O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida Axborot
2019-yil 10-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Kengash majlisini ochar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda belgilangan dolzarb masalalarning amalga oshirilishi borasida senatorlarning mas’uliyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisini joriy yil 14-dekabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yalpi majlisda senatorlar mamlakatimiz demokratik taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlarning me’yoriy-huquqiy asosini mustahkamlashga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari hamda muhim masalalarni muhokama qiladi. “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun xujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan.
Bundan tashqari, Senat a’zolari notariat tizimining tubdan isloh qilinishi, ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadigan qonunlarni muhokama qiladi.
Senatorlar tomonidan Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini o‘zgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish hamda ularning chegaralarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axboroti, shuningdek Navoiy viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.
Senatorlar suv ob'yektlariga oqindi suvlarni oqizish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham muhokama qiladi.
Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining yigirma beshinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.
Kengash tomonidan Senat qo‘mitalariga yalpi majlisda muhokama uchun masalalarni tayyorlashda hududiy manfaatlarni himoya qilish, hududlar aholisini tashvishga solayotgan muammolarni ochib berish, shuningdek ularni hal etish bo‘yicha ijro hokimiyati organlari uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqish topshirig‘i berildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati