Italiya TIV rahbari bilan uchrashuv
2019-yilning 13-dekabr kuni Rim shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Italiya Respublikasi Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luiji Di Mayo bilan uchrashdi.
Vazirlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Suhbat chog‘ida an’anaviy do‘stlik aloqalarini kengaytirish, “O‘zbeksiton – Yevroittifoq” shaklidagi va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi sherikchilikni mustahkamlash borasida o‘zaro qiziqish mavjudligi ta’kidlandi.
13-dekabrda Rim shahrida ochilayotgan “Italiya – Markaziy Osiyo: o‘zaro anglashuv, hamkorlik va sherikchilikni mustahkamlash” birinchi forumining mavzusi o‘z vaqtida ko‘tarilganligi va tadbirning barcha ishtirokchilari manfaatlariga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston tomoni Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash jarayonida Italiyaning ishtirok etayotganini qo‘llab-quvvatladi.
Turizm va fan-ta’lim sohalaridagi hamkorlikda kuzatilayotgan ijobiy dinamika mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu jihatdan Toshkent shahrida Turin politexnika universiteti filialining muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgani, Yevroittifoqning “Erasmus+” loyihalari doirasidagi hamkorlik, Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi hamda Milan politexnika universiteti qoshidagi Biznes oliy maktabi o‘rtasida menejment va loyihalarni boshqarish sohalarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha samarali aloqalar aytib o‘tildi.
Suhbatda O‘zbekiston-Italiya kun tartibining boshqa dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi.