Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Toshkentda 29-noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tarixiy sammitda uchrashdi. Bu 2018-yil mart oyida Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan ilk uchrashuvdan keyingi davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchashuvi boʻldi. Mazkur formatdagi muloqotni oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgandi.
Toshkent sammiti Oʻzbekistonda oʻtkazilgan bu kabi tadbirlardan birinchisi boʻldi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.
Koʻp qirrali muzokaralarda mintaqa davlatlarining umummadaniy merosini oʻrganish, targʻib qilish kun tartibidagi masalalardan biri sifatida qayd etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolariga ilm-fan, madaniyat va sanʼat sohalaridagi ulkan yutuqlari uchun topshiriladigan “Markaziy Osiyo mukofoti”ni taʼsis etishni taklif etdi. Kuchli mintaqaviy oʻxshashlikni fuqarolarning milliy oʻziga xosligi bilan uygʻunlashtirish mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani mustahkamlash jarayonida muhim qadamlardan hisoblanadi. Mazkur tashabbuslar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning universitetlar forumi, mintaqaviy sport tadbirlarini oʻtkazishga doir takliflari Markaziy Osiyoda mushtarak tarix, til, diniy merosga asoslangan yagona rivojlanishni shakllantirishning samarali usullaridandir.
Maslahat uchrashuvida iqlim oʻzgarishi masalalarining muhim ahamiyat kasb etishi barcha davlatlar rahbarlari tomonidan alohida eʼtirof etildi. Tadbirda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga alohida eʼtibor qaratildi. Davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlikning ulkan salohiyati va uni rivojlantirish iqtisodiyot va energetika sohasini diversifikatsiya qilishga bogʻliq ekanini alohida taʼkidladi.
Shu maʼnoda Oʻzbekiston rahbari mintaqaning gidroenergetika, quyosh va shamol energiyasi salohiyati yuqoriligini inobatga olib, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, qoʻshma infratuzilmaga oid loyihalarni oʻrganishga tayyor ekanini bildirdi. Bunday bayonotlar mintaqaviy munosabatlarning rivojlanishida ishonchli belgilardan biri boʻlib, global iqlim oʻzgarishlari sharoitida muhimdir.
Uchrashuvda qurgʻoqchilik va suv resurslari muammolarini hal qilishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. Qirgʻiziston rahbari Sooronbay Jeenbekov togʻlarda qorlarning erishi bilan bogʻliq muammoni va uning mintaqadagi daryolar sathiga koʻrsatadigan salbiy taʼsiri haqida fikr bildirdi. U mintaqadagi 45 foiz tabiiy suv resurslarining manbasi ushbu mamlakatda joylashgani, zarur choralar koʻrilishi kerakligini taʼkidladi.
Yaqin vaqtgacha suv masalasiga mintaqadagi keskinlik, ishonchsizlikni yuzaga keltirgan tahdid sifatida qaralardi. Ushbu muammoga yechim ana shu turdagi Maslahat uchrashuvlari chogʻida umumiy manfaatlardan kelib chiqib topilsa, Markaziy Osiyo umumiy mintaqaviy hamkorlikning samaralarini dunyoga namoyon etgan boʻladi. Atrof-muhitga doir hamkorlik Yevropa Ittifoqi tomonidan ham qoʻllab-quvvatlanmoqda. Zero, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasida ushbu mavzuga salmoqli oʻrin ajratilgan.
Shuningdek, Toshkentda boʻlib oʻtgan Maslahat uchrashuvida Afgʻoniston masalasi ham eʼtibor markazida boʻldi. Afgʻon millati Markaziy Osiyoning uch davlati bilan bevosita chegaradosh. Bu esa xavfsizlik va chegaralarni boshqarish masalalari boʻyicha xavotirlarga sabab boʻlmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Afgʻonistonning ahamiyatini qisqa va oʻrinli tarzda qayd etdi: “Afgʻoniston bizning mintaqamizning uzviy bir qismidir. Ushbu mamlakatga tinchlik va taraqqiyot yoʻliga qatʼiy qadam qoʻyishi uchun yordam berish barchamizning umumiy manfaatlarimizga toʻliq mos keladi”.
Oʻzbekiston Prezidenti Afgʻonistonning mintaqaviy savdo-iqtisodiy munosabatlarda faol ishtirok etishini yoqladi. Davlat rahbarlarining kelgusi maslahat uchrashuvlari va boshqa mintaqaviy sammitlarga Afgʻonistonni kuzatuvchi sifatida taklif etishi xalqaro miqyosdagi doʻstlikni kengaytirish yoʻlidagi salmoqli harakat boʻlar edi.
Markaziy Osiyo mintaqasi jadal surʼatlar bilan oʻzaro bogʻliq holda rivojlanayotgan hududga aylanib bormoqda. Ushbu vaziyatda tovarlar, xizmatlar va kapital aylanmasidagi toʻsiqlarni bartaraf etish yanada ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu davrda mintaqaviy hamkorlik Markaziy Osiyoga savdo va investitsiya oqimlarini oshirish, global zanjirga integratsiyalashish imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanish imkonini beradi. Bundan tashqari, savdo, energetika va transport yoʻlaklarini boshqarish, chegarlardan oʻtish tartibi va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish boʻyicha qoʻshma yondashuv zarur. Logistika va savdo qoidalari, infratuzilma standartlarini uygʻunlashtirish dengizga chiqish imkoniga ega boʻlmagan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun dolzarb hisoblanadi.
Yuksak darajadagi mustahkam muloqot Markaziy Osiyoda istiqboldagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mintaqa duch keladigan jiddiy xavflar ham shu tariqa, yaʼni hamkorlikdagi saʼy-harakatlar yordamida hal etilishi lozim.
Shu tariqa davlat rahbarlari 2020-yilda Qirgʻizistonda uchrashishga kelishib, qoʻshma bayonot qabul qildilar. Yaqin kelajakda hujjatdagi masalalar ijrosi turli tadbirlar, amaliy harakatlar va “yoʻl xaritalari”, shuningdek, vazirlar darajasidagi uchrashuvlari orqali amalga oshiriladi.
Ayrim ekspertlarda mintaqa davlatlarining xalqaro tashkilotlarga turlicha aʼzolik shakllari ular hamkorligiga qanday taʼsir koʻrsatadi, degan savol tugʻilmoqda. Bunga javob shunday – turli mintaqaviy tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha tafovut, chuqur va yaqin tarixiy, siyosiy va madaniy aloqalarga ega boʻlgan hamfikr davlatlar oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlikka toʻsqinlik qilmaydi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda mintaqada hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha zarur sharoit mavjud. Bugungi kunda mamlakatlar rahbarlari umumiy vazifalarni hal etishda mintaqaviy yondashuvlarni qabul qilishga, mintaqa xalqlari ehtiyojlarini eʼtiborga olib, ezgu orzular sari hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishga tayyordir.
Kalum TOMSON,
Yevropaning Osiyo tadqiqotlari instituti (EIAS)
kichik ilmiy xodimi,
Alberto TURKSTRA,
EIAS dasturi direktori
OʻzА