Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha vazifalar belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 12-dekabr kuni mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishining joriy yilda kutilayotgan natijalarini koʻrib chiqish va 2020-yilda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash vazifalarini belgilashga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Tadbirda yil yakunigacha qolgan qisqa vaqtda amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar muhokama etildi. Xususan, tarmoq korxonalarida mavjud zaxiralarni safarbar qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, neft-gaz, elektr energetikasi, kimyo sanoati va boshqa yirik korxonalarning soliq qarzdorligini bartaraf etish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Investitsiyalarni oʻzlashtirish holati ham tahlil qilindi. Davlatimiz rahbari 31 ta loyiha boʻyicha qoloqlikka yoʻl qoʻyilgani, 8 ta hududiy loyiha samarasiz deb topilganini koʻrsatib oʻtdi.
Yigʻilishda iqtisodiyotda 2020-yil uchun belgilangan asosiy rejalarni taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulot 5,5 foizga, sanoat 6,5, qishloq xoʻjaligi 4 va xizmatlar 5,7 foizga oʻsishi prognoz qilingan.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bankka ushbu koʻrsatkichlarga erishishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni hozirdan toʻgʻri baholab, barcha idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʻjaligida katta rezervlar borligi, bu soha orqali toʻqimachilik, oziq-ovqat va charm-poyabzal sanoati, qayta ishlash tarmoqlarini jadal rivojlantirish mumkinligini taʼkidladi. Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi doirasida kelgusi yili amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.
Sanoat tarmoqlari, eng avvalo, metallurgiya, neft-gaz va koʻmir qazib olish, kimyo, qurilish materiallari, avtomobilsozlik sanoatini barqaror rivojlantirish hisobiga tayyor mahsulotlar hajmini oshirish muhimligi qayd etildi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga iqtisodiyot tarmoqlarini kafolatlangan resurslar bilan taʼminlab, keyingi yilda ularning barqaror ishlashiga zamin yaratish vazifasi qoʻyildi.
Jahonda roʻy berayotgan turli iqtisodiy ziddiyatlar taʼsiriga eʼtibor qaratilar ekan, kelgusi yil murakkab va sinov yili boʻlishi taʼkidlandi. Zarur choralar koʻrib, mahsulot va xizmatlar eksportining joriy yilgiga nisbatan kamida 20 foizga oʻsishini taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Ichki bozorni isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxining asossiz oʻsib ketishining oldini olish, buning uchun mahsulot yetishtirilishidan qayta ishlanib, bozorda sotilguncha boʻlgan jarayonni toʻliq qamrab olgan holda nazorat qilish boʻyicha masʼullar belgilandi.
Rejalashtirilgan 201 ta muhim investitsiya loyihasini oʻz vaqtida ishga tushirish, shuningdek, 2020-2022-yillar uchun moʻljallangan Investitsiya dasturi loyihasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi kichik biznes subyektlari tashkil etish orqali kelgusi yili 400 mingga yaqin ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan. Davlatimiz rahbari mutasaddilarga shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etib, belgilangan rejalarni sifatli bajarish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha hisobotlar tinglandi, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
OʻzА