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga jalb qilingan yapon mutaxassisining bilim va tajribasidan foydalangan holda, O‘zbekiston Respublikasining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida hamkorlikni rivojlantirish muhimligini yana bir bor ta’kidladilar.
7. O‘zbekiston tomoni Yaponiya Hukumatining «Taraqqiyotga rasmiy ko‘mak» dasturi (TRK) doirasida O‘zbekistonning iqtisodiy infratuzilmasini yangilash va yaxshilash, bozor iqtisodiyoti, korporativ boshqaruv va sanoatni rivojlantirish uchun inson resurslarini tayyorlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash uchun huquqiy tizim yaratish hamda sog‘liqni saqlash, tibbiyot, mintaqaviy taraqqiyot va boshqa ijtimoiy sohalarni rivojlantirishda ko‘p yillik qo‘llab-quvvatlashi uchun Yaponiya tomoniga minnatdorlik bildirdi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston tomoni mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan strategik muhim loyihalarni amalga oshirish maqsadida kredit va grant mablag‘lari ajratish orqali yanada izchil hamkorlik qilishga chaqirdi. Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi («JAYKA») o‘rtasida o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini kelgusida muhokama qilishga qaratilgan Bayonnoma imzolanganini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.
8. O‘zbekiston tomoni, xususan, issiqlik elektr stansiyalarini qurish orqali O‘zbekiston elektr ta’minoti salohiyatini rivojlantirish va elektroenergetika tarmog‘ini modernizatsiyalashda ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordam va qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdi, shuningdek, TRK doirasida shu kabi ko‘mak ko‘rsatishning davom etishiga umid bildirdi hamda yuqori sifatli yapon texnologiyalaridan foydalanishga qiziqish bildirdi.
Tomonlar «Navoiy issiqlik elektr stansiyasini (IES) modernizatsiyalash (2-bosqich)» dasturi doirasida Navoiy IESda yuqori energiya samaradorligiga ega bo‘lgan uchinchi bug‘-gaz qurilmasini barpo etish (Navoiy-3), shuningdek, «Elektrenergetika tarmog‘i salohiyatini rivojlantirish (2-bosqich)» dasturi doirasida O‘zbekistondagi issiqlik elektr stansiyalarining amaldagi bug‘-gaz qurilmalari uchun ehtiyot qismlarini yetkazib berish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun iyenada kreditlarni taqdim etishga oid notalar almashinuvi va moliyaviy bitimlar imzolanganini olqishladilar. O‘zbekiston tomoni, shuningdek, Navoiy IESda yuqori energiya samaradorligiga ega bo‘lgan to‘rtinchi bug‘-gaz qurilmasini barpo etish (Navoiy-4) uchun Yaponiya tomonidan iyenada kredit ajratish orqali kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Bundan tashqari, Tomonlar «Meva-sabzavotchilik sohasidagi qiymat zanjirini ilgari surish bo‘yicha loyiha»ga oid notalar almashinuvi va moliyaviy bitimlar imzolanganini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar. O‘zbekiston tomoni qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya sohalarida Yaponiya bilan izchil hamkorlikni yuqori baholadi.
9. O‘zbekiston tomoni kadrlar salohiyati va huquqiy tizimni rivojlantirishda Yaponiyaning ko‘p yillik hamkorligini, shu jumladan, O‘zbekiston-Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazining faoliyati, yosh davlat xizmatchilariga yo‘naltirilgan kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish dasturini amalga oshirish, shuningdek, Yaponiya Moliya vazirligining Siyosiy tadqiqotlar instituti va Yaponiya Adliya vazirligining Huquqiy tadqiqotlar instituti tomonidan amalga oshirilayotgan huquqiy va bank-moliya sohalaridagi hamkorlikni yuqori baholadi. Tomonlar 2019-yilning mart oyida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan Yaponiya Adliya vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum doirasida huquq va adliya sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga umid bildirdilar.
10. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida barcha sohalarda shaxslararo almashinuvlarni kengaytirish ikki xalq o‘rtasidagi azaliy ma’naviy aloqalar va do‘stlikning yanada chuqurlashishiga va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qiladi, degan yakdil fikrdalar.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi aviareyslar marshrut tarmog‘ining kengaytirilishi, O‘zbekiston tomonidan 2018-yilning fevral oyida Yaponiya fuqarolari uchun vizasiz rejimning joriy etilishi va ikki mamlakat hukumatlari ko‘magida suratga olingan filmning yaratilishi kabi turli tadbirlar sayyohlik oqimining ko‘payishi va gumanitar almashinuvlarning rivojlanishiga hissa qo‘shayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.
Tomonlar o‘z fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga umid bildirdilar, bu esa o‘z navbatida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va o‘zaro manfaat kasb etuvchi boshqa sohalardagi aloqalarning barqaror rivojiga ko‘maklashishdagi muhim shart hisoblanadi.
Tomonlar «muayyan bilim va ko‘nikmalar»ga ega bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumga asoslangan sherikchilik orqali O‘zbekiston fuqarolari ikkala mamlakat uchun ham foydali bo‘lgan shaklda Yaponiyada mehnat faoliyatini yuritishlariga umid bildirdilar.
11. Tomonlar ikki davlatning mintaqalararo aloqalari faollashayotganini qayd etib, mazkur rasmiy tashrif davomida Toshkent va Nagoya shaharlari o‘rtasida sherikchilik to‘g‘risidagi Bitim imzolanganini hamda 2019-yilning avgust oyida Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida Ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolanganini mamnuniyat bilan alohida ta’kidladilar.
Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotganini, shu jumladan, 2020-yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyalarini qabul qiladigan Kioto prefekturasidagi Maidzuru, Aiti prefekturasidagi Nagoya va Gunma prefekturasidagi Takasaki kabi shaharlarning sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar. Tomonlar shu fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan Yaponiya Sport agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolanganini hamda bu sohadagi aloqalar chuqurlashtirilayotganini olqishladilar.
Tomonlar ikki mamlakatning oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi almashinuvning rivojlanayotganini yuqori baholab, 2019-yil iyulda Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Yaponiya oliy o‘quv yurtlari rektorlarining uchinchi konferensiyasi va Toshkent Davlat texnika universiteti huzuridagi O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi oliy ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashishiga umid bildirdilar.
12. Tomonlar ilmiy-texnikaviy va innovatsion yo‘nalishlarda hamkorlik mustahkamlanayotganini qayd etdilar hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan Yaponiya Fan va texnologiya agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolanganini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.
II.Mintaqaviy hamkorlik
13. O‘zbekiston tomoni «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining rolini yuqori baholadi, bunda Yaponiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining, shu jumladan, butun dunyo uchun ochiq bo‘lgan barqaror va mustaqil subyekt hisoblanadigan O‘zbekistonning izchil taraqqiyoti uchun katalizator sifatida mintaqaviy hamkorlikka ko‘maklashishi qayd etildi. Yaponiya tomoni ham O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi barcha qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarini do‘stlik, o‘zaro ishonch va ahil qo‘shnichilik asosida mustahkamlash, shuningdek, mintaqa farovonligi va xavfsizligiga erishish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Tomonlar «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining har bir ishtirokchi-davlati vakillari 2019-yilning may oyida bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirlari kengashining yettinchi yig‘ilishi davomida mazkur formatdan qishloq xo‘jaligi, transport logistikasi va turizm sohalaridagi amaliy hamkorlikni ilgari surish uchun platforma sifatida yanada faol foydalanish bo‘yicha kelgusidagi faoliyat yo‘nalishlarini belgilab olganliklarini ta’kidladilar.
Tomonlar «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti doirasida Tokioda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Tashqi ishlar vazirlari kengashining sakkizinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
14. Yaponiya tomoni Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida birgalikdagi sa’y-harakatlari, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish orqali ro‘y berayotgan dinamik va ijobiy jarayonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Yaponiya tomoni 2019-yil 29-noyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvining muvaffaqiyatli o‘tkazilishini olqishladi. Tomonlar, shuningdek, Markaziy Osiyoda xalqaro va mintaqaviy darajada ko‘maklashishni yanada ilgari surish maqsadida yaqin hamkorlikni, jumladan, «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti doirasida ham davom ettirishga kelishib oldilar.
15. Tomonlar terrorizmning barcha shakllari va ko‘rinishlarini keskin qoraladilar hamda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, xususan, terrorizm, zo‘ravon ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi, uyushgan jinoyatchilik va Markaziy Osiyo mintaqasiga qaratilgan boshqa tahdidlarga qarshi kurashish masalalarida maslahatlashuvlar va aloqalarni davom ettirish muhimligini qayd etdilar. Shuningdek, mazkur masalalar 2020-yilning aprel oyida Yaponiyada o‘tkaziladigan BMTning jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy sudlov bo‘yicha o‘n to‘rtinchi kongressi (The Kyoto Congress) kun tartibiga kiritilganini olqishladilar.
O‘zbekiston tomoni «Idoralararo mobil guruhlarni tashkil etish yo‘li orqali O‘zbekistonda afg‘on giyohvand moddalari kontrabandasiga qarshi kurashish bo‘yicha loyiha» va «Markaziy Osiyoda giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashishda chegara aloqa ofislarini ochish va transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha loyiha» kabilarning amalga oshirilishida Yaponiya tomonidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan beg‘araz moliyaviy yordam dasturlari natijalarini yuqori baholadi.
Tomonlar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish mintaqa va xalqaro hamjamiyat uchun muhimligini yana bir bor tasdiqlab, Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga, terrorizm va zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish, jumladan, samarali chegara nazorati bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishni mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Yaponiya Hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ko‘maklashishga qaratilgan sa’y-harakatlarni olqishladilar hamda Afg‘oniston Islom Respublikasini qayta tiklash va tinch yo‘l bilan rivojlantirish jarayonlarini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikning muhimligini qayd etdilar.
16. Yaponiya tomoni mintaqaning barqaror rivojlanishiga hamda mahalliy aholining sog‘lig‘i va kelajagiga tahdid solayotgan Orol dengizi muammosi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonning sa’y-harakatlariga ijobiy baho berib, ushbu sohada mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishiga umid bildirdi.
O‘zbekiston tomoni Yaponiya tomonidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Orolbo‘yi mintaqasi mahalliy jamoasini mustahkamlashga ko‘maklashadigan 346 million iyena miqdoridagi beg‘araz moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi notalar almashinuvi imzolanganini yuqori baholadi. Shuningdek, ushbu hamkorlikni amalga oshirish O‘zbekiston Hukumati tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasining maqsadlariga mos kelishi ta’kidlandi.
III. Xalqaro maydonda hamkorlik
17. Tomonlar qonun ustuvorligi, mintaqa va dunyoda tinchlik, barqarorlik, hamkorlik va farovonlikni ta’minlash uchun BMT Nizomi va xalqaro huquqning fundamental prinsiplariga, shuningdek, davlatlar mustaqilligi va suverenitetini hurmat qilishga asoslangan erkin va ochiq dunyo tartibiga rioya qilish muhimligini ta’kidladilar. Tomonlar ushbu maqsadlarga erishishga ko‘maklashadigan hissa va sa’y-harakatlarni olqishladilar.
18. Tomonlar BMT Xavfsizlik Kengashini yuqori vakillikni ta’minlaydigan va XXI asr xalqaro hamjamiyatidagi haqiqiy vaziyatni aks ettiradigan yanada samarali organga aylantirish maqsadida islohotlarning muhimligini yana bir bor tasdiqladilar. Tomonlar matnlar asosida muzokaralarni zudlik bilan boshlash muhimligini ta’kidlab, BMT Xavfsizlik Kengashining islohotlarini tezkor amalga oshirish bo‘yicha hukumatlararo muzokaralarni samarali davom ettirish, shu jumladan, ham doimiy, ham doimiy bo‘lmagan a’zolar sonini kengaytirish yo‘lida qat’iy ekanliklarini bildirdilar.
O‘zbekiston tomoni Yaponiyani BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari safiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi, Yaponiya tomoni esa O‘zbekiston Respublikasiga davomli qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
19. Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi Shartnoma (YaQTTSh) bo‘yicha 2020-yildagi Kuzatuv konferensiyasida muhim natijalarga erishish uchun Tomonlar yadroviy qurolsizlanish, yadro qurolini tarqatmaslik va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash niyatlarini yana bir bor tasdiqladilar.
Tomonlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining ixtiyoriy kelishuvlariga asoslangan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona to‘g‘risidagi Shartnoma yadro qurolini tarqatmaslik rejimini mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam ekanligini ta’kidladilar.
20. Tomonlar BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga to‘liq rioya qilish hamda ushbu rezolyutsiyalardagi majburiyatlarga muvofiq Shimoliy Koreyaning barcha ommaviy qirg‘in qurollari va har qanday masofali ballistik raketalardan butunlay, tekshiruv ostida va qaytarilmas tarzda voz kechishi tarafdori ekanliklarini yana bir bor ta’kidladilar. Tomonlar Shimoliy Koreyani ushbu maqsadlarga erishish uchun aniq choralar ko‘rishga chaqirdilar.
Tomonlar gumanitar masalalarni, shu jumladan, dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan Shimoliy Koreya tomonidan odamlar o‘g‘irlanishi muammolarini hal qilishning muhimligini ham ta’kidladilar.
IV. Yakuniy qoidalar
21. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Imperatori Hazrati Oliylari va uning rafiqasi Hazrati Oliyalariga, Yaponiya Hukumati va xalqiga O‘zbekiston Rahbari va delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston tomoni Yaponiya Bosh vaziri Abe Sindzoni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekiston Respublikasida tashrif bilan bo‘lishga taklif qildi. Yaponiya tomoni taklif uchun o‘z minnatdorligini izhor etdi.
Mazkur Qo‘shma Bayonot 2019-yil 19-dekabrda Tokio shahrida ikki nusxada o‘zbek va yapon tillarida imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri Abe Sindzo