Oʻzbekiston harbiylari AQSHda oʻtkazilgan “Eng yaxshi jangchi” tanlovida gʻolib boʻldi
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari AQSH harbiy xizmatchilari (Missisipi, AQSH) oʻrtasida har yili anʼanaviy oʻtkaziladigan “Eng yaxshi jangchi” harbiy tanlovida ishtirok etib, oʻz toifalarida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti OʻzAga maʼlum qildi.
Musobaqada Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari serjant Sardor Mamarasulov va kichik serjant Muhriddin Ochilov birinchi marta ishtirok etdi. Ular Missisipi Milliy gvardiyasining turli boʻlinmalaridan qatnashgan 14 nafar serjant bilan bahslashib, bilim va mahoratlarini namoyish etishdi.
Musobaqa Missisipi shtati Milliy gvardiyasi tashkil etilganligining 338-yilligi munosabati bilan oʻtkazildi.
Tanlovning birinchi kunida ishtirokchilar 9 elementdan iborat toʻsiq chiziqlarini bosib oʻtishdi. Birinchi bosqich natijalariga koʻra, eng yaxshi vaqtni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari koʻrsatdilar (M. Ochilov – 8 daqiqa 35 soniya, S. Mamarasulov – 10 daqiqa 8 soniya) va musobaqalar jadvalini boshqarib turishdi.
Keyingi bosqichda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinov imtihonlarini topshirdilar. Unda yerga tayangan holatda mashq bajarish, press, 3,2 kilometrga yugurish, 110 kilogramm ogʻirlikdagi shtangani turgan holatda koʻtarish, 5 kilogramm ogʻirlikdagi toʻpni uloqtirish, turnikda tortilish, qisqa masofaga yugurish (25 metr) kabilar boʻyicha oʻz jismoniy qobiliyatlarini namoyish qilishdi.
Navbatdagi bosqichda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining kichik mutaxassislari Amerika armiyasi qurollari – “Beretta” toʻpponchasi, M-4 avtomati, M-240 qoʻl pulemyoti, M-249 ogʻir avtomati va avtomatik minomyotlarini qismlarga ajratib-yigʻish shartini ham muvaffaqiyatli bajarishdi. Bundan tashqari oʻzbek harbiylari zamonaviy manekenlardan foydalangan holda, jarohatlar va shikastlanishlarda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha ham sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtishdi.
20 kilometrga marsh yurish va turli xil qurollardan nishonlarga otish, shuningdek, qoʻl granatalarini uloqtirish shartlarida ham harbiy xizmatchilarimiz yuqori jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratga ega ekanliklarini yana bir bor namoyish etdilar.
Musobaqaning soʻnggi kunida harbiy xizmatchilar harbiy topografiya boʻyicha bilim va koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazdi. Bu shartda ular mashqlarni tunda, notanish va oʻrmonli joyda amalga oshirishdi. Ishtirokchilar 4 soat ichida 5 ta nuqtani topishlari kerak edi. Ushbu nuqtalar orasidagi masofa 2,5 kilometrgacha edi, bu harbiylardan nafaqat hisob-kitoblarning aniqligini, balki bir nuqtadan boshqasiga oʻtish tezligini ham talab qilardi. Barcha qiyinchiliklarga qaramay, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi vakillari ushbu vazifani ham muvaffaqiyatli bajarib, talab etilgan normativlarni aʼlo bahoga topshirishdi va yana birinchilardan boʻlib marraga yetib kelishdi.
Yakuniy natijalarga koʻra, “Eng yaxshi jangchi” musobaqasida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi vakillari – katta serjant Sardor Mamarasulov va kichik serjant Muhriddin Ochilov oʻz toifalarida 1-oʻrinni egalladilar. Vakillarimizga tantanali ravishda medal va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari AQSHda boʻlib oʻtgan ushbu musobaqada ilk bor ishtirok etishdi va xizmat safarlari davomida bir kun ichida 7 ta chet el oʻqotar qurollarini oʻzlashtirish, AQSH harbiy topografiyasi boʻyicha qisqa kursni oʻtash, NATO standartlariga mos jihozlangan ekipirovkalarni tayyorlash va jismoniy tayyorgarlikning yangi normativlarini oʻrganishga erishishdi.
Ushbu gʻalaba yana bir bor Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari malakali, mukammal jismoniy tayyorgarlikka ega va har qanday sharoitda, har qanday raqiblar bilan raqobatlasha olishga qodirligini isbotladi.
OʻzA