Oʻzbekiston Prezidentining mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi xodimlariga tabrigi
Qadrli vatandoshlar!
Muhtaram dehqon va fermerlar!
Avvalo, barchangizni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni qutlugʻ ayyom – Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Hammamizga yaxshi ayonki, qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotning eng qadimiy, hech qachon oʻz oʻrni va ahamiyatini yoʻqotmaydigan tayanch tarmoqlaridan biridir.
Ana shunday muhim sohaning zalvorli yukini oʻz yelkasida koʻtarib kelayotgan mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, oʻz ishining haqiqiy ustasi boʻlgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va mutaxassislarni dunyodagi eng olijanob kasb egalaridir, desak, ayni haqiqat boʻladi.
Chindan ham, buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, har erta bahorda yerga urugʻ qadab, rizq yoʻlini ochadigan, xonadonlarimizdagi toʻkinlik va fayzu baraka sababchisi boʻlgan sizdek fidoyi insonlarga har qancha tasannolar aytsak arziydi.
Ushbu bayram munosabati bilan sizlarni qutlar ekanmiz, bu yilgi mashaqqatli mehnatingiz, erishilgan natijalar va oldimizda turgan rejalar haqida atroflicha toʻxtalishimiz tabiiydir.
Avvalo sayyoramizdagi global iqlim oʻzgarishlari hamda mintaqamizdagi ekologik muammolar oqibatida qishloq xoʻjaligida har yili ilgari koʻrilmagan yangi-yangi sinov va qiyinchiliklar paydo boʻlayotganini qayd etish lozim.
Lekin koʻpni koʻrgan, doimo yer bilan tillashib, dardlashib yashaydigan dehqon va fermerlarimiz ana shunday murakkab sharoitda ham omilkorlik bilan, boy bilim va tajribasi, ilm-fan yutuqlarini ishga solib, moʻl hosil yetishtirishga muvaffaq boʻlmoqdalar.
Joriy yilda sizlarning peshona teringiz bilan 7 million 130 ming tonna gʻalla, 2 million 845 ming tonna paxta, 19 ming 600 tonna pilla, 21 million tonna meva-sabzavot, 400 ming tonna sholi, 2 million 600 ming tonna goʻsht va 11 million tonna sut mahsulotlari, 8,1 milliard dona tuxum olingani bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi.
Hozirgi vaqtda dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish dolzarb masala boʻlib borayotgani sir emas.
Shuning uchun ham biz iqtisodiyotimizni, jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat ekinlari yetishtirishga alohida eʼtibor bermoqdamiz.
Bu haqda soʻz yuritganda, keyingi toʻrt yilda hosildorligi past boʻlgan 300 ming gektar paxta va gʻalla maydonlari oʻrniga meva-sabzavot va ozuqa ekinlarini yetishtirish yoʻlga qoʻyilib, jumladan, 32 ming gektar yerda intensiv bogʻlar, 15 ming gektarda tokzorlar, 2 ming gektarda zamonaviy issiqxonalar barpo etilgani, 114 ming gektarda sabzavot va kartoshka, 72 ming gektarda dukkakli va moyli ekinlar, 52 ming gektarda ozuqa ekinlari yetishtirilayotganini taʼkidlash lozim.
Bugungi kunda yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligi subyektlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarda bozor tamoyillarini, fan va texnikaning ilgʻor yutuqlarini jadal joriy etish, ekologik toza va eksportbop mahsulotlar yetishtirish orqali dehqonlar daromadini koʻpaytirish borasida olib borayotgan tizimli islohotlarimiz sizlarga yaxshi maʼlum, albatta.
Natijada bu yil qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan jami 217 trillion 700 milliard soʻm yoki oʻtgan yilga nisbatan 12 foiz koʻp foyda olindi.
Yerni haqiqiy egasiga berish, ayniqsa, mahsulot yetishtirishdan tortib, uni sotishgacha boʻlgan agrobiznesning yaxlit zanjirini oʻz ichiga qamrab olgan klaster modelini va kooperatsiya tizimini toʻliq yaratishga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda.
Joriy mavsumda paxta hosilining 73 foizi paxta-toʻqimachilik klasterlari hissasiga toʻgʻri kelgani, xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Andijon, Xorazm, Namangan, Toshkent, Buxoro viloyatlarida erishilgan yuksak marralar bu tizimning qanchalik samarali ekanini amalda isbotlamoqda.
Shuningdek, Yozyovon, Qoʻshtepa, Rishton, Toshloq, Jalaquduq, Qoʻrgʻontepa, Paxtaobod, Amudaryo, Beruniy, Ellikqalʼa, Xiva, Xonqa, Yangibozor, Mingbuloq, Pop, Chust, Quyichirchiq, Chinoz, Oqqoʻrgʻon, Qorakoʻl, Olot, Vobkent, Doʻstlik, Narpay kabi oʻnlab tumanlarda ushbu tizim asosida paxtadan moʻl hosil yetishtirildi.
Shularning barchasini hisobga olib, biz keyingi yildan boshlab paxta yetishtirishni toʻliq – 100 foiz klaster usuliga oʻtkazishga qaror qildik. Shu bilan birga, gʻallachilik, meva-sabzavotchilik, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik va pillachilik klasterlarini tashkil qilish ishlarini izchil davom ettiramiz.
Birinchi marta boshoqli don ekinlaridan yuqori hosil yetishtirishni ragʻbatlantirish tizimi joriy etilgani oʻzining ulkan ijobiy samarasini berdi. Andijon, Fargʻona, Qashqadaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlarida hosildorlik gektariga 65-67 sentnerga yetgani ana shunday yangicha yondashuvning mahsuli boʻldi.
Eng muhimi, 3 million 800 ming tonna gʻalla dehqon va fermerlar ixtiyorida qoldirilgani ushbu mavsumning asosiy natijasi, desak, toʻgʻri boʻladi.
Coʻnggi yillarda meva-sabzavotchilikda amalga oshirilayotgan islohotlar ham oʻz natijasini bermoqda. Bu yil 1,3 milliard AQSH dollari qiymatidagi 1,5 million tonna meva-sabzavot eksport qilingani, hech shubhasiz, tarmoq rivojida salmoqli oʻrin tutadi.
Dehqon va fermerlarimizni yillar davomida oʻylantirib kelayotgan masala – bu yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini nobud va isrof boʻlishiga yoʻl qoʻymasdan, sifatli qayta ishlab, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish bilan bogʻliq.
Joriy yilda bu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, 1 trillion 37 milliard soʻm investitsiya mablagʻlari jalb etildi. Buning hisobiga 254 ming tonna quvvatga ega boʻlgan 180 ta meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va logistika markazlari barpo etildi. Bu orqali 54 ming qoʻshimcha ish oʻrni yaratildi.
Hozirgi vaqtda yurtimizda meva-sabzavot mahsulotlarining 3,5 million tonnasi qayta ishlanib, 350 million dollarlik tayyor mahsulot chetga sotilmoqda.
Biz kelgusi yilda meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini 2,5 milliard dollarga, yaqin uch yilda esa 5 milliard dollarga yetkazishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz. Buning uchun Ispaniya, Niderlandiya, Polsha, Gretsiya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Vyetnam, Indoneziya kabi davlatlarning eng ilgʻor tajribalari keng qoʻllanilmoqda.
Qimmatbaho xomashyo boʻlgan ipak yetishtirishning yangicha tizimi yoʻlga qoʻyilishi natijasida bu yil birinchi marta pilladan yiliga toʻrt marta hosil olishga erishdik. Endigi vazifa – bu muvaffaqiyatli tajribani keng qoʻllashdan iborat.
Keyingi yillarda chorvachilikni isloh qilish, jumladan, sohaning boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish borasida bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Shu tariqa respublika, viloyat, tuman va fermer xoʻjaliklari boʻyicha chorvachilik sohasida vertikal boshqaruv tizimi yaratildi.
Respublikamizda sut va goʻsht ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mingdan ziyod yirik chorvachilik komplekslari ishga tushirildi. Yakunlanayotgan yilda esa bu yoʻnalishda 1,2 trillion soʻmlik 600 ta loyiha amalga oshirildi. Chorvachilikni rivojlantirish uchun qulay boʻlgan Ohangaron, Taxtakoʻpir, Qoʻngʻirot, Boʻzatov, Moʻynoq tumanlari shu sohaga ixtisoslashtirildi va klaster usulida rivojlanishi yoʻlga qoʻyildi.
Oxirgi 20 yilda eʼtibordan ancha chetda qolib ketgan baliqchilik tarmogʻiga alohida eʼtibor qaratishimiz natijasida bu yil 580 ming gektar tabiiy va 28 ming gektar sunʼiy koʻllarda 200 ming tonna baliq yetishtirildi.
Yana bir ustuvor yoʻnalish – asalarichilikni rivojlantirish maqsadida tuzilgan Oʻzbekiston asalarichilar uyushmasiga 14 mingdan ortiq tadbirkor aʼzo boʻlib kirdi va joriy yilda 19 ming tonna asal yetishtirildi.
Irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarining barcha xarajatlari toʻliq davlat byudjeti hisobidan qoplanayotgani dehqon va fermerlarimiz uchun katta madad boʻlib, ekinlardan moʻl hosil olish imkonini bermoqda.
Ekin maydonlarini suv bilan kafolatli taʼminlash maqsadida bu yil davlat byudjetidan 1 trillion 328 milliard soʻm yoki 2018-yilga nisbatan 1,8-marta, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun esa 645 milliard soʻm yoki 1,2 barobar koʻp mablagʻ ajratildi. Bundan tashqari, yil oxirigacha xalqaro moliya institutlarining 126,8 million dollar yoki 2018-yilga nisbatan qariyb 3 barobardan ziyod kreditlari oʻzlashtiriladi.
Jonajon Oʻzbekistonimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga koʻtarish vazifasi va jahonda oziq-ovqat mahsulotlariga talab oshib borayotgani agrar sohani tubdan isloh qilishni, unga bozor mexanizmlari, ayniqsa, innovatsion va tejamkor texnologiyalarni, investitsiyalarni keng jalb qilishni taqozo etmoqda.
Shundan kelib chiqib, bu yil qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish Konsepsiyasi va sohani kelgusi 10 yillikda rivojlantirish boʻyicha Strategiyani qabul qildik.
Qoʻlga kiritilgan yutuqlar haqida gapirganda, siz, mirishkor fermer va dehqonlar, soha xodimlarining sidqidil va fidokorona mehnatingizni, butun umrini qishloq xoʻjaligi rivojiga bagʻishlagan minglab aziz vatandoshlarimizning nomlarini faxr ila tilga olamiz.
Shu oʻrinda 11 mingdan ziyod fermer xoʻjaligi 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tomonidan boshqarilayotgani, 5 ming 600 ta fermer xoʻjaliklariga xotin-qizlarimiz rahbarlik qilayotganini taʼkidlashni istardim. Bu bizning qishloq xoʻjaligi sohasidagi ulkan boyligimiz, oltin fondimiz, desak, hech qanday xato boʻlmaydi.
Kelgusida sohani barqaror rivojlantirishga qaratilgan kompleks dasturlarni tatbiq etish, zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda mahsulot yetishtirish turlari va eksport hajmlari ortishini taʼminlash ustuvor maqsadlarimiz boʻlib qolaveradi.
Tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, sohani zarur texnikalar bilan taʼminlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish ishlarini yaxshilash, ilgʻor bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash faoliyatini takomillashtirishga eʼtiborni yanada kuchaytiramiz.
Mavsum oxirlab, yil yakunlari sarhisob qilinayotgan mana shu ayyomda sizlarga, barcha qishloq ahliga olijanob mehnatingiz uchun yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman.
Hayot sinovlarida toblangan, mard va matonatli fermerlarimiz, barcha qishloq xoʻjalik xodimlari bundan buyon ham xalqimiz farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdek gʻoyat masʼuliyatli vazifani ado etishda butun kuch-gʻayrat va imkoniyatlarini safarbar etadilar, deb ishonaman.
Muhtaram dehqon va fermerlar!
Qishloq xoʻjaligi sohasida halol va fidokorona mehnat qilayotgan aziz va qadrli yurtdoshlar!
Sizlarni yana bir bor ushbu shukuhli va fayzli bayram bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etaman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, masʼuliyatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga qut-baraka va xotirjamlik hamisha yor boʻlishini tilayman.
Shavkat MIRZIYOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti