O‘zbekiston-Yaponiya: strategik sheriklikning yangi bosqichi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifii mamlakatlarimiz o‘rtasida so‘nggi yillarda izchil rivoj topayotgan munosabatlarni yangi bosqichga ko‘taradi.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi zamonaviy hamkorlik aloqalari 1992 yil 26 yanvar kuni ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgach rivoj topa boshladi.
Kutilayotgan tashrif Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur mamlakatga davlat rahbari sifatidagi birinchi tashrifi bo‘ladi.
Ikki davlat 27 yil mobaynida o‘zaro manfaatlar va hurmatga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni izchil kengaytirib kelmoqda. 2002 yil iyul oyida imzolangan Qo‘shma bayonot bu aloqalarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tardi.
Xususan, sermazmun parlamentlararo muloqot yo‘lga qo‘yilgan – “Oliy Majlis – Yaponiya parlamenti” deputatlar guruhi hamda Yaponiyaning O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi faoliyat yuritmoqda, “O‘zbekiston-Yaponiya” parlamentlararo forumi tadbirlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar muntazamlik ruhini olgan. 2019 yil iyul oyida Toshkentda maslahatlashuvlarning 17-raundi o‘tkazildi. Bundan biroz muddat avvalroq, joriy yil may oyida Dushanbe shahrida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Yaponiya tashqi ishlar vazirlarining 7-yig‘ilishi doirasida ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari o‘zaro muloqot qildi.
Ikki mamlakat xalqaro tashkilotlar doirasida ham samarali hamkorlik qiladi. Xususan, mamlakatimiz Yaponiyaning Birlashgan Millatlar Tashkiloti turli tuzilmalariga nomzodini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, yaponiyalik hamkorlar esa O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud yaratish bo‘yicha tashabbusini Shartnoma loyihasi bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish jarayoniga ko‘mak taqdim etish orqali izchil qo‘llab-quvvatlagan.
Yaponiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2018 yil O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” va “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” to‘g‘risidagi rezolyutsiyalarni qo‘llab-quvvatladi. Kunchiqar mamlakat, shuningdek, ikkinchi rasmiy hujjatga hammuallif bo‘ldi.
2004 yil Kunchiqar mamlakat tashabbusi bilan tashkil etilgan “Markaziy Osiyo+Yaponiya” formati ushbu davlat va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida savdo-sotiq, investitsiyalar, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilib kelmoqda.
Ikki tomonlama shartnomalar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lmoqda. Mamlakatlarimiz hamkorlik yillari bunday mazmundagi 160 dan ortiq hujjatni imzolagan.
Iqtisodiy sohadagi hamkorlik O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. O‘zaro savdo aloqalariga eng qulay tartib joriy qilingan. Mamlakatlar o‘z eksport salohiyatidan mashinasozlik, metallurgiya, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda foydalanmoqda. 2019 yil yanvar-oktyabr oylarida o‘zaro savdo aylanmasi qariyb 360 million dollarni tashkil qildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Yaponiya sarmoyalari ishtirokida 10 ta qo‘shma korxona va yuz foiz xorij kapitali asosida tashkil etilgan bitta korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda 15 ta yapon kompaniyasi vakolatxonalari ro‘yxatga olingan. Ular neft-gaz, neft-kimyo va kimyo tarmoqlari, energetika jihozlari va mashinasozlik mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport-logistika xizmatini ko‘rsatish, savdo operatsiyalari va turizm sohalariga ixtisoslashgan.
O‘zbekistonda «Marubeni», «Mitsubishi Motors», «Japan Oil, Gas and Metals National Corporation (JOGMEC)», «Toyota Tsusho», «Itochu», «Isuzu Motors Ltd.» va boshqa mashhur yapon kompaniyalari ish yuritmoqda.
Yuqorida keltirilgan raqamlar o‘zaro investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun mamlakatlarda hali foydalanilmagan sanoat va iqtisodiy salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik alohida e’tiborga molik, zero Yaponiyaning madaniy va ma’rifiy o‘ziga xosligi O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy hayoti bilan hamohangdir.
Madaniyatlararo muloqotni muvaffaqiyatli rivojlantirishda 1999 yil ta’sis etilgan “O‘zbekiston-Yaponiya” do‘stlik jamiyatining salmoqli o‘rni bor. Jamiyat Kunchiqar mamlakatning “Yaponiya-O‘zbekiston” do‘stlik assotsiatsiyasi va “Fukushima-O‘zbekiston” madaniy-iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan.
Shuningdek, ikki mamlakat shaharlarini bezab turgan qator madaniy inshoatlar xalqlarimizning do‘stligi va o‘zaro anglashuvining ramzlariga aylangan.
2001 yil Toshkent markazida ochilgan “Yapon bog‘i” o‘zbekistonliklarning hordiq chiqaradigan va turli tantanali tadbirlar o‘tkazadigan sevimli maskaniga aylangan.
Taniqli yapon rassomi Ikuo Xirayama bilan hamkorlikda poytaxtimizda 2002 yil asos solingan O‘zbekiston-Yaponiya ilmiy-ijodiy “Madaniyat karvon saroyi” zamonaviy madaniyat markazi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu maskanda foto va san’at ko‘rgazmalari va boshqa qiziqarli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Toshkentda o‘rnatilgan “Xirosima tinchlik toshi” va “Tinchlik bongi” O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yadro qurolini tarqatmaslik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga sodiqligining timsollariga aylangan.
Yaponiyada ham xalqimizninig qadimiy tarixi va madaniyatiga qiziqish katta – ushbu mamlakatda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy asarlarini mutolaa qilishadi va sevishadi. 2004 yil Soka universitetida o‘zbek adabiyotining mumtoz vakili haykali qad rostladi.
2019 yil mashhur yapon me’mori, Pritsker mukofoti laureati Tadao Ando O‘zbekiston davlat san’at muzeyining yangilangan dizayni konsepsiyasini yaratishi e’lon qilindi.
Joriy yil iyun oyida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi Nagoya shahri meriyasi va “O‘zbekiston-Nagoya” do‘stlik assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Nagoya Toshkent bilan uchrashadi” nomli tadbir tashkil qildi. Anjuman doirasida mamlakatimizning iqtisodiy va turistik salohiyatiga bag‘ishlangan seminar, xalqimizning tarixiy va madaniy merosi taqdimoti hamda O‘zbekiston xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Bugun o‘zbekistonlik ko‘plab yoshlar Yaponiyada ta’lim olishga intilmoqda. Yapon tilini mamlakatimiz yigit-qizlari qiziqib o‘rganmoqda. Respublikadagi oltita oliy o‘quv yurti ta’lim dasturlariga yapon tilini o‘rganish kiritilgan. Shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkilotining (JICA) mintaqaviy vakolatxonasi ko‘magida qator universitetlarda mazkur tilni o‘rganish markazlari ochilgan.
Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, ilm-fan va texnologiyalar vazirligi Kunchiqar mamlakatning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari talabalari, maktab, litsey va kollej bitiruvchilariga Yaponiya universtitetlari va kollejlarida tahsil olish uchun yillik stipendiyalar taqdim etmoqda. So‘nggi 20 yilda 4 mingdan ortiq o‘zbek talabasi Yaponiyada ta’lim oldi.
Oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlik jadal sur’atda rivojlanmoqda. Nagoya universiteti vakolatxonasi Yaponiya hukumati nomidan ta’lim va akademik tadqiqotlar sohasida ilmiy-texnikaviy ko‘mak berib kelmoqda.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti qoshida Sukuba, Nagoya, Keyo, Toyoxashi universitetlari hamda Tokio texnologiya instituti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi”ni tashkil etish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur dargoh kimyo va neft-kimyo, tog‘-konchilik va mineral xom-ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejamkorligi, mashinasozlik va materialshunoslik sohalariga ixtisoslashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi arafasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ikki mamlakatning ta’lim va madaniyat sohasidagi aloqalarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladigan, Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo‘lgan Yaponiya tadqiqotlari tahlil markazining ochilish marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston-Yaponiya madaniy-gumanitar hamkorligi to‘g‘risida gapirganda, mamlakatimizda 1993 yildan beri samarali ishlab kelayotgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi faoliyatiga to‘xtalish zarur. Mazkur tashkilotning mintaqaviy vakolatxonasi O‘zbekistonga imtiyozli kreditlar ajratish, tegishli grantlar taqdim etish, qolaversa, texnik yordam ko‘rsatish, mamlakatimizga ekspertlar jo‘natish hamda o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Yaponiyada muayyan o‘quv amaliyotlari uyushtirish kabi yo‘nalishda ko‘maklashib kelmoqda.
Yaponiya ilmiy doiralari vakillari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi gumanitar aloqalar rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Xususan, mamlakatimiz tarixini o‘rganishda yapon arxeologi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, Termiz shahrining faxriy fuqarosi Kyudzo Kato ham ulkan hissa qo‘shgan buyuk darg‘alardan biridir. O‘zbekiston to‘g‘risidagi ko‘plab ilmiy ishlar muallifi bo‘lgan yapon professori mamlakatimizning yaqin do‘sti bo‘lib, o‘zbek xalqini juda sevar edi. U ushbu zaminni o‘zining ikkinchi Vatani deb atardi.
Yapon olimi 25 yildan ziyod vaqt mobaynida O‘zbekiston fanlar akademiyasi va boshqa ilmiy-tadqiqot institutlari bilan samarali hamkorlik qilib, turli loyihalarda qatnashdi, xususan, Surxondaryo viloyatida (Dalvarzintepa, Qoratepa, Xolchayon, Fayoztepa) ko‘plab arxeologik qazishmalar olib bordi. Uning tadqiqotlari natijalari O‘zbekiston tarixi bo‘yicha darsliklarda o‘z aksini topgan.
Davlatimiz rahbarining rasmiy tashrifi kunlari Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi 43-maktabga yapon arxeologi nomi berilishi kutilmoqda.
Ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston va Yaponiya xalqlari o‘rtasidagi chuqur tarixiy va madaniy aloqalar, zamonaviy munosabatlarning erishilgan darajasi, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi va uning yakunlari davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi va samimiy do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlaydi.
"Dunyo" AA