Meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etish choralari belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019-yil 9-dekabr kuni meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan klasterlar tashkil etish, meva-sabzavotlar yetishtirish sifati va eksporti hajmini oshirish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Agrar sohada hosildorlik va mehnat unumdorligini yanada oshirish maqsadida Prezident farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi qabul qilindi. Unda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, qulay agrobiznes muhitini va yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, sohada ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha qator muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida klaster tizimi yaxshi samara bermoqda. Xususan, shuning natijasida paxtachilikka yangi texnologiyalar kirib keldi, hosildorlik oʻtgan yilgiga nisbatan 20-30 foizga koʻtarildi, moddiy manfaatdorlik oshdi. Joriy mavsumda paxta hosilining 73 foizi paxta-toʻqimachilik klasterlari hissasiga toʻgʻri keldi.
Mamlakatimiz meva-sabzavotchilik tarmogʻi ham katta salohiyatga ega. Lekin bundan oqilona foydalanilmayapti.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda yiliga 21 million tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtiriladi. Lekin, ularning bor-yoʻgʻi 1,5 million tonnasi eksport qilinadi.
Chunki tashqi bozorlarda raqobatbardosh boʻlgan mahsulot yetishtirmaymiz. Bogʻ va tokzorlarda hosildorlik juda past. Masalan, xorijiy davlatlarda bir gektar intensiv bogʻdan 70-100 tonna, ayrim mevalardan 130 tonnagacha hosil olinsa, yurtimizda bir gektardan 10-30 tonna, anʼanaviy bogʻ-tokzorlarda esa 4-5 tonna mahsulot olinadi.
Mahsulotni saralash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha 31 ta agrologistika markazi tashkil etilgan. Lekin aylanma mablagʻlar yetishmasligi va doimiy mahsulot yoʻqligi oqibatida ularning aksariyati mavsumiy ishlab, mavjud quvvatlardan bor-yoʻgʻi 10-15 foiz foydalanmoqda, xolos.
Marketing yoʻqligi, jahon bozoridagi holat oʻrganilmasligi oqibatida eksport talablariga javob beradigan mahsulotlar yetarli miqdorda yetishtirilmayapti. Dehqon, qayta ishlovchi va eksportchi korxonalar oʻrtasida tizimli hamkorlik yoʻlga qoʻyilmagan. Mirishkor ekinlarni oʻz bilganicha joylashtirib, yetishtirilgan mahsulotini sota olmayapti, eksportyor esa meva-sabzavot qidirib yuribdi. Bu xorijlik xaridorlar bilan uzoq muddatli hamkorlik qilishga salbiy taʼsir etadi.
Davlatimiz rahbari shu bois meva-sabzavotchilikda ham klaster tizimini yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi. Sohada koʻp yillik tajribaga ega, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash infratuzilmasi bor tadbirkorlarni bunga jalb qilish yaxshi samara berishi qayd etildi.
Mutasaddilarga mahsulot yetishtiruvchi bilan klaster korxonasi oʻrtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, ikki tomonning ham manfaatlarini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Dehqonlarga moddiy resurslar va avans mablagʻlarini oʻz vaqtida yetkazib berish, samaradorligi past bogʻ-rogʻlarni yangilash, hosildorlikni oshirish klasterlarning asosiy vazifasi boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Xorijiy ekspertlarni jalb qilib, klaster tashabbuskorlari uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil qilish, oʻz navbatida, klasterlar tomonidan fermerlar uchun ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash, eksportbop mahsulotlar yetishtirish va hosildorlikni oshirish boʻyicha amaliy seminarlar oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi. Har bir viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida ixtisoslashgan kafedralar tashkil etish yuzasidan koʻrsatma berildi.
Prezidentimiz klasterlar tashkil qilishda ularni aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Faoliyatini yoʻlga qoʻyib olguncha ularga moliyaviy koʻmaklashish, xususan, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan zarur mablagʻlar ajratish choralari belgilandi.
Klasterlar tomonidan tashkil qilinadigan intensiv bogʻ, tokzor hamda issiqxonalarni aholi va tadbirkorlarga imtiyozli shartlar asosida berish, bogʻ-rogʻlar hosilga kirib, egasi daromad koʻrguncha ularga kredit toʻlovlari boʻyicha yengillik yaratish muhimligi qayd etildi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga har bir tumanda yetishtiriladigan mahsulotlar hajmi, turi, sifati va eksportbopligini chuqur tahlil etgan holda, ekinlarni diversifikatsiya qilish vazifasi qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari boʻsh turgan yerlar, samarasiz bogʻ va tokzorlar oʻrnida hosildor plantatsiyalar tashkil etish, meva-sabzavotlarni eksportyorlar talabi asosida yetishtirish va eksportni kengaytirish asosiy vazifa boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari va viloyat hokimlari axborot berdi.
O'zA