Byurokratik toʻsiqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va aholini tashvishga solayotgan jiddiy muammolarni aniqlashning butunlay yangicha tizimining joriy etilishi qisqa vaqt ichida fuqarolarning davlat institutlariga ishonchi darajasining ortishiga va davlat xizmatchilari tomonidan oʻziga yuklatilgan ish sohasiga munosabati va masʼuliyatini tubdan oʻzgartirish imkonini berdi.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlillar vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda – davlat organlari va tashkilotlari) eskirgan byurokratik usullarda ish yuritish, shu jumladan, hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish darajasining pastligi, qogʻozbozlik hajmining yuqoriligi, shuningdek, amaliy ahamiyatga ega boʻlmagan koʻplab yigʻilish va majlislar oʻtkazish amaliyoti saqlanib qolayotganligini koʻrsatdi.
Davlat tomonidan tartibga solish va davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini yanada takomillashtirish, maʼmuriy tartib-taomillarni qisqartirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, vazirlik va idoralarning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2020-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining alohida funksiya va vakolatlarini tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalariga 1-ilovaga muvofiq oʻtkazish;
b) 2020-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining quyidagilarni nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlarini chiqarib tashlash:
texnologik, oʻrmon-melioratsiya, agrotexnik, gidrotexnik, sanitariya-texnik tadbirlarni kelishish;
buzilishi uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan, jamoat tartibini saqlash masalalari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi bilan tartibga solinmagan boʻlsa, shuningdek, tabiiy ofat va epidemiyalar bilan kurashish masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilish;
atmosfera havosini ifloslantirishning turgʻun manbalari tomonidan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish boʻyicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida nazarda tutilgan shartlar va talablar buzilishi bilan bogʻliq faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va tugatish masalasida qaror qabul qilish;
oʻrmonlarning holatiga zarar yetkazilgan hollarda tashkilotlar faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish va tugatish boʻyicha qaror qabul qilish;
bozor faoliyatini toʻxtatib turish boʻyicha qaror qabul qilish.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
2020-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari 2-ilovada nazarda tutilgan hujjatlarni fuqarolardan talab qilishi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan ularning berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy boʻlinmalari oʻrtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron koʻrinishda shakllantiriladi va amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyati boʻyicha zarur hisobotlarni real vaqt rejimida tuzish hamda 2021-yil 1-yanvarga kelib qogʻoz koʻrinishidagi blanklar, shakllar va jadvallarni toʻldirishdan toʻliq voz kechish imkonini beradigan Barcha davlat organlari va tashkilotlarida hisobot va hujjat aylanishini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
Davlat organlari va tashkilotlari Barcha davlat organlari va tashkilotlarida hisobot va hujjat aylanishini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasida nazarda tutiladigan muddatlarda hisobot yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini va uning toʻlaqonli ishlashini taʼminlasin.
Belgilansinki, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga hisobot va hujjat aylanishini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish uchun shaxsan javobgar hisoblanadilar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar davlat organlari va tashkilotlarining barcha xodimlari va rahbarlarini belgilangan tartibda elektron raqamli imzolar bilan taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-avgustdagi “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5527-son Farmoniga muvofiq Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaldagi idoralararo kollegial organlarning faoliyati tahlil qilinganligi va samaradorligi baholanganligi, natijasiga koʻra ularni yanada qisqartirish va maqbullashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati hujjatlari bilan tuzilgan 3-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha alohida idoralararo kollegial organlarning ayrimlari vakolatlarini tegishli davlat organlari va tashkilotlariga oʻtkazgan holda, 2020-yil 1-yanvardan boshlab ularni tugatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik
va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar mazkur qarorning
3-ilovasini amalga oshirishga qaratilgan tegishli tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin va bunda quyidagilar nazarda tutilsin:
tugatilayotgan idoralararo kollegial organlarning vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari belgilab berilgan normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazish va oʻrganish;
oʻtkazilgan xatlov va oʻrganish natijalariga koʻra aniqlangan tugatilayotgan idoralararo kollegial organlarning dolzarb vakolatlarini tegishli davlat organlari va tashkilotlariga oʻtkazishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish.
8. Byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (keyingi oʻrinlarda – Akademiya) ikki oy muddatda vaqtni toʻgʻri tashkil etish va undan foydalanish samaradorligini oshirish texnologiyalari (time management), byurokratiya, qogʻozbozlik va yigʻilishlar oʻtkazish amaliyotini bekor qilish boʻyicha oʻquv dasturini ishlab chiqib, Akademiya va uning filiallarida davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va rahbarlari uchun kurslarni kelishilgan muddatlarda tashkil etsin.
10. Belgilansinki:
Akademiya va uning filiallaridagi oʻquv kurslari pullik asosda olib boriladi va ushbu kurslarda ishtirok etish tasdiqlangan kurslar grafigiga kiritilgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va rahbarlari uchun majburiydir;
Akademiya va uning filiallaridagi oʻquv kurslarida oʻqish bilan bogʻliq xarajatlar byudjetdan tashqari mablagʻlar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar, shuningdek, xodimlari kurs tinglovchilari hisoblangan davlat organlari va tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
11. Quyidagilarga:
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalariga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur qaror talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish hamda aniqlangan qoidabuzarliklarni keng yoritish;
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish respublika markaziga davlat organlari va tashkilotlari xodimlari oʻrtasida mazkur qaror talablariga rioya qilish holati boʻyicha anonim soʻrovnomalar oʻtkazish tavsiya etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda uning tarkibiy boʻlinmalari davlat organlari va tashkilotlarida davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida byurokratiyani, qogʻozbozlikni yanada qisqartirish boʻyicha aniq va asoslantirilgan takliflarni kiritgan holda mazkur qaror ijrosi boʻyicha taʼsirchan monitoring va tahlillar olib borsin.
13. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini yoritishga oid maqolalar va telekoʻrsatuvlarni tashkil etsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 9-dekabr