Yangilanayotgan Oʻzbekistondagi yangicha saylovlar
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining (YEXHT DIIHB) rasmiy veb-saytida tuzilma missiyasining Oʻzbekistonda oʻtayotgan parlament saylovlarini kuzatish boʻyicha 25-noyabr – 10-dekabr muddatdagi dastlabki oraliq hisoboti eʼlon qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangan 2016-yildan keyingi davrda mamlakatimizda ilk bor parlament saylovi boʻlib oʻtmoqda. “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar!” shiori ostida oʻtayotgan bu siyosiy jarayon yuksak marralarga erishishga qaratilgan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish davriga toʻgʻri keldi.
Taʼkidlash joizki, mazkur hisobot YEXHT DIIHB tarixida 1999-yildan buyon Oʻzbekistondagi saylovlarni kuzatish bilan bogʻliq barcha hisobotlardan keskin farq qiladi. Unda, jumladan, mamlakatimiz saylov qonunchiligi va saylov tajribasini takomillashtirish sohasida sezilarli oʻsishga erishilgani eʼtirof etilgan, hukumatning jamoat va davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish yoʻlidagi aniq saʼy-harakatlar qayd etilgan.
Hisobotda mamlakatni isloh qilishning muhim yoʻnalishlari, jumladan, demokratik oʻzgarishlar davrida parlament va siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, qonun ustuvorligi, sudlar mustaqilligi, inson huquq va erkinliklari muhofazasini taʼminlash choralari koʻrilayotgani keltirilgan.
YEXHT missiyasi oʻz hisobotida boʻlajak saylovlar sezilarli darajada yangilangan huquqiy tizim doirasida oʻtkazilishini taʼkidlaydi. Saylov qonunchiligida joriy etilgan yangiliklar YEXHT DIIHB tomonidan oldindan tavsiya etilgan bir necha marta ovoz berishni istisno etuvchi saylovchilarning yagona elektron roʻyxati tatbiq etilishi, Qonunchilik palatasida Ekologik harakat deputatlik oʻrinlari uchun kvotalar bekor qilinishi, saylovchilarga bittadan ortiq siyosiy partiyalarning saylovda qatnashishini qoʻllab-quvvatlash uchun imzo qoʻyish huquqining berilishi, saylov okruglaridagi saylovchilar sonining eng yuqori farqi 10 foiz darajasida belgilanishi, ijtimoiy xavf tugʻdirmaydigan, ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun jazoni oʻtayotgan shaxslarga saylovda ovoz berish huquqi berilishi kabi tavsiyalariga mos keladigan saylov qonunchiligiga oid yangiliklar ijobiy baholandi.
Markaziy saylov komissiyasining ishi ijobiy koʻrinishda taqdim etilgan. Taʼkidlanishicha, Komissiya aʼzolarining soni 16 nafardan 21 nafargacha, tarkibidagi ayollar soni 3 nafardan 7 nafargacha koʻpaydi. Saylovlarni oʻtkazish tartibi va muddatlariga qatʼiy rioya qilinayotgani bildirilgan. Markaziy saylov komissiyasi rasmiy sayti doimiy ravishda yangilanib turadigan maʼlumotlarga boy ekaniga eʼtibor qaratilgan.
Hisobotda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, jumladan, axborot texnologiyalaridan samarali foydalangan holda, saylovchilarni keng xabardor qilib borish, saylov komissiyasi aʼzolarini oʻqitish, ilk bor “Saylov – 2019” mobil ilovasini ishga tushirib, amaliyotga tatbiq qilish, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sharoitlar yaratish boʻyicha katta hajmdagi ishlar oib borilgani haqida maʼlumot berilgan.
DIIHB hisobotida, shuningdek, avvalgi yillarda “horgʻin” va "deyarli sezilmaydigan» deya baholangan, saylovchilar uchun haqiqiy tanlov imkonini bermagan saylovoldi tashviqoti mohiyati 1999-yildan beri birinchi marotaba keskin tanqid qilinmadi.
DIIHBning tan olishicha, Xalqaro matbuot markazi birinchi marta beshta siyosiy partiya vakillari oʻrtasida debatlarni tashkillashtirmoqda, dasturlar jonli efirda namoyish qilinmoqda. Taʼkidlanishicha, saylovoldi tashviqotining eng taʼsirli shakli sifatida ijtimoiy tarmoqlar, xususan, “Facebook” va “Telegram”dan foydalanish hisoblanadi. “Mustaqil sharhlarning muhim manbai sanalgan blogerlarning faolligi”ga urgʻu berilgan.
Bundan tashqari, YEXHT DIIHB hisobotida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga birinchi marta saylovlarni kuzatish huquqi berilgani, quyi palataga vazirlar nomzodlarini tasdiqlash vakolati berilishi orqali parlament rolining kuchaytirilgani, nodavlat notijorat tashkilotlariga qulay sharoit yaratilgani, deputatlikka nomzodlar orasida ayollarning ulushi 41 foizgacha va boshqa millat vakillarining ulushi 8,4 foizgacha oshgani haqidagi maʼlumotlar ham bor.
Shu bilan birga, missiya hisobotida
turli uyushmalarning huquq va erkinligini, fikr bildirish huquqini taʼminlash boʻyicha ishlarni davom ettirish muhimligi haqida tavsiyalar mavjud. Deputatlikka mustaqil nomzodlar koʻrsatish institutini joriy etish orqali fuqarolarning saylov huquqlarini kengaytirish zarurligiga eʼtibor qaratiladi. Siyosiy partiyalarning jamoat joylarida partiyalar va ularning nomzodlari toʻgʻrisidagi reklama materiallarini joylashtirish orqali saylovoldi tashviqotini olib borish, shuningdek, saylov kampaniyasi keng koʻlamda tashkil etilishini taʼminlash uchun internetdan foydalanish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida fikrlar bildirilgan.
YEXHT DIIHB missiyasining xulosasida taʼkidlanishicha, jurnalistlar munozaralar paytida koʻtarilgan siyosiy masalalarni muhokama qilish, siyosiy partiyalar, ular nomzodlarining saylovoldi dasturlari mazmun-mohiyatini tahlil qilish va ochib berish boʻyicha ishlarni kuchaytirishi kerak.
OʻzA