Ozod va erkin hayotimizning mustahkam poydevori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi munosabati bilan 2019-yil 7-dekabr kuni “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda davlat va jamoat arboblari, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport namoyandalari, keng jamoatchilik, yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu qutlugʻ ayyom bilan muborakbod etib, Asosiy Qonunimizda belgilangan fuqarolarning huquq va manfaatlari, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlidagi ustuvor yoʻnalishlar haqida maʼruza qildi.
Oʻzbekiston yangi taraqqiyot yoʻlidan olgʻa ildamlamoqda. Barcha sohada jadal surʼatda olib borilayotgan islohotlar, avvalo, xalqimiz farovonligini yuksaltirishni maqsad qilgan. Oʻziga xos yil sarhisobiga aylangan Konstitutsiya bayramida yakunlanayotgan yilda bajarilgan ishlar koʻz oldimizdan oʻtadi, nimalarga erisha oldigu, qaysi vazifalarni uddalashda sustkashlikka yoʻl qoʻyildi, degan savol koʻndalang boʻladi.
Davlatimiz rahbari oʻz maʼruzasida shu masalaga eʼtibor qaratdi. Mamlakatimizda qonuniylikni taʼminlash, davlat va jamiyat boshqaruvida, kundalik hayotimizda ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini qaror toptirish, xalqimizni rozi qilish borasidagi vazifalarga toʻxtaldi.
Asosiy Qonunimizda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida belgilangan. Mamlakatimizda bundan uch yil oldin xalq bilan muloqotning mutlaqo yangi shakli – Xalq qabulxonalari tashkil etilgani fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidlash joiz. Bugun barcha darajadagi davlat idoralarida murojaatlar bilan ishlash, odamlarni tinglash, muammolarini hal etish birinchi darajali masalaga aylandi. Odamlarda adolatga, qonun ustuvorligiga ishonch ortdi. Eng muhimi, yurtdoshlarimizda yon-atrofidagi muammolarga, ijtimoiy jarayonlarga nisbatan daxldorlik tuygʻusi kuchaydi.
Lekin shu bilan birga qonunlarning mukammal ishlashi, shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlar toʻla roʻyobga chiqishi, soddaroq aytganda, islohotlar hayotimizda oʻz ifodasini topishi uchun fuqarolarda huquqiy ong va madaniyat shakllangan boʻlishi zarur. Fuqarolarda, barcha boʻgʻindagi rahbarlarda Konstitutsiya va qonunlarga itoat tuygʻusi qaror topsagina jamiyatimiz oʻzgaradi, hayotimiz yanada farovon boʻladi.
Prezidentimiz oʻz maʼruzasida qonun ustuvorligini taʼminlash demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ishlab chiqayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq boʻlishi shartligini alohida taʼkidladi. Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan samarali vosita yoʻq ekani, qonuniylikni qaror toptirish, qonun buzilishiga qarshi kurashish borasida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari “uygʻongani” qayd etildi.
Jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni uzluksiz davom ettirish, bu boradagi koʻnikmalarni farzandlar tarbiyasiga bolalikdan singdirish kerakligiga eʼtibor qaratildi.
Bosh qomusimizda belgilangan insonparvar tamoyillar toʻla amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yillarda Prezidentimizning jinoyat sodir etganlarni afv etish boʻyicha 8 ta farmoni qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni oʻtash joylaridan ozod qilindi.
Konstitutsiya bayrami arafasida davlatimiz rahbari yana bir shunday farmonga imzo chekdi. Unga binoan, jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 92 nafar mahkum afv etildi. Joriy yilda Jasliq qoʻrgʻonidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani ham insonparvar siyosatning amaliy namunasi boʻldi.
Oʻtgan uch yilda 9 ming 692 nafar, jumladan, bu yil 5 ming 868 nafar shaxs Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yoʻlida ogʻishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirish zarurligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Bayram tantanasiga yigʻilganlar qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, Mustaqilligimiz qoʻshigʻiga joʻr boʻldi.
Bugungi shiddatli davrda oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erishishda, xalqimiz uchun hech kimdan kam boʻlmagan hayot barpo etish, iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish, eng muhimi, mamlakatimizning rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan joy olishida mustaqil taraqqiyotimiz, ozod va erkin hayotimizning mustahkam poydevori boʻlgan Konstitutsiyamiz beqiyos kuch-qudrat manbai boʻlib xizmat qilaveradi.
Tantanali marosimda yurtimiz sanʼat ustalari va yosh ijrochilar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
O'zA