Markaziy Osiyo davlatlari umummintaqaviy masalalarni hamkorlikda hal etishga intilmoqda
Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahrida 29-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi yakunlari xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy doiralari, ekspert-tahlil hamjamiyatlari va ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilinmoqda. Rossiya, AQSH, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarida Toshkent sammiti natijalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqa taraqqiyoti yoʻlida yangi formatdagi muloqotni tashkil qilish toʻgʻrisidagi tashabbusi ahamiyati haqida soʻz yuritilmoqda.
Xususan, tashqi siyosat, xalqaro xavfsizlik va iqtisodiyot sohalaridagi masalalarni oʻrganuvchi Karnegi fondining Moskva markazi tomonidan mashhur siyosatchi, Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari boʻyicha mutaxassis A.Dubnovning Toshkent sammitiga bagʻishlangan maqolasi chop etildi.
Muallif maqolada Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi mintaqada oʻtkaziladigan boshqa koʻp qirrali tadbirlar ichida alohida, muhim siyosiy ahamiyatga ega ekaniga eʼtibor qaratadi.
Unda quyidagilar qayd etiladi: “Mintaqa davlatlari rahbarlari ilk bor Markaziy Osiyo muammolarini doʻstona va konstruktiv ruhda muhokama qilishga tayyor ekanini namoyish etishdi. Bu, oʻz navbatida, mintaqaviy saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish avvalgi urinishlarga qaraganda muvaffaqiyatli boʻlishiga umid uygʻotadi”.
Siyosatchining fikricha, Toshkent sammiti ishtirokchilari tarkibining oʻzi tadbirning ahamiyatidan, muhimligidan dalolatdir. Qozogʻiston Respubliksi poytaxti Nur-Sulton shahri (avvalgi Ostona)da 2018-yilda oʻtkazilgan ushbu formatdagi birinchi uchrashuvdan farqli tarzda, Oʻzbekistonda tashkil etilgan sammit toʻliq tarkibda, yaʼni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirokida boʻlib oʻtdi. Sammitda Qozogʻiston nomidan mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi.
A.Dubnov sammitning yana bir oʻziga xos jihatini qayd etadi: "Ushbu muloqot formati muntazamlik xususiyatiga ega. Toshkent sammiti mezboni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maʼlum qilganidek, uchinchi Maslahat uchrashuvi kelgusi yil Bishkek shahrida oʻtkaziladi”.
Siyosatchi “Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun umumiy muhokamalar platformasini yaratishga boʻlgan urinishlar ilgari ham boʻlgan edi”, deya tarixiy voqealarni yodga oladi.
1994-yilda tarkibida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston boʻlgan Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati tashkil etilgan edi. Sakkiz yildan soʻng, 2002-yilda Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti paydo boʻldi va 2004-yilda unga Rossiya aʼzo boʻldi. Bir yildan soʻng tashkilot Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati tarkibiga kiradi.
Muallif, avvalgi tajribadan kelib chiqib “Nima uchun mintaqadagi sobiq ittifoq davlatlarini muvofiqlashtirish boʻyicha joriy intilishlar muvaffaqiyatli kechadi, deya umid qilish kerak?” degan savolni oʻrtaga tashlaydi.
Javob maqolaning keyingi satrlarida bayon qilinadi. A.Dubnovning taʼkidlashicha, Toshkent tutumiga koʻra, mintaqada “tuzilma emas, muloqot maydonchasi” tashkil etilmoqda. Bu mintaqa mamlakatlar uchun suv-energetika, xavfsizlik, oʻzaro savdo va gumanitar sohalardagi muhim masalalarni ishonchli tarzda muhokama qilish imkonini beradi”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev insonlarning erkin harakatlanishi va yuklarning bemalol tashilishida toʻsiq boʻlayotgan chegara tartiblarini bekor qilish, oʻtkazish punktlaridagi rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirishni nazarda tutgan holda, “toʻsiqsiz” Markaziy Osiyoni shakllantirishga boʻlgan intilishini maʼlum qildi.
Maqola muallifining fikricha, mintaqani birlashtirish boʻyicha avvalgi saʼy-harakatlardan farqli oʻlaroq, bugungi kunda Markaziy Osiyoda buning uchun qulay sharoit yaratilgan.
A.Dubnov ilgari “Har bir davlat oʻzicha yashar edi. Ular oʻzi uchun xorijiy andozalarni yaratib olgan va shular orqali farovonlikka erishishga umid qilardi”, “Ittifoqdan meros boʻlib qolgan delimitatsiya qilinmagan chegaralar madaniy munosabatlarni oʻrnatish yoʻlidagi asosiy toʻsiq boʻldi”. Mintaqa mamlakatlari oʻrtasida boshqa tortishuv va ziddiyatlar ham yuzaga keldi, degan qarashlarini bildiradi.
“Shunday boʻlsa-da, Markaziy Osiyo hamkorligining bosh asoschisi hisoblangan Oʻzbekiston umidsizlikka tushmadi. Mintaqaviy hamkorlik masalasi mamlakatning amaldagi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ustuvor maqsadlaridan biriga aylandi”.
Ekspert «Shavkat Mirziyoyev mintaqada Oʻzbekiston siyosatini keskin oʻzgartirdi va buning uchun noodatiy yondashuvlarga ham tayyor edi”, deb qayd etadi.
Siyosatchining fikricha, barcha saʼy-harakatlar tufayli Toshkent sammiti qarama-qarshi va begonalashish kayfiyatidan mutlaqo ozod boʻlish imkonini berdi. Davlatlar rahbarlari oʻz muammolari boʻyicha tushuntirish berishga tayyor ekanini koʻrsatdilar. Bu, avvalo, mintaqa mamlakatlari xavotiriga sabab boʻlayotgan Markaziy Osiyo suv-energetika resurslari masalalariga taalluqli.
«Boshqa masalalar ham tinch yoʻl bilan va konstruktiv tarzda muhokama qilindi. Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim muammo sifatida qayd etildi. 2025-yilga kelib mintaqa aholisining 78 millionga yetishini inobatga olgan holda ish oʻrinlari yaratish ishlarini jadal tusda olib borish zarurligi taʼkidlandi. Xavfsizlik sohasida hamkorlik, iqtisodiyotda “qoʻshimcha qiymat zanjirini shakllantirish”ga qaratilgan kooperatsiya loyihalari haqida soʻz bordi”.
Shavkat Mirziyoyev Toshkentda mintaqa mamlakatlari uchun investitsiyaviy forum tashkil etish taklifini ilgari surdi. Hatto, Markaziy Osiyoning yagona turistik brendini yaratish zarurligi taʼkidlandi. Bir soʻz bilan aytganda, bularning barchasini oldingi yillardagi muvaffaqiyatsiz urinishlardan soʻng yangilanib borayotgan Markaziy Osiyoning oʻziga xosligini topish yoʻlidagi saʼy-harakatlar deb atash mumkin”.
A.Dubnovning fikricha, ushbu vaziyatda muvaffaqiyatlar garovi masalasiga oydinlik kiritish dolzarbligicha qolmoqda.
U “Sammit konstruktiv ruhda oʻtgani qayd etilmoqda, uni haqiqatdan ham muvaffaqiyatli deb atasa boʻladi. SSSR parchalangach, mintaqada bu kabi hodisa hali roʻy bermagan edi”, deb qayd etadi. Shuningdek, mintaqa davlatlarining samarali hamkorligiga umid bilan qaraydi.
Siyosatchi Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi formati qandaydir yangi mintaqaviy tashkilot tuzish haqida gapirishga asos boʻla olmaydi”, degan gaplaridan iqtibos keltiradi. Shuningdek, ushbu formatdagi muloqot kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilmaganini aytadi. Markaziy Osiyo umummintaqaviy masalalarni birgalikda hal qilishga intilayotganini bildiradi. Mintaqaning buguni va ertangi kuni, barqarorligi ham shunga bogʻliq ekanini alohida qayd etadi.
OʻzA