AQShda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari Orlando shahrida muddatidan avval ovoz berishda ishtirok etdilar
2019-yilning 13-dekabr kuni Orlando shahrida (Florida shtati) Oliy Majlis Qonuchilik palatasi saylovida muddatidan oldin ovoz berish tashkillashtirildi.
22-dekabr – saylov kuni Vashington shahridagi Elchixonaga borish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolarning saylov huquqlaridan foydalanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida ushbu shtatda birinchi marta muddatidan avval ovoz berish tashkillashtirildi.
Ovoz berish Orlando shahri markazida Marriott mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Maxsus xonaga raqobatlashayotgan siyosiy partiyalarning nomzodlari to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirildi.
O‘zbekistonning AQShdagi Elchixonasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra muddatidan avval ovoz berishning ilk kunida 70 dan ortiq hamyurtlarimiz o‘z fuqarolik tanlovlarini namoyish qildilar. Florida shtatining qo’shni shaharlaridan ham yurtdoshlarimiz kelgani ularning vatandagi demokratik jarayonarda ishtirok etish istagi mavjudligidan dalolat beradi.
Diqqatga sazovor jihati shundaki, saylovchilarning asosiy qismini muddatidan oldin ovoz berish punktiga o‘z oilalari bilan tashrif buyurgan yoshlar tashkil qiladi.
“Mamlakatimizning qanday rivojlanishi, uning siyosati nimaga qaratilishi, bu jarayonda qanday ijtimoiy muammolar hal bo‘lishiga biz befarq emasmiz”, - deydi yurtdoshimiz Akmal Tillaxo‘jayev.
Mamlakatimiz parlamenti saylovi bo‘yicha muddatidan oldin ovoz berish 15-dekabr kuni Jorjiya shtati Atlanta shahrida va Kanadaning Torronto shahrida o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qaroriga muvofiq, AQSh hududida 150-Shayxontohur saylov okrugiga biriktirilgan mamlakatimizning Vashington shahridagi Elchixonasida 12-sonli va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasida 33-sonli saylov uchastkalari tashkil etilgan.
Saylov uchastkalari ovoz berish uchun zarur bo‘lgan jihozlar bilan ta’minlangan, yashirin ovoz berish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, uchastka komissiyasi faol ishlamoqda.
O‘zbekiston fuqarolari barcha masalalar bo‘yicha quyidagi aloqa ma’lumotlari orqali murojaat qilishlari mumkin:
O‘zbekistonning Vashington shahridagi Elchixonasi – Tel: +1-202-887-5300 (ichki 1), Tel./telegram: +1-202-251-8298, elektron pochta: consul.washington@mfa.uz, telegram-kanal: @ElchixonaUz, veb-sayt: www.uzbekistan.org;
O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi – Tel: +1-212-754-7403 // +1-212-754-6178 (ichki raqamlar 107 va 109), Tel: +1-917-539-4664, +1-347-217-4406, elektron pochta: info@uzbekconsulny.org, veb-sayt: www.uzbekconsulny.org.